AQSH Rossiya va Belarusning 120 ta tashkilotini “qora ro‘yxat”ga kiritdi
Olam
−
02 aprel 2022
4008Amerika Qo‘shma Shtatlari Rossiya va Belarusning mudofaa, aerokosmik va dengiz sohalari bilan bog‘liq bo‘lgan 120 ta tashkilotiga nisbatan eksport sanksiyalarini joriy qildi. Tegishli bildirishnoma kecha, 1 aprel kuni AQSH hukumatining rasmiy hujjatlari to‘plami — Federal reyestrda joylashtirildi.
Unda “qora ro‘yxat”ga kiritilgan barcha tashkilotlar “milliy xavfsizlik manfaatlari yoki AQSH tashqi siyosatiga zid ish qilgani” da’vo qilingan.
Oq uyga ko‘ra, ushbu sanksiyalar “bu tashkilotlar endi Amerikaning yuqori texnologiyalarini litsenziyasiz qo‘lga kirita olmasligini" anglatadi.
Rossiyaning 96 ta korxonasi ro‘yxatiga “Sevmash” (Birlashgan kemasozlik korporatsiyasining bir qismi), Rossiya Federatsiyasi Mudofaa vazirligining 46-Markaziy ilmiy-tadqiqot instituti, Oliy energiya fizikasi instituti, “Pella” kemasozlik zavodi, professor N. Ye. Jukovskiy nomidagi Markaziy aerogidrodinamik institut kabilar kiradi.
Belarus tashkilotlari
Savdo vazirligi Belarusning 24 yuridik shaxsiga, jumladan Belarus Ichki ishlar vazirligining Ichki qo‘shinlariga, Davlat xavfsizlik qo‘mitasi va uning “Alfa” maxsus bo‘linmasiga qarshi eksport sanksiyalarini kiritgan. “Qora ro‘yxat”ga, shuningdek, Belarus davlat harbiy-sanoat qo‘mitasi, Minsk g‘ildirakli traktor zavodi va Gomel viloyati ijroiya qo‘mitasining Ichki ishlar boshqarmasi ham kiritilgan. Xabarda ta’kidlanishicha, sanksiyalar “Belarus Rossiyaning Ukrainaga bostirib kirishiga katta hissa qo‘shgani va qo‘llab-quvvatlagani, shuningdek, Rossiya qurolli kuchlarini qo‘llab-quvvatlagani faktiga javoban” kiritilgan.
Rossiya-Ukraina urushi
Joriy yilning 21 fevral kuni Rossiya Prezidenti Vladimir Putin Kremlda Ukraina sharqidagi o‘zini mustaqil deb e’lon qilgan Lugansk xalq respublikasi (LXR) va Donetsk xalq respublikasini (DXR) tan olish to‘g‘risidagi farmonni imzoladi. Keyinroq RF respublikalarni shu nomdagi viloyatlar chegaradagi tan olganini ta’kidlab, Ukrainaga qarshi urush xavfini oshirib yubordi.
Putinning favqulodda qarori ortidan AQSH, YeI, Kanada, Avstraliya, Buyuk Britaniya va Yaponiya rasmiylari ham Rossiyaga qarshi sanksiyalar kiritdi.
24 fevral kuni Rossiya Prezidenti Vladimir Putin Ukraina sharqida Donbassda rus harbiylari "maxsus harbiy operatsiya" boshlaganini e’lon qildi va rus qo‘shinlari Ukrainaga hujum boshladi. Putin bu harakatini Ukraina sharqidagi rossiyaparast separatist kuchlar rahbarlari shunday so‘rov yuborgani bilan oqladi.
Bundan avvalroq Zelenskiy Rossiya fuqarolariga rus tilida murojaat qilib, ukrainlarga “na sovuq, na issiq, na gibrid urush kerak emas”ligini, ukrainlar hujumchilarni kutib olishga tayyorligini bildirgandi. Ko‘p o‘tmay Prezident Rossiya bilan diplomatik aloqani uzdi. Prezident Zelenskiy mamlakatda harbiy holat e’lon qildi.
25 fevral kuni Zelenskiy Ukrainada umumiy harbiy safarbarlik e’lon qildi. Armiyaga chaqiruv mamlakatning qator viloyat va shaharlarida amalga oshirilishi belgilandi.
Rus qo‘shinlari hozirgacha Ukrainaga shimol, sharq va janubdan hujum qilib kelmoqda va qator hududlarni egallashga erishdi. Ammo bu urush Rossiyaning dunyoda yakkalanib qolishiga olib keldi.
Ukrainaga hujum boshlanishi Rossiya iqtisodiga og‘ir zarba berdi. Rus kompaniyalari aksiyalari keskin arzonlashdi, Moskva birjasida savdolar mislsiz darajada pasayish bilan o‘tdi. Gazprom, LUKOYL va boshqa yirik kompaniyalar yo‘qotishlarga uchradi.
Hujum boshlangach, Yevropa davlatlari va AQSH Rossiyaga qarshi bir necha bosqichli sanksiyalar joriy qildi. Rossiyaning VTB, “Rossiya” banki, “Otkritiya”, “Novikombank”, “Promsvyazbank”, “Sovkombank” va VEB.RF banklari SWIFT xalqaro banklararo tizimidan uzildi. AQSH va Yevropa Ittifoqi Rossiyaning oltin-valyuta zaxirasini blokladi.
Yevropa davlatlari, AQSH, Kanada Rossiya uchun o‘z havo hududini yopdi. Bu sanksiyalarga neytral davlat hisoblangan Shveysariya ham qo‘shildi. Urush fonida Ukrainani Yevropa Ittifoqi a’zoligiga qabul qilish jarayoni tezlashdi.
LiveBarchasi