AQSH Ukrainaga rus generallarini “ovlash”ga yordam bergan – NYT

Olam

image

AQSH Ukraina armiyasiga mamlakatdagi bir necha rossiyalik generalni topish va o‘ldirishda yordam bergan razvedka ma’lumotlarini taqdim etgan. Bu haqda kecha, 4 may kuni “The New York Times” gazetasi amerikalik yuqori martabali amaldorlarga tayanib, xabar berdi.

Nashrning yozishicha, amerikaliklar ukrainaliklarga doimiy ravishda o‘z joylashuvini o‘zgartirib turuvchi Rossiya mobil qo‘mondonlik punktlarining geolokatsiyasi va boshqa tafsilotlari haqida real vaqt rejimida ma’lumot berishga e’tibor qaratgan. Ukrainaliklar ushbu ma’lumotni o‘zlarining razvedka ma’lumotlari, jumladan, Rossiya harbiylarining ushlangan suhbatlari bilan solishtirgan va agar qo‘mondonlikda yuqori martabali zobitlar borligini taxmin qilsa, ularga qarshi zarbalar uyushtiragan.

Gazetaga ma’lumot bergan AQSH rasmiylari axborotni qanday to‘plashlarini tasvirlashdan bosh tortgan, biroq razvedka idoralari boshqa narsalar qatori Rossiya qo‘shinlarining Ukrainadagi harakatlarini kuzatish uchun ham harbiy, ham tijorat sun’iy yo‘ldoshlari ma’lumotlaridan foydalanishini ta’kidlagan. Gazetaning yozishicha, boshqa NATO davlatlari ham Ukrainadagi Rossiya qo‘shinlari haqidagi razvedka ma’lumotlarini real vaqt rejimida Kiyevga yetkazib bermoqda.

NYT’ning ta’kidlashicha, Rossiyaning Ukrainadagi qarorgohlariga berilayotgan barcha muvaffaqiyatli zarbalar ham Amerika ma’lumotlaridan foydalangan holda amalga oshirilmayapti. Xususan, 30 aprel kuni Rossiya Qurolli Kuchlari Bosh shtabi boshlig‘i general Valeriy Gerasimov joylashgan Izyumdagi qo‘mondonlik punktining o‘qqa tutilishi Amerika razvedkasi yordamisiz amalga oshirilgan.

Ukraina rasmiylarining ta’kidlashicha, ikki oylik urush davomida ular Rossiya armiyasining 12 nafar generalini yo‘q qilishga muvaffaq bo‘lishgan. Rossiya armiya qo‘mondonlarining ikki o‘rinbosari: general-mayor Andrey Suxovetskiy va general-mayor Vladimir Frolovning o‘limini rasman tasdiqlagan.

Shu bilan birga, Pentagon vakillarining ta’kidlashicha, rossiyalik generallarning o‘zlari muzokaralar uchun mobil telefonlar va himoyalanmagan radiostansiyalardan foydalangan holda o‘z manzillarini aniqlashda yordam bermoqda.

“Bu intizomning pastligi, tajriba yo‘qligi, takabburlik va ukrainaliklarning imkoniyatlarini baholay olmaslikdan dalolat beradi”, deydi AQSH armiyasining Yevropadagi sobiq qo‘mondoni, iste’fodagi general Frederik Benjamin Xojs.

Rossiya-Ukraina urushi

Joriy yilning 21 fevral kuni Rossiya Prezidenti Vladimir Putin Kremlda Ukraina sharqidagi o‘zini mustaqil deb e’lon qilgan Lugansk xalq respublikasi (LXR) va Donetsk xalq respublikasini (DXR) tan olish to‘g‘risidagi farmonni imzoladi. Keyinroq RF respublikalarni shu nomdagi viloyatlar chegarasida tan olganini ta’kidlab, Ukrainaga qarshi urush xavfini oshirib yubordi.

Putinning favqulodda qarori ortidan AQSH, YeI, Kanada, Avstraliya, Buyuk Britaniya va Yaponiya rasmiylari ham Rossiyaga qarshi sanksiyalar kiritdi.

24 fevral kuni Rossiya Prezidenti Vladimir Putin Ukraina sharqida Donbassda rus harbiylari "maxsus harbiy operatsiya" boshlaganini e’lon qildi va rus qo‘shinlari Ukrainaga hujum boshladi. Putin bu harakatini Ukraina sharqidagi rossiyaparast separatist kuchlar rahbarlari shunday so‘rov yuborgani bilan oqladi.

Bundan avvalroq Zelenskiy Rossiya fuqarolariga rus tilida murojaat qilib, ukrainlarga “na sovuq, na issiq, na gibrid urush kerak emas”ligini, ukrainlar hujumchilarni kutib olishga tayyorligini bildirgandi. Ko‘p o‘tmay Prezident Rossiya bilan diplomatik aloqani uzdi. Prezident Zelenskiy mamlakatda harbiy holat e’lon qildi.

25 fevral kuni Zelenskiy Ukrainada umumiy harbiy safarbarlik e’lon qildi. Armiyaga chaqiruv mamlakatning qator viloyat va shaharlarida amalga oshirilishi belgilandi.

Rus qo‘shinlari hozirgacha Ukrainaga shimol, sharq va janubdan hujum qilib kelmoqda va qator hududlarni egallashga erishdi. Ammo bu urush Rossiyaning dunyoda yakkalanib qolishiga olib keldi.

Ukrainaga hujum boshlanishi Rossiya iqtisodiga og‘ir zarba berdi. Rus kompaniyalari aksiyalari keskin arzonlashdi, Moskva birjasida savdolar mislsiz darajada pasayish bilan o‘tdi. Gazprom, LUKOYL va boshqa yirik kompaniyalar yo‘qotishlarga uchradi.

Hujum boshlangach, Yevropa davlatlari va AQSH Rossiyaga qarshi bir necha bosqichli sanksiyalar joriy qildi. Rossiyaning VTB, “Rossiya” banki, “Otkritiya”, “Novikombank”, “Promsvyazbank”, “Sovkombank” va VEB.RF banklari SWIFT xalqaro banklararo tizimidan uzildi. AQSH va Yevropa Ittifoqi Rossiyaning oltin-valyuta zaxirasini blokladi.

Yevropa davlatlari, AQSH, Kanada Rossiya uchun o‘z havo hududini yopdi. Bu sanksiyalarga neytral davlat hisoblangan Shveysariya ham qo‘shildi. Urush fonida Ukrainani Yevropa Ittifoqi a’zoligiga qabul qilish jarayoni tezlashdi.


Maqola muallifi

Teglar

Rossiya-Ukraina urushi Ukrainaga bosqin

Baholaganlar

20

Reyting

3.2

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing