AQSH Ukrainaga 90 tonnaga yaqin qurol jo‘natdi
Olam
−
22 yanvar 2022
8580AQSHning Ukrainaga qo‘shimcha harbiy yordamining birinchi partiyasi Kiyevga yetib keldi. Bu haqda AQSHning Ukrainadagi elchixonasi Twitter’da xabar bergan.
“Prezident Bayden tomonidan yaqinda Ukraina uchun qabul qilingan bir necha yordam partiyalarining birinchisi bugun kechqurun Kiyevga yetib keldi. Bu yukda 90 tonnaga yaqin o‘ldiruvchi qurollar, jumladan, frontdagi Ukraina himoyachilari uchun o‘q-dorilar bor. Bu yordam Rossiya tomonidan kuchayib borayotgan tajovuz fonida AQSHning Ukrainaning mudofaa qobiliyatini mustahkamlashga sodiqligini namoyish etadi”, deyiladi diplomatik missiya bayonotida.
Avvalroq, AQSH Ukrainaga Rossiyada ishlab chiqarilgan Mi-17 vertolyotlarini berishi aytilgandi. Ular Afg‘onistonda “Tolibon” hokimiyat tepasiga kelguniga qadar afg‘on armiyasiga topshirish uchun mo‘ljallangandi.
Rossiya G‘arbda Ukrainaga nisbatan o‘ziga xos tajovuzkor rejalarni inkor etmoqda. Biroq uning NATOga qo‘shilish imkoniyatini “qizil chiziqlar”dan tashqariga chiqish deb biladi hamda Qo‘shma Shtatlar va uning ittifoqchilaridan bunday bo‘lmasligi uchun kafolat talab qilmoqda.
O‘tgan haftada Rossiya G‘arb davlatlari bilan Ukraina atrofidagi vaziyat va Yevropa xavfsizligi bo‘yicha uchta muzokara o‘tkazdi. Jeneva, Bryussel va Venadagi uchrashuvlar tomonlarning NATOni kengaytirish masalasiga yondashuvlaridagi farqni tasdiqladi va aloqalarni davom ettirish bo‘yicha kelishuvlarsiz yakunlandi.
Ma’lumot o‘rnida, AQSH Rossiyaning Ukrainaga “bosqini” joriy yil yanvar-fevral oylarining o‘rtalarida boshlanishi mumkinligini ma’lum qildi.
Bunga javoban Rossiyaning Vashingtondagi elchixonasi Oq uyning Ukrainaga bosqin uyushtirish vaqti haqidagi bayonotini soxta va axborot bosimi deya atagan.
“Conflict Intelligence Team” (CIT) esa Rossiya “Iskandar” raketalar majmuasini va yana boshqa og‘ir texnikalarni g‘arbiy chegaralari tomon tashiyotganini ma’lum qildi. Unga ko‘ra, raketalar kompleksi va zirhli artilleriya ortilgan poyezdlar mamlakat Sharqiy harbiy okrugidan g‘arbga tomon harakatlangan.
Shu o‘rinda, Rossiya Tashqi ishlar vazirligi rasmiy vakili ham Britaniya Ukrainaga qurol yuborayotganini, allaqachon oltita reys kelganini aytdi.
Bundan tashqari, Kanada ham maxsus topshiriqlar bo‘linmasining kichik kontingentini NATO harbiy alyansi va Rossiya o‘rtasidagi ziddiyat kuchaygan bir paytda Ukrainaga joylashtirdi. Shuningdek, Buyuk Britaniya Qurolli Kuchlarining maxsus operatsiyalar uchun tashkil etilgan elita harbiy bo‘linmasining 30 nafar jangchisini Ukrainaga yubordi.
LiveBarchasi