AQSH Ukrainaga qanday qurollar yetkazib bergani ma’lum bo‘ldi

Olam

image
0:00
0:00
download

Vashington tomonidan Kiyevga ko‘rsatilgan harbiy yordam 700 dan ortiq Switchblade snaryadlari, 90 ta gaubitsa va 16 ta Mi-17 vertolyotlarini o‘z ichiga oladi. Bu haqda Pentagon matbuot xizmati tarqatgan bayonotda aytilgan.  

Hujjatga ko‘ra, gap allaqachon yetkazib berilgan va endi beriladigan qurollar haqida ketmoqda. 

Ta’kidlanishicha, Qo‘shma Shtatlar tomonidan joriy yilning 24 fevralidan buyon Ukrainaga ajratilgan harbiy yordamning umumiy miqdori 3,4 milliard dollarga, 2021 yil yanvaridan buyon esa 4 milliard dollarga baholanmoqda. U 1400 dan ortiq Stinger zenit-raketa komplekslarini, 5500 dan ortiq Javelin tankga qarshi raketa tizimini va 14 000 dan ortiq tankga qarshi boshqa tizimlarni o‘z ichiga oladi. 

Bayonotda aniqlik kiritilishicha, ushbu qurollar orasida 90 ta 155 millimetrli gaubitsa, 183 ming snaryad ham bor. Bundan tashqari, ro‘yxatga 200 ta bronetransportyor, 121 ta Phoenix Ghost taktik droni, 75 000 ta zirh va dubulg‘alar to‘plami, lazerli boshqaruv tizimiga ega raketa tizimlari, dron va minomyotlar kiradi.

Rossiya-Ukraina urushi

Joriy yilning 21 fevral kuni Rossiya Prezidenti Vladimir Putin Kremlda Ukraina sharqidagi o‘zini mustaqil deb e’lon qilgan Lugansk xalq respublikasi (LXR) va Donetsk xalq respublikasini (DXR) tan olish to‘g‘risidagi farmonni imzoladi. Keyinroq RF respublikalarni shu nomdagi viloyatlar chegarasida tan olganini ta’kidlab, Ukrainaga qarshi urush xavfini oshirib yubordi.

Putinning favqulodda qarori ortidan AQSH, YeI, Kanada, Avstraliya, Buyuk Britaniya va Yaponiya rasmiylari ham Rossiyaga qarshi sanksiyalar kiritdi.

24 fevral kuni Rossiya Prezidenti Vladimir Putin Ukraina sharqida Donbassda rus harbiylari "maxsus harbiy operatsiya" boshlaganini e’lon qildi va rus qo‘shinlari Ukrainaga hujum boshladi. Putin bu harakatini Ukraina sharqidagi rossiyaparast separatist kuchlar rahbarlari shunday so‘rov yuborgani bilan oqladi.

Bundan avvalroq Zelenskiy Rossiya fuqarolariga rus tilida murojaat qilib, ukrainlarga “na sovuq, na issiq, na gibrid urush kerak emas”ligini, ukrainlar hujumchilarni kutib olishga tayyorligini bildirgandi. Ko‘p o‘tmay Prezident Rossiya bilan diplomatik aloqani uzdi. Prezident Zelenskiy mamlakatda harbiy holat e’lon qildi.

25 fevral kuni Zelenskiy Ukrainada umumiy harbiy safarbarlik e’lon qildi. Armiyaga chaqiruv mamlakatning qator viloyat va shaharlarida amalga oshirilishi belgilandi.

Rus qo‘shinlari hozirgacha Ukrainaga shimol, sharq va janubdan hujum qilib kelmoqda va qator hududlarni egallashga erishdi. Ammo bu urush Rossiyaning dunyoda yakkalanib qolishiga olib keldi.

Ukrainaga hujum boshlanishi Rossiya iqtisodiga og‘ir zarba berdi. Rus kompaniyalari aksiyalari keskin arzonlashdi, Moskva birjasida savdolar mislsiz darajada pasayish bilan o‘tdi. Gazprom, LUKOYL va boshqa yirik kompaniyalar yo‘qotishlarga uchradi.

Hujum boshlangach, Yevropa davlatlari va AQSH Rossiyaga qarshi bir necha bosqichli sanksiyalar joriy qildi. Rossiyaning VTB, “Rossiya” banki, “Otkritiya”, “Novikombank”, “Promsvyazbank”, “Sovkombank” va VEB.RF banklari SWIFT xalqaro banklararo tizimidan uzildi. AQSH va Yevropa Ittifoqi Rossiyaning oltin-valyuta zaxirasini blokladi.

Yevropa davlatlari, AQSH, Kanada Rossiya uchun o‘z havo hududini yopdi. Bu sanksiyalarga neytral davlat hisoblangan Shveysariya ham qo‘shildi. Urush fonida Ukrainani Yevropa Ittifoqi a’zoligiga qabul qilish jarayoni tezlashdi.


Maqola muallifi

Teglar

Rossiya-Ukraina urushi Ukrainaga bosqin

Baholaganlar

29

Reyting

3.2

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing