AQSH senatorlari Rossiyaning boyliklarini Ukrainaga bermoqchi

Olam

image

AQSHning Demokratik va Respublikachi partiyalari senatorlari musodara qilingan Rossiya aktivlaridan Ukrainani tiklash va qochqinlarga yordam berish uchun foydalanishni nazarda tutuvchi qonun loyihasini taqdim etmoqda. Bu haqda “Axios” xabar bermoqda.  

Ukrainaga yordam berish to‘g‘risidagi qonun loyihasini Kolorado shtatidan demokrat Maykl Bennet va Ogayo shtatidan respublikachi Rob Portman taqdim etgan. Hujjat mualliflariga ko‘ra, Ukraina qochqinlar bilan bog‘liq vaziyat tufayli yordamga muhtoj. 

“Yordam berishning bir yo‘li rossiyalik oligarxlar va boy fuqarolarning aktivlarini muzlatishdan tortib, bu mablag‘larni musodara qilish va Ukraina xalqiga davom etayotgan gumanitar tadbirlarda yordam berishga o‘tishdir”, deydi Portman. 

Ukrainaga hujum boshlanganidan so‘ng birgina Yevropa Ittifoqi hududida 862 nafar rossiyalik va 53 rus tashkilotining aktivlari muzlatib qo‘yilgan. Belgiyada joriy yil mart oyining dastlabki ikki haftasida 10 milliard yevrolik Rossiya aktivlari bloklangan.

Rossiya-Ukraina urushi

Joriy yilning 21 fevral kuni Rossiya Prezidenti Vladimir Putin Kremlda Ukraina sharqidagi o‘zini mustaqil deb e’lon qilgan Lugansk xalq respublikasi (LXR) va Donetsk xalq respublikasini (DXR) tan olish to‘g‘risidagi farmonni imzoladi. Keyinroq RF respublikalarni shu nomdagi viloyatlar chegarasida tan olganini ta’kidlab, Ukrainaga qarshi urush xavfini oshirib yubordi.

Putinning favqulodda qarori ortidan AQSH, YeI, Kanada, Avstraliya, Buyuk Britaniya va Yaponiya rasmiylari ham Rossiyaga qarshi sanksiyalar kiritdi.

24 fevral kuni Rossiya Prezidenti Vladimir Putin Ukraina sharqida Donbassda rus harbiylari "maxsus harbiy operatsiya" boshlaganini e’lon qildi va rus qo‘shinlari Ukrainaga hujum boshladi. Putin bu harakatini Ukraina sharqidagi rossiyaparast separatist kuchlar rahbarlari shunday so‘rov yuborgani bilan oqladi.

Bundan avvalroq Zelenskiy Rossiya fuqarolariga rus tilida murojaat qilib, ukrainlarga “na sovuq, na issiq, na gibrid urush kerak emas”ligini, ukrainlar hujumchilarni kutib olishga tayyorligini bildirgandi. Ko‘p o‘tmay Prezident Rossiya bilan diplomatik aloqani uzdi. Prezident Zelenskiy mamlakatda harbiy holat e’lon qildi.

25 fevral kuni Zelenskiy Ukrainada umumiy harbiy safarbarlik e’lon qildi. Armiyaga chaqiruv mamlakatning qator viloyat va shaharlarida amalga oshirilishi belgilandi.

Rus qo‘shinlari hozirgacha Ukrainaga shimol, sharq va janubdan hujum qilib kelmoqda va qator hududlarni egallashga erishdi. Ammo bu urush Rossiyaning dunyoda yakkalanib qolishiga olib keldi.

Ukrainaga hujum boshlanishi Rossiya iqtisodiga og‘ir zarba berdi. Rus kompaniyalari aksiyalari keskin arzonlashdi, Moskva birjasida savdolar mislsiz darajada pasayish bilan o‘tdi. Gazprom, LUKOYL va boshqa yirik kompaniyalar yo‘qotishlarga uchradi.

Hujum boshlangach, Yevropa davlatlari va AQSH Rossiyaga qarshi bir necha bosqichli sanksiyalar joriy qildi. Rossiyaning VTB, “Rossiya” banki, “Otkritiya”, “Novikombank”, “Promsvyazbank”, “Sovkombank” va VEB.RF banklari SWIFT xalqaro banklararo tizimidan uzildi. AQSH va Yevropa Ittifoqi Rossiyaning oltin-valyuta zaxirasini blokladi.

Yevropa davlatlari, AQSH, Kanada Rossiya uchun o‘z havo hududini yopdi. Bu sanksiyalarga neytral davlat hisoblangan Shveysariya ham qo‘shildi. Urush fonida Ukrainani Yevropa Ittifoqi a’zoligiga qabul qilish jarayoni tezlashdi.


Maqola muallifi

Teglar

Rossiya-Ukraina urushi Ukrainaga bosqin

Baholaganlar

21

Reyting

3.4

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing