AQSH Ukrainaga Rossiyagacha yetadigan raketalar bergani aytilmoqda

Olam

image
0:00
0:00
download

HIMARS yalpi reaktiv raketa tizimi (YARRT) uchun mo‘ljallangan 200 kmgacha uchadigan raketalarning bir qismi allaqachon Ukraina hududiga yetkazilgan, Rossiya kuchlari ularni yo‘q qilishga harakat qilmoqda. Bugun, 31 avgust kuni tan olinmagan DXR rahbari Denis Pushilin shunday iddao bilan chiqdi.

“Bizdagi ba’zi ma’lumotlarga ko‘ra, bu raketalarning bir qismi allaqachon Ukraina hududiga yetkazilgan. Shuningdek, ittifoqchi kuchlar ushbu qurolni yo‘q qilishga urinishmoqda”, deydi u.

Ukraina tomoni 300 kmga uchadigan raketalar olgani haqidagi ma’lumotga hozircha munosabat bildirmagan.

Avvalroq AQSH ma’muriyati g‘ildirakli shassisga o‘rnatilgan Kiyevga berilayotgan HIMARS yengil vaznli yalpi reaktiv raketa tizimlari uchun raketa masofasi 80 km dan oshmasligi haqida xabar bergan edi.

Ma’muriyatning ta’kidlashicha, Ukraina Qo‘shma Shtatlarga Rossiyadagi nishonlarga qarshi Amerika YARRTlarini ishlatmaslikka kafolat bergan. Keyinroq Rossiya TIV rasmiy vakili Mariya Zaxarovaning ta’kidlashicha, Kiyevning Rossiyadagi nishonlarga qarshi AQSH qurolidan foydalanmaslik haqidagi kafolatlari befoyda va unga ishonib bo‘lmaydi.

Rossiya-Ukraina urushi

Joriy yilning 21 fevral kuni Rossiya Prezidenti Vladimir Putin Kremlda Ukraina sharqidagi o‘zini mustaqil deb e’lon qilgan Lugansk xalq respublikasi (LXR) va Donetsk xalq respublikasini (DXR) tan olish to‘g‘risidagi farmonni imzoladi. Keyinroq RF respublikalarni shu nomdagi viloyatlar chegaradagi tan olganini ta’kidlab, Ukrainaga qarshi urush xavfini oshirib yubordi.

Putinning favqulodda qarori ortidan AQSH, YeI, Kanada, Avstraliya, Buyuk Britaniya va Yaponiya rasmiylari ham Rossiyaga qarshi sanksiyalar kiritdi.

24 fevral kuni Rossiya Prezidenti Vladimir Putin Ukraina sharqida Donbassda rus harbiylari "maxsus harbiy operatsiya" boshlaganini e’lon qildi va rus qo‘shinlari Ukrainaga hujum boshladi. Putin bu harakatini Ukraina sharqidagi rossiyaparast separatist kuchlar rahbarlari shunday so‘rov yuborgani bilan oqladi.

Bundan avvalroq Zelenskiy Rossiya fuqarolariga rus tilida murojaat qilib, ukrainlarga “na sovuq, na issiq, na gibrid urush kerak emas”ligini, ukrainlar hujumchilarni kutib olishga tayyorligini bildirgandi. Ko‘p o‘tmay Prezident Rossiya bilan diplomatik aloqani uzdi. Prezident Zelenskiy mamlakatda harbiy holat e’lon qildi.

25 fevral kuni Zelenskiy Ukrainada umumiy harbiy safarbarlik e’lon qildi. Armiyaga chaqiruv mamlakatning qator viloyat va shaharlarida amalga oshirilishi belgilandi.

Rus qo‘shinlari hozirgacha Ukrainaga shimol, sharq va janubdan hujum qilib kelmoqda va qator hududlarni egallashga erishdi. Ammo bu urush Rossiyaning dunyoda yakkalanib qolishiga olib keldi.

Ukrainaga hujum boshlanishi Rossiya iqtisodiga og‘ir zarba berdi. Rus kompaniyalari aksiyalari keskin arzonlashdi, Moskva birjasida savdolar mislsiz darajada pasayish bilan o‘tdi. Gazprom, LUKOYL va boshqa yirik kompaniyalar yo‘qotishlarga uchradi.

Hujum boshlangach, Yevropa davlatlari va AQSH Rossiyaga qarshi bir necha bosqichli sanksiyalar joriy qildi. Rossiyaning VTB, “Rossiya” banki, “Otkritiya”, “Novikombank”, “Promsvyazbank”, “Sovkombank” va VEB.RF banklari SWIFT xalqaro banklararo tizimidan uzildi. AQSH va Yevropa Ittifoqi Rossiyaning oltin-valyuta zaxirasini blokladi.

Yevropa davlatlari, AQSH, Kanada Rossiya uchun o‘z havo hududini yopdi. Bu sanksiyalarga neytral davlat hisoblangan Shveysariya ham qo‘shildi. Urush fonida Ukrainani Yevropa Ittifoqi a’zoligiga qabul qilish jarayoni tezlashdi.


Maqola muallifi

Teglar

Rossiya-Ukraina urushi Ukrainaga bosqin

Baholaganlar

26

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing