Biz Rossiyaning g‘alaba qozonishiga yo‘l qo‘ymaymiz – Bayden Ukrainani quvontiradigan yangilikni aytdi

Olam

image

Amerika Qo‘shma Shtatlari yaqin kunlarda Ukrainaga jami 800 million dollarlik yangi harbiy yordam paketi ajratilishini e’lon qiladi. Bu haqda bugun, 30 iyun kuni mamlakat Prezidenti Jo Bayden ma’lum qildi.

“Men lavozimga kirishganimdan beri biz Ukrainaga xavfsizlik tizimlari uchun qariyb 7 milliard dollar ajratdik. Yaqin kunlarda biz yana 800 million dollardan ortiqroq harbiy yordam paketini, shu jumladan G‘arb havo hujumidan mudofaa tizimi uchun yangi zamonaviy tizimni e’lon qilmoqchimiz”, deya ta’kidlagan Prezident.

Uning ta’kidlashicha, yangi paketga ilg‘or havo mudofaa tizimlari, qo‘shimcha artilleriya va o‘q-dorilar, artilleriyani boshqarish radar tizimi, shuningdek, Ukrainaga topshirilgan bir nechta raketa tizimlari uchun o‘q-dorilar kiradi.

Avvalroq, G7 davlatlari (Germaniya, AQSH, Buyuk Britaniya, Fransiya, Italiya, Kanada va Yaponiya) Rossiya bilan urushda Ukrainani qancha kerak bo‘lsa, shuncha qo‘llashga va’da bergan edi. 

Shuningdek, G7 Ukrainaga erkin va demokratik kelajagini ta’minlash va o‘zini himoya qilish masalasida yordam berish uchun manfaatdor davlatlar bilan uzoq muddatli xavfsizlik kafolatlari bo‘yicha muzokaralar olib borishga tayyor ekanini ta’kidladi.

Bu davlatlar allaqachon Kiyevga 2,8 milliard dollar miqdorida gumanitar yordam ko‘rsatgan va Ukrainaga yana 29,5 milliard dollar berishga tayyor ekanini bildirgan.

Rossiya-Ukraina urushi

Joriy yilning 21 fevral kuni Rossiya Prezidenti Vladimir Putin Kremlda Ukraina sharqidagi o‘zini mustaqil deb e’lon qilgan Lugansk xalq respublikasi (LXR) va Donetsk xalq respublikasini (DXR) tan olish to‘g‘risidagi farmonni imzoladi. Keyinroq RF respublikalarni shu nomdagi viloyatlar chegarasida tan olganini ta’kidlab, Ukrainaga qarshi urush xavfini oshirib yubordi.

Putinning favqulodda qarori ortidan AQSH, YeI, Kanada, Avstraliya, Buyuk Britaniya va Yaponiya rasmiylari ham Rossiyaga qarshi sanksiyalar kiritdi.

24 fevral kuni Rossiya Prezidenti Vladimir Putin Ukraina sharqida Donbassda rus harbiylari "maxsus harbiy operatsiya" boshlaganini e’lon qildi va rus qo‘shinlari Ukrainaga hujum boshladi. Putin bu harakatini Ukraina sharqidagi rossiyaparast separatist kuchlar rahbarlari shunday so‘rov yuborgani bilan oqladi.

Bundan avvalroq Zelenskiy Rossiya fuqarolariga rus tilida murojaat qilib, ukrainlarga “na sovuq, na issiq, na gibrid urush kerak emas”ligini, ukrainlar hujumchilarni kutib olishga tayyorligini bildirgandi. Ko‘p o‘tmay Prezident Rossiya bilan diplomatik aloqani uzdi. Prezident Zelenskiy mamlakatda harbiy holat e’lon qildi.

25 fevral kuni Zelenskiy Ukrainada umumiy harbiy safarbarlik e’lon qildi. Armiyaga chaqiruv mamlakatning qator viloyat va shaharlarida amalga oshirilishi belgilandi.

Rus qo‘shinlari hozirgacha Ukrainaga shimol, sharq va janubdan hujum qilib kelmoqda va qator hududlarni egallashga erishdi. Ammo bu urush Rossiyaning dunyoda yakkalanib qolishiga olib keldi.

Ukrainaga hujum boshlanishi Rossiya iqtisodiga og‘ir zarba berdi. Rus kompaniyalari aksiyalari keskin arzonlashdi, Moskva birjasida savdolar mislsiz darajada pasayish bilan o‘tdi. Gazprom, LUKOYL va boshqa yirik kompaniyalar yo‘qotishlarga uchradi.

Hujum boshlangach, Yevropa davlatlari va AQSH Rossiyaga qarshi bir necha bosqichli sanksiyalar joriy qildi. Rossiyaning VTB, “Rossiya” banki, “Otkritiya”, “Novikombank”, “Promsvyazbank”, “Sovkombank” va VEB.RF banklari SWIFT xalqaro banklararo tizimidan uzildi. AQSH va Yevropa Ittifoqi Rossiyaning oltin-valyuta zaxirasini blokladi.

Yevropa davlatlari, AQSH, Kanada Rossiya uchun o‘z havo hududini yopdi. Bu sanksiyalarga neytral davlat hisoblangan Shveysariya ham qo‘shildi. Urush fonida Ukrainani Yevropa Ittifoqi a’zoligiga qabul qilish jarayoni tezlashdi.


Maqola muallifi

Teglar

Rossiya-Ukraina urushi Ukrainaga bosqin

Baholaganlar

29

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing