AQSH Ukrainani Rossiya hududiga zarba berish oqibatidan ogohlantirdi – OAV

Olam 23063
image

Amerika Qo‘shma Shtatlari Ukrainani Rossiya hududiga zarba berish harbiy mojaroning avj olishiga sabab bo‘lishi haqida ogohlantirdi. Bu haqda “Reuters” xabar bermoqda. 

Agentlikning ta’kidlashicha, Vashington va Kiyev o‘rtasidagi ushbu mavzudagi muloqot “juda nozik xususiyatga ega” va “eskalatsiya xavfi borasida hamfikrlikka” erishishga qaratilgan.

Nashr AQSHning ismi oshkor etilmagan uchta rasmiysi hamda diplomatik manbalarga tayangan. Agentlik ma’lumotlariga ko‘ra, Qo‘shma Shtatlar Ukraina tomonidan olingan qurollardan foydalanishga “aniq geografik cheklovlar qo‘ymaydi”. Shu bilan birga Vashington Kiyevni “Rossiyaning ichkarisidagi” hududga hujum qilishdan ogohlantirgan.

“Biz (harbiy mojaroning kuchayishidan – tahr.) xavotirdamiz, lekin baribir geografik cheklovlar o‘rnatishni yoki ularning qo‘llarini ortiqcha bog‘lashni istamayapmiz”, deydi amerikalik amaldorlardan biri.

Boshqa bir manba Ukrainaning o‘z tuprog‘ida “ko‘plab nishonlari borligini” va shuning uchun Kiyev uzoq masofali qurollarga ega bo‘lishni xohlayotganini aytgan. 

Ukraina Mudofaa vazirligi va Pentagon bu ma’lumotga hozircha izoh bermadi.

Rossiya-Ukraina urushi

Joriy yilning 21 fevral kuni Rossiya Prezidenti Vladimir Putin Kremlda Ukraina sharqidagi o‘zini mustaqil deb e’lon qilgan Lugansk xalq respublikasi (LXR) va Donetsk xalq respublikasini (DXR) tan olish to‘g‘risidagi farmonni imzoladi. Keyinroq RF respublikalarni shu nomdagi viloyatlar chegarasida tan olganini ta’kidlab, Ukrainaga qarshi urush xavfini oshirib yubordi.

Putinning favqulodda qarori ortidan AQSH, YeI, Kanada, Avstraliya, Buyuk Britaniya va Yaponiya rasmiylari ham Rossiyaga qarshi sanksiyalar kiritdi.

24 fevral kuni Rossiya Prezidenti Vladimir Putin Ukraina sharqida Donbassda rus harbiylari "maxsus harbiy operatsiya" boshlaganini e’lon qildi va rus qo‘shinlari Ukrainaga hujum boshladi. Putin bu harakatini Ukraina sharqidagi rossiyaparast separatist kuchlar rahbarlari shunday so‘rov yuborgani bilan oqladi.

Bundan avvalroq Zelenskiy Rossiya fuqarolariga rus tilida murojaat qilib, ukrainlarga “na sovuq, na issiq, na gibrid urush kerak emas”ligini, ukrainlar hujumchilarni kutib olishga tayyorligini bildirgandi. Ko‘p o‘tmay Prezident Rossiya bilan diplomatik aloqani uzdi. Prezident Zelenskiy mamlakatda harbiy holat e’lon qildi.

25 fevral kuni Zelenskiy Ukrainada umumiy harbiy safarbarlik e’lon qildi. Armiyaga chaqiruv mamlakatning qator viloyat va shaharlarida amalga oshirilishi belgilandi.

Rus qo‘shinlari hozirgacha Ukrainaga shimol, sharq va janubdan hujum qilib kelmoqda va qator hududlarni egallashga erishdi. Ammo bu urush Rossiyaning dunyoda yakkalanib qolishiga olib keldi.

Ukrainaga hujum boshlanishi Rossiya iqtisodiga og‘ir zarba berdi. Rus kompaniyalari aksiyalari keskin arzonlashdi, Moskva birjasida savdolar mislsiz darajada pasayish bilan o‘tdi. Gazprom, LUKOYL va boshqa yirik kompaniyalar yo‘qotishlarga uchradi.

Hujum boshlangach, Yevropa davlatlari va AQSH Rossiyaga qarshi bir necha bosqichli sanksiyalar joriy qildi. Rossiyaning VTB, “Rossiya” banki, “Otkritiya”, “Novikombank”, “Promsvyazbank”, “Sovkombank” va VEB.RF banklari SWIFT xalqaro banklararo tizimidan uzildi. AQSH va Yevropa Ittifoqi Rossiyaning oltin-valyuta zaxirasini blokladi.

Yevropa davlatlari, AQSH, Kanada Rossiya uchun o‘z havo hududini yopdi. Bu sanksiyalarga neytral davlat hisoblangan Shveysariya ham qo‘shildi. Urush fonida Ukrainani Yevropa Ittifoqi a’zoligiga qabul qilish jarayoni tezlashdi.

Sunnatilla Abdullayev
Maqolaga baho bering
Baholaganlar: 37
Reyting: 2.9
t
×