AQSH razvedkasi Rossiyaga urushda qaysi davlat yordam berayotganini aniqladi

Olam

image

Ukraina bilan urushda Xitoy Rossiyaga yordam bermoqda. Bu haqda AQSH Milliy razvedkasi rahbari Evril Xeyns Vashingtonda bo‘lib o‘tgan milliy xavfsizlik muammolari muhokamasi doirasidagi tadbirda ma’lum qildi.

“Bizning ko‘plab ittifoqchilarimiz kabi Rossiyaga nisbatan ochiqcha tanqidiy pozitsiyani egallamaslik uchun Xitoy yo‘l izlamoqda va juda noqulay ahvolda qolmoqda. Va shu bilan birga,  biz ularning Rossiyaga parda ortida turli yo‘llar bilan yordam berayotganini ko‘ramiz. Bu yordamning ba’zan yaqqolroq yoki yopiqroq ekani aniq”, deydi Evril Xeyns.

Milliy razvedka rahbarining bayonotidan oldin AQSH Moliya vazirligi Rossiya Qurolli kuchlari bilan hamkorlik qilishda gumonlangan beshta Xitoy kompaniyasiga qarshi sanksiyalar joriy etgandi. Shu bilan bir qatorda, AQSH milliy xavfsizlik bo‘yicha maslahatchisi Jeyk Sallivan va Mudofaa vaziri Lloyd Ostin xitoylik hamkasblariga agar Pekin Moskvaga biron bir harbiy yordam ko‘rsatsa, Vashington qat’iy choralar ko‘rishi haqida signal bergandi.

Rossiya-Ukraina urushi

Joriy yilning 21 fevral kuni Rossiya Prezidenti Vladimir Putin Kremlda Ukraina sharqidagi o‘zini mustaqil deb e’lon qilgan Lugansk xalq respublikasi (LXR) va Donetsk xalq respublikasini (DXR) tan olish to‘g‘risidagi farmonni imzoladi. Keyinroq RF respublikalarni shu nomdagi viloyatlar chegarasida tan olganini ta’kidlab, Ukrainaga qarshi urush xavfini oshirib yubordi.

Putinning favqulodda qarori ortidan AQSH, YeI, Kanada, Avstraliya, Buyuk Britaniya va Yaponiya rasmiylari ham Rossiyaga qarshi sanksiyalar kiritdi.

24 fevral kuni Rossiya Prezidenti Vladimir Putin Ukraina sharqida Donbassda rus harbiylari "maxsus harbiy operatsiya" boshlaganini e’lon qildi va rus qo‘shinlari Ukrainaga hujum boshladi. Putin bu harakatini Ukraina sharqidagi rossiyaparast separatist kuchlar rahbarlari shunday so‘rov yuborgani bilan oqladi.

Bundan avvalroq Zelenskiy Rossiya fuqarolariga rus tilida murojaat qilib, ukrainlarga “na sovuq, na issiq, na gibrid urush kerak emas”ligini, ukrainlar hujumchilarni kutib olishga tayyorligini bildirgandi. Ko‘p o‘tmay Prezident Rossiya bilan diplomatik aloqani uzdi. Prezident Zelenskiy mamlakatda harbiy holat e’lon qildi.

25 fevral kuni Zelenskiy Ukrainada umumiy harbiy safarbarlik e’lon qildi. Armiyaga chaqiruv mamlakatning qator viloyat va shaharlarida amalga oshirilishi belgilandi.

Rus qo‘shinlari hozirgacha Ukrainaga shimol, sharq va janubdan hujum qilib kelmoqda va qator hududlarni egallashga erishdi. Ammo bu urush Rossiyaning dunyoda yakkalanib qolishiga olib keldi.

Ukrainaga hujum boshlanishi Rossiya iqtisodiga og‘ir zarba berdi. Rus kompaniyalari aksiyalari keskin arzonlashdi, Moskva birjasida savdolar mislsiz darajada pasayish bilan o‘tdi. Gazprom, LUKOYL va boshqa yirik kompaniyalar yo‘qotishlarga uchradi.

Hujum boshlangach, Yevropa davlatlari va AQSH Rossiyaga qarshi bir necha bosqichli sanksiyalar joriy qildi. Rossiyaning VTB, “Rossiya” banki, “Otkritiya”, “Novikombank”, “Promsvyazbank”, “Sovkombank” va VEB.RF banklari SWIFT xalqaro banklararo tizimidan uzildi. AQSH va Yevropa Ittifoqi Rossiyaning oltin-valyuta zaxirasini blokladi.

Yevropa davlatlari, AQSH, Kanada Rossiya uchun o‘z havo hududini yopdi. Bu sanksiyalarga neytral davlat hisoblangan Shveysariya ham qo‘shildi. Urush fonida Ukrainani Yevropa Ittifoqi a’zoligiga qabul qilish jarayoni tezlashdi.

Abdulvohid Yoqubov


Maqola muallifi

avatar

.

Teglar

Rossiya-Ukraina urushi Ukrainaga bosqin

Baholaganlar

132

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing