AQSH Ukrainaga nishonni aniq uradigan Excalibur snaryadlarini berdi – “Bloomberg”

Olam

image

Amerika Qo‘shma Shtatlari ortiqcha shov-shuvlarsiz Ukrainaga berilayotgan harbiy yordamga eng aniq artilleriya snaryadlarini qo‘shdi. “Bloomberg”ning xabar berishicha avvalroq Excalibur snaryadlarining Ukrainaga berilishi tasdiqlanmagan bo‘lgan.

Byudjet hujjatlariga ko‘ra, Pentagon Ukrainaga GPS ko‘rsatkichga ega bo‘lgan eng aniq Excalibur artilleriya snaryadlarini yuborgan.

AQSH o‘z zaxiralarini to‘ldirish uchun 92 million dollar sarflamoqda. Excalibur zaxirasini to‘ldirish rejasi Pentagon Ukraina kuchlarini shunday o‘q-dorilar bilan ta’minlayotganini ko‘rsatadi. Shu bilan birga, rasmiylar ushbu snaryadlarni Ukrainaga berish va ularni jang maydonida ishlatish rejalari haqidagi xabarlarga qaramay, Excalibur haqidagi savollarga javob berishdan qochgan.

Sun’iy yo‘ldosh orqali boshqariladigan Excalibur snaryadlari birinchi marta 2007 yilda Iroqda “Al-Qoida”ning taniqli yetakchisi va uning tarafdorlariga suiqasd paytida ishlatilgan. Excalibur snaryadlari 155 mm kalibrli gaubitsalarda qo‘llaniladi. Ular 40,5 km masofadagi nishonlarga yuqori aniqlik bilan zarba bera oladilar.

Rossiya-Ukraina urushi

Joriy yilning 21 fevral kuni Rossiya Prezidenti Vladimir Putin Kremlda Ukraina sharqidagi o‘zini mustaqil deb e’lon qilgan Lugansk xalq respublikasi (LXR) va Donetsk xalq respublikasini (DXR) tan olish to‘g‘risidagi farmonni imzoladi. Keyinroq RF respublikalarni shu nomdagi viloyatlar chegarasida tan olganini ta’kidlab, Ukrainaga qarshi urush xavfini oshirib yubordi.

Putinning favqulodda qarori ortidan AQSH, YeI, Kanada, Avstraliya, Buyuk Britaniya va Yaponiya rasmiylari ham Rossiyaga qarshi sanksiyalar kiritdi.

24 fevral kuni Rossiya Prezidenti Vladimir Putin Ukraina sharqida Donbassda rus harbiylari "maxsus harbiy operatsiya" boshlaganini e’lon qildi va rus qo‘shinlari Ukrainaga hujum boshladi. Putin bu harakatini Ukraina sharqidagi rossiyaparast separatist kuchlar rahbarlari shunday so‘rov yuborgani bilan oqladi.

Bundan avvalroq Zelenskiy Rossiya fuqarolariga rus tilida murojaat qilib, ukrainlarga “na sovuq, na issiq, na gibrid urush kerak emas”ligini, ukrainlar hujumchilarni kutib olishga tayyorligini bildirgandi. Ko‘p o‘tmay Prezident Rossiya bilan diplomatik aloqani uzdi. Prezident Zelenskiy mamlakatda harbiy holat e’lon qildi.

25 fevral kuni Zelenskiy Ukrainada umumiy harbiy safarbarlik e’lon qildi. Armiyaga chaqiruv mamlakatning qator viloyat va shaharlarida amalga oshirilishi belgilandi.

Rus qo‘shinlari hozirgacha Ukrainaga shimol, sharq va janubdan hujum qilib kelmoqda va qator hududlarni egallashga erishdi. Ammo bu urush Rossiyaning dunyoda yakkalanib qolishiga olib keldi.

Ukrainaga hujum boshlanishi Rossiya iqtisodiga og‘ir zarba berdi. Rus kompaniyalari aksiyalari keskin arzonlashdi, Moskva birjasida savdolar mislsiz darajada pasayish bilan o‘tdi. Gazprom, LUKOYL va boshqa yirik kompaniyalar yo‘qotishlarga uchradi.

Hujum boshlangach, Yevropa davlatlari va AQSH Rossiyaga qarshi bir necha bosqichli sanksiyalar joriy qildi. Rossiyaning VTB, “Rossiya” banki, “Otkritiya”, “Novikombank”, “Promsvyazbank”, “Sovkombank” va VEB.RF banklari SWIFT xalqaro banklararo tizimidan uzildi. AQSH va Yevropa Ittifoqi Rossiyaning oltin-valyuta zaxirasini blokladi.

Yevropa davlatlari, AQSH, Kanada Rossiya uchun o‘z havo hududini yopdi. Bu sanksiyalarga neytral davlat hisoblangan Shveysariya ham qo‘shildi. 


Maqola muallifi

Teglar

Rossiya-Ukraina urushi Ukrainaga bosqin

Baholaganlar

12

Reyting

3.2

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing