AQSH Ukrainaga ilg‘or raketa tizimlari beradi. Maqsad Rossiyani nishonga olishmi?

Olam

image

Qo‘shma Shtatlar Ukrainani yanada ilg‘or raketa tizimlari va o‘q-dorilar bilan ta’minlaydi. Bu haqda AQSH Prezidenti Jo Bayden kecha, 31 may kuni “The New York Times” gazetasida chop etilgan maqolasida aytib o‘tgan.

“Biz Ukrainaga jang maydonida jang qilishi va muzokaralar stolida eng kuchli pozitsiyani egallashi uchun katta miqdordagi qurol-yarog‘ va o‘q-dorilarni jo‘natish uchun tez harakatlandik. Shuning uchun men ukrainaliklarni Ukrainadagi jang maydonlarida asosiy nishonlarga aniqroq zarba berish imkonini beradigan ilg‘or raketa tizimlari va o‘q-dorilar bilan ta’minlashga qaror qildim”, degan Bayden.

Prezidentning yozishicha, Qo‘shma Shtatlar Ukrainaga ilg‘or qurol-aslaha tizimlari, jumladan Stinger mobil zenit-raketa tizimlari va tankga qarshi Javelin tizimlari, artilleriya va Mi-17 vertolyotlarini yetkazib berishda davom etadi.

“Biz Ukrainaga ilg‘or qurollar, jumladan Javelin tankga qarshi raketalari, Stinger zenit raketalari, kuchli artilleriya va yuqori aniqlikdagi raketa tizimlari, radarlar, dronlar, Mi-17 vertolyotlari va o‘q-dorilarni yetkazib berishda davom etamiz”, degan Bayden.

Qo‘shma Shtatlar Ukrainani o‘z chegaralaridan tashqariga zarba bermaslikka chaqiradi va Kiyevga bunday imkoniyatlarni taqdim etmaydi, deydi AQSH Prezidenti. Uning so‘zlariga ko‘ra, Amerika “Rossiyaga zarar yetkazish uchun” mojaroni cho‘zmoqchi emas.

Shu bilan birga, AQSH ma’muriyati rahbarining ta’kidlashicha, AQSH va boshqa ittifoqchilar kuchlari va salohiyati orqali NATOning sharqiy qanotini mustahkamlashda davom etadi. 

“Yaqinda men Finlyandiya va Shvetsiyaning NATOga a’zo bo‘lish tashabbusini olqishladim, bu harakat AQSH va transatlantika xavfsizligini ikki demokratik va harbiy salohiyatli hamkorni qo‘shish orqali mustahkamlaydi”, deydi Bayden.

Rossiya-Ukraina urushi

Joriy yilning 21 fevral kuni Rossiya Prezidenti Vladimir Putin Kremlda Ukraina sharqidagi o‘zini mustaqil deb e’lon qilgan Lugansk xalq respublikasi (LXR) va Donetsk xalq respublikasini (DXR) tan olish to‘g‘risidagi farmonni imzoladi. Keyinroq RF respublikalarni shu nomdagi viloyatlar chegarasida tan olganini ta’kidlab, Ukrainaga qarshi urush xavfini oshirib yubordi.

Putinning favqulodda qarori ortidan AQSH, YeI, Kanada, Avstraliya, Buyuk Britaniya va Yaponiya rasmiylari ham Rossiyaga qarshi sanksiyalar kiritdi.

24 fevral kuni Rossiya Prezidenti Vladimir Putin Ukraina sharqida Donbassda rus harbiylari "maxsus harbiy operatsiya" boshlaganini e’lon qildi va rus qo‘shinlari Ukrainaga hujum boshladi. Putin bu harakatini Ukraina sharqidagi rossiyaparast separatist kuchlar rahbarlari shunday so‘rov yuborgani bilan oqladi.

Bundan avvalroq Zelenskiy Rossiya fuqarolariga rus tilida murojaat qilib, ukrainlarga “na sovuq, na issiq, na gibrid urush kerak emas”ligini, ukrainlar hujumchilarni kutib olishga tayyorligini bildirgandi. Ko‘p o‘tmay Prezident Rossiya bilan diplomatik aloqani uzdi. Prezident Zelenskiy mamlakatda harbiy holat e’lon qildi.

25 fevral kuni Zelenskiy Ukrainada umumiy harbiy safarbarlik e’lon qildi. Armiyaga chaqiruv mamlakatning qator viloyat va shaharlarida amalga oshirilishi belgilandi.

Rus qo‘shinlari hozirgacha Ukrainaga shimol, sharq va janubdan hujum qilib kelmoqda va qator hududlarni egallashga erishdi. Ammo bu urush Rossiyaning dunyoda yakkalanib qolishiga olib keldi.

Ukrainaga hujum boshlanishi Rossiya iqtisodiga og‘ir zarba berdi. Rus kompaniyalari aksiyalari keskin arzonlashdi, Moskva birjasida savdolar mislsiz darajada pasayish bilan o‘tdi. Gazprom, LUKOYL va boshqa yirik kompaniyalar yo‘qotishlarga uchradi.

Hujum boshlangach, Yevropa davlatlari va AQSH Rossiyaga qarshi bir necha bosqichli sanksiyalar joriy qildi. Rossiyaning VTB, “Rossiya” banki, “Otkritiya”, “Novikombank”, “Promsvyazbank”, “Sovkombank” va VEB.RF banklari SWIFT xalqaro banklararo tizimidan uzildi. AQSH va Yevropa Ittifoqi Rossiyaning oltin-valyuta zaxirasini blokladi.

Yevropa davlatlari, AQSH, Kanada Rossiya uchun o‘z havo hududini yopdi. Bu sanksiyalarga neytral davlat hisoblangan Shveysariya ham qo‘shildi. Urush fonida Ukrainani Yevropa Ittifoqi a’zoligiga qabul qilish jarayoni tezlashdi.


Maqola muallifi

Teglar

Rossiya-Ukraina urushi Ukrainaga bosqin

Baholaganlar

18

Reyting

3.1

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing