AQSH Ukrainaga yordamni tajovuzning miqyosiga ko‘ra o‘zgartirmoqchi
Olam
−
01 iyun 2022
10441Qo‘shma Shtatlar rasmiylari Kiyevni o‘zini himoya qilish uchun zarur bo‘lgan barcha narsalar bilan ta’minlash niyatida, Amerika harbiy yordami konfiguratsiyasi jang maydonidagi vaziyatga qarab o‘rnatiladi. Bu haqda bugun, 1 iyun kuni AQSH Davlat kotibi Entoni Blinken NATO Bosh kotibi Yens Stoltenberg bilan Davlat departamentida bo‘lib o‘tgan qo‘shma matbuot anjumanida ma’lum qildi.
“Biz Ukrainaning o‘zini himoya qilish vositalariga ega bo‘lishini va har qadamda [Rossiya bilan] eng kuchli pozitsiyada bo‘lishini ta’minlash uchun harakat qilamiz. Biz Ukraina o‘zini samarali himoya qilishi uchun nima qilishi kerakligini tahlil qildik. Va, albatta, bu joriy tajovuz jarayonida tuzatildi – ular Kiyevga tahdidlar bilan kurashish uchun zarur bo‘lgan narsa Ukraina janubi va sharqida sodir bo‘layotgan voqealar bilan kurashish uchun kerak bo‘lgan narsadan juda farq qiladi. Shu sababli, voqealar rivoji bilan biz o‘zimiz va boshqa ittifoqchilar va hamkorlar Ukrainaga taqdim etayotgan narsalarni o‘zgartirdik”, deydi Amerika diplomatiyasi rahbari.
Davlat kotibining so‘zlariga ko‘ra, Qo‘shma Shtatlar Ukrainaning bu tajovuzdan himoyalanish, uni qaytarish uchun zarur bo‘lgan hamma narsaga ega bo‘lishini ta’minlash niyatida. Shuningdek, ukrainlar kelajakda yuzaga keladigan har qanday muzokaralar stolida mumkin bo‘lgan eng yaxshi mavqega ega bo‘ladi.
Davlat departamenti rahbari Rossiya-Ukraina muzokaralarining qayta tiklanishiga ishora qilib, “Biz qachon, aniq qandayligini ayta olmaymiz”, deya qo‘shimcha qilgan.
Rossiya-Ukraina urushi
Joriy yilning 21 fevral kuni Rossiya Prezidenti Vladimir Putin Kremlda Ukraina sharqidagi o‘zini mustaqil deb e’lon qilgan Lugansk xalq respublikasi (LXR) va Donetsk xalq respublikasini (DXR) tan olish to‘g‘risidagi farmonni imzoladi. Keyinroq RF respublikalarni shu nomdagi viloyatlar chegarasida tan olganini ta’kidlab, Ukrainaga qarshi urush xavfini oshirib yubordi.
Putinning favqulodda qarori ortidan AQSH, YeI, Kanada, Avstraliya, Buyuk Britaniya va Yaponiya rasmiylari ham Rossiyaga qarshi sanksiyalar kiritdi.
24 fevral kuni Rossiya Prezidenti Vladimir Putin Ukraina sharqida Donbassda rus harbiylari "maxsus harbiy operatsiya" boshlaganini e’lon qildi va rus qo‘shinlari Ukrainaga hujum boshladi. Putin bu harakatini Ukraina sharqidagi rossiyaparast separatist kuchlar rahbarlari shunday so‘rov yuborgani bilan oqladi.
Bundan avvalroq Zelenskiy Rossiya fuqarolariga rus tilida murojaat qilib, ukrainlarga “na sovuq, na issiq, na gibrid urush kerak emas”ligini, ukrainlar hujumchilarni kutib olishga tayyorligini bildirgandi. Ko‘p o‘tmay Prezident Rossiya bilan diplomatik aloqani uzdi. Prezident Zelenskiy mamlakatda harbiy holat e’lon qildi.
25 fevral kuni Zelenskiy Ukrainada umumiy harbiy safarbarlik e’lon qildi. Armiyaga chaqiruv mamlakatning qator viloyat va shaharlarida amalga oshirilishi belgilandi.
Rus qo‘shinlari hozirgacha Ukrainaga shimol, sharq va janubdan hujum qilib kelmoqda va qator hududlarni egallashga erishdi. Ammo bu urush Rossiyaning dunyoda yakkalanib qolishiga olib keldi.
Ukrainaga hujum boshlanishi Rossiya iqtisodiga og‘ir zarba berdi. Rus kompaniyalari aksiyalari keskin arzonlashdi, Moskva birjasida savdolar mislsiz darajada pasayish bilan o‘tdi. Gazprom, LUKOYL va boshqa yirik kompaniyalar yo‘qotishlarga uchradi.
Hujum boshlangach, Yevropa davlatlari va AQSH Rossiyaga qarshi bir necha bosqichli sanksiyalar joriy qildi. Rossiyaning VTB, “Rossiya” banki, “Otkritiya”, “Novikombank”, “Promsvyazbank”, “Sovkombank” va VEB.RF banklari SWIFT xalqaro banklararo tizimidan uzildi. AQSH va Yevropa Ittifoqi Rossiyaning oltin-valyuta zaxirasini blokladi.
Yevropa davlatlari, AQSH, Kanada Rossiya uchun o‘z havo hududini yopdi. Bu sanksiyalarga neytral davlat hisoblangan Shveysariya ham qo‘shildi. Urush fonida Ukrainani Yevropa Ittifoqi a’zoligiga qabul qilish jarayoni tezlashdi.