AQSH Ukrainaga qancha harbiy yordam ko‘rsatganini ma’lum qildi
Olam
−
18 iyun 2022
9223AQSH Mudofaa vazirligi o‘z saytida Ukrainaga ko‘rsatilgan harbiy yordam haqida hisobot e’lon qildi.
Qayd etilishicha, AQSH Prezidenti Jo Bayden lavozimga kelgan kundan boshlab Vashington Kiyevga 6,3 milliard dollarga yaqin mablag‘ ajratgan bo‘lsa, joriy yil 24 fevralda Rossiya Ukrainaga bostirib kirganidan keyin 5,6 milliard dollar bergan.
Jumladan, 1400 dan ortiq Stinger portativ zenit-raketa tizimi, 700 dan ortiq Switchblade uchuvchisiz uchish apparatlari, 20 ta Mi-17 vertolyotlari, 126 ta 155 millimetrli gaubitsalar va 260 000 ta snaryadlar, shuningdek, 6,5 mingta Javelin tankga qarshi raketa tizimi va boshqa turdagi 20 mingdan ortiq tankga qarshi tizimlar Kiyevga jo‘natilgan.
Avvalroq, Oq uydagi Milliy xavfsizlik kengashining strategik aloqalar bo‘yicha koordinatori Jon Kirbi Vashington Kiyevga muntazam ravishda yangi yordam paketlarini taqdim etishda davom etishini aytgan edi.
Uning so‘zlariga ko‘ra, AQSH va Kiyev vakillari o‘rtasidagi aloqalar Ukraina armiyasi ehtiyojlarini har bir aniq vaqt oralig‘ida qondirishga qaratilgan.
Rossiya-Ukraina urushi
Joriy yilning 21 fevral kuni Rossiya Prezidenti Vladimir Putin Kremlda Ukraina sharqidagi o‘zini mustaqil deb e’lon qilgan Lugansk xalq respublikasi (LXR) va Donetsk xalq respublikasini (DXR) tan olish to‘g‘risidagi farmonni imzoladi. Keyinroq RF respublikalarni shu nomdagi viloyatlar chegarasida tan olganini ta’kidlab, Ukrainaga qarshi urush xavfini oshirib yubordi.
Putinning favqulodda qarori ortidan AQSH, YeI, Kanada, Avstraliya, Buyuk Britaniya va Yaponiya rasmiylari ham Rossiyaga qarshi sanksiyalar kiritdi.
24 fevral kuni Rossiya Prezidenti Vladimir Putin Ukraina sharqida Donbassda rus harbiylari "maxsus harbiy operatsiya" boshlaganini e’lon qildi va rus qo‘shinlari Ukrainaga hujum boshladi. Putin bu harakatini Ukraina sharqidagi rossiyaparast separatist kuchlar rahbarlari shunday so‘rov yuborgani bilan oqladi.
Bundan avvalroq Zelenskiy Rossiya fuqarolariga rus tilida murojaat qilib, ukrainlarga “na sovuq, na issiq, na gibrid urush kerak emas”ligini, ukrainlar hujumchilarni kutib olishga tayyorligini bildirgandi. Ko‘p o‘tmay Prezident Rossiya bilan diplomatik aloqani uzdi. Prezident Zelenskiy mamlakatda harbiy holat e’lon qildi.
25 fevral kuni Zelenskiy Ukrainada umumiy harbiy safarbarlik e’lon qildi. Armiyaga chaqiruv mamlakatning qator viloyat va shaharlarida amalga oshirilishi belgilandi.
Rus qo‘shinlari hozirgacha Ukrainaga shimol, sharq va janubdan hujum qilib kelmoqda va qator hududlarni egallashga erishdi. Ammo bu urush Rossiyaning dunyoda yakkalanib qolishiga olib keldi.
Ukrainaga hujum boshlanishi Rossiya iqtisodiga og‘ir zarba berdi. Rus kompaniyalari aksiyalari keskin arzonlashdi, Moskva birjasida savdolar mislsiz darajada pasayish bilan o‘tdi. Gazprom, LUKOYL va boshqa yirik kompaniyalar yo‘qotishlarga uchradi.
Hujum boshlangach, Yevropa davlatlari va AQSH Rossiyaga qarshi bir necha bosqichli sanksiyalar joriy qildi. Rossiyaning VTB, “Rossiya” banki, “Otkritiya”, “Novikombank”, “Promsvyazbank”, “Sovkombank” va VEB.RF banklari SWIFT xalqaro banklararo tizimidan uzildi. AQSH va Yevropa Ittifoqi Rossiyaning oltin-valyuta zaxirasini blokladi.
Yevropa davlatlari, AQSH, Kanada Rossiya uchun o‘z havo hududini yopdi. Bu sanksiyalarga neytral davlat hisoblangan Shveysariya ham qo‘shildi. Urush fonida Ukrainani Yevropa Ittifoqi a’zoligiga qabul qilish jarayoni tezlashdi.
LiveBarchasi