AQSH Rossiyani Inson huquqlari kengashidan chiqarishni talab qildi

Olam

image

Vashington Bosh Assambleyada Rossiyani Birlashgan Millatlar Tashkilotining Inson huquqlari kengashidan chiqarishni taklif qilmoqda. Bu haqda AQSHning BMTdagi elchisi Linda Tomas-Grinfild ma’lum qildi. 

"Rossiyaning Inson huquqlari kengashidagi ishtiroki noto‘g‘ri va  shuning bois BMT Bosh Assambleyasida uni chetlashtirish uchun ovoz berish vaqti keldi deb o‘ylaymiz. Shuningdek, Buchadagi tasvirlar va Ukrainadagi vayronagarchiliklarni so‘z bilan emas, harakat bilan qo‘llab-quvvatlashni talab qilamiz”, deydi Tomas-Grinfild . 

“Bucha qirg‘ini”

Joriy yilning 1 aprel kuni Bucha meri Anatoliy Fedoruk Ukraina harbiylari rossiyalik bosqinchilarni chiqarib yuborganini tasdiqladi. Chekingan ruslar fuqarolik inshootlarini, infratuzilma ob’ektlarini va aholi punkti ichidagi ba’zi hududlarni minalagan.

Ozod qilingan shaharda ukrainalik harbiylar hududni diversantlar va rossiyalik sheriklardan tozalashga kirishgan.

2 aprel oqshomida Ukraina Mudofaa vaziri o‘rinbosari Anna Malyar butun Kiyev viloyati rus bosqinchilaridan ozod qilinganini ochiqladi.

Shundan so‘ng bosqinchilarning vahshiyliklari haqida ma’lumotlar paydo bo‘la boshladi. Ruslar odamlarni o‘ldirgan va zo‘rlagan, haqorat qilgan va qiynoqqa solgani aytildi. Dmitriy Komarov Buchadan dahshatli kadrlarni ko‘rsatdi va aholi nonni ko‘rganda shunchaki yig‘layotganini aytdi. Keyinchalik tarmoqda paydo bo‘lgan Buchadan olingan hayratlanarli fotosuratlarda bog‘langan odamlar o‘ldirayotgani ma’lum bo‘ldi. Ukrainaliklar ommaviy qabrlarga dafn qilingan. Ba’zi jasadlar ko‘chalarning o‘rtasida qolgan.

Bucha voqealari haqiqati oshkor bo‘lgach, dunyo davlatlari uni qoraladi. AQSH va Yevropa Ittifoqi Rossiyaga qarshi yangi sanksiyalar paketini ishlab chiqishni boshladi.

Rossiya Mudofaa vazirligi Buchadagi voqealarni Moskvaga qarshi provokatsiya va sahnalashtirilgan deb atadi.

Rossiya-Ukraina urushi

Joriy yilning 21 fevral kuni Rossiya Prezidenti Vladimir Putin Kremlda Ukraina sharqidagi o‘zini mustaqil deb e’lon qilgan Lugansk xalq respublikasi (LXR) va Donetsk xalq respublikasini (DXR) tan olish to‘g‘risidagi farmonni imzoladi. Keyinroq RF respublikalarni shu nomdagi viloyatlar chegarasida tan olganini ta’kidlab, Ukrainaga qarshi urush xavfini oshirib yubordi.

Putinning favqulodda qarori ortidan AQSH, YeI, Kanada, Avstraliya, Buyuk Britaniya va Yaponiya rasmiylari ham Rossiyaga qarshi sanksiyalar kiritdi.

24 fevral kuni Rossiya Prezidenti Vladimir Putin Ukraina sharqida Donbassda rus harbiylari "maxsus harbiy operatsiya" boshlaganini e’lon qildi va rus qo‘shinlari Ukrainaga hujum boshladi. Putin bu harakatini Ukraina sharqidagi rossiyaparast separatist kuchlar rahbarlari shunday so‘rov yuborgani bilan oqladi.

Bundan avvalroq Zelenskiy Rossiya fuqarolariga rus tilida murojaat qilib, ukrainlarga “na sovuq, na issiq, na gibrid urush kerak emas”ligini, ukrainlar hujumchilarni kutib olishga tayyorligini bildirgandi. Ko‘p o‘tmay Prezident Rossiya bilan diplomatik aloqani uzdi. Prezident Zelenskiy mamlakatda harbiy holat e’lon qildi.

25 fevral kuni Zelenskiy Ukrainada umumiy harbiy safarbarlik e’lon qildi. Armiyaga chaqiruv mamlakatning qator viloyat va shaharlarida amalga oshirilishi belgilandi.

Rus qo‘shinlari hozirgacha Ukrainaga shimol, sharq va janubdan hujum qilib kelmoqda va qator hududlarni egallashga erishdi. Ammo bu urush Rossiyaning dunyoda yakkalanib qolishiga olib keldi.

Ukrainaga hujum boshlanishi Rossiya iqtisodiga og‘ir zarba berdi. Rus kompaniyalari aksiyalari keskin arzonlashdi, Moskva birjasida savdolar mislsiz darajada pasayish bilan o‘tdi. Gazprom, LUKOYL va boshqa yirik kompaniyalar yo‘qotishlarga uchradi.

Hujum boshlangach, Yevropa davlatlari va AQSH Rossiyaga qarshi bir necha bosqichli sanksiyalar joriy qildi. Rossiyaning VTB, “Rossiya” banki, “Otkritiya”, “Novikombank”, “Promsvyazbank”, “Sovkombank” va VEB.RF banklari SWIFT xalqaro banklararo tizimidan uzildi. AQSH va Yevropa Ittifoqi Rossiyaning oltin-valyuta zaxirasini blokladi.

Yevropa davlatlari, AQSH, Kanada Rossiya uchun o‘z havo hududini yopdi. Bu sanksiyalarga neytral davlat hisoblangan Shveysariya ham qo‘shildi. Urush fonida Ukrainani Yevropa Ittifoqi a’zoligiga qabul qilish jarayoni tezlashdi.


Maqola muallifi

Teglar

Rossiya-Ukraina urushi Ukrainaga bosqin

Baholaganlar

4

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing