AQSH rasmiysi Rossiyaga qarshi sanksiyalarni bekor qilish shartini aytdi

Olam

Agar Rossiya Ukrainaga bosqinni to‘xtatsa, G‘arbning Rossiyaga qarshi yangi sanksiyalari bekor qilinadi. Bu haqda AQSH Davlat kotibining siyosiy masalalar bo‘yicha o‘rinbosari Viktoriya Nuland ma’lum qildi.

“Agar Rossiya urushni tugatsa va Ukrainani qayta tiklashga yordam bersa, sanksiyalar tugaydi”, degan u.

Siyosatchining fikricha, Moskva tinchlikni tiklashi, davlat suvereniteti, hududiy yaxlitligi va uning “mavjud bo‘lish huquqi”ni tan olishi kerak.

Shu munosabat bilan Nuland Rossiya tomoni “Ukrainaning mavjud bo‘lish huquqini” inkor etayotganini qayd etdi.

Nuland Rossiya Prezidenti Vladimir Putin AQSH Prezidenti Jo Bayden bilan uchrashishi uchun ham rus qo‘shinlari Ukrainadan chiqishi kerakligini aytdi.

“Agar u (Vladimir Putin. — tahr.) Ukraina hududidan o‘z qo‘shinlarini olib chiqishga tayyor bo‘lsa, biz bilan jiddiy gaplashishga tayyor bo‘lsa, bu urush to‘xtatilishi kerak, agar shunday bo‘lsa, biz u bilan gaplashishga tayyormiz”, degan Nuland “Exo Moskva”ga.

Bu muzokaralar uchun dastlabki shartmi, degan savolga Davlat kotibi o‘rinbosari faqatgina Putin Bayden bilan bog‘lanishga urinmaganini ta’kidladi. 

“Prezident Putin biz bilan gaplashmoqchi yoki bu qonli urushni to‘xtatmoqchi ekanligi haqida hech qanday ma’lumot yo‘q. Biz, shubhasiz, chegarada o‘tayotgan ukrainaliklar va ruslar o‘rtasidagi suhbatni qo‘llab-quvvatlaymiz. Biz birinchi navbatda gumanitar vaziyatni yaxshilashga intilamiz... insonparvarlik yordami zarur. Bu birinchi qadam, gumanitar yo‘lak bo‘lishi mumkin”, deya qo‘shimcha qilgan Nuland xonim.

Davlat kotibi o‘rinbosarining aytishicha, Qo‘shma Shtatlar Rossiyaning Ukrainadagi harbiy amaliyoti fonida keskinlik kuchayishiga hissa qo‘shmaslik uchun yadroviy mashg‘ulotlarni keyinga qoldirgan. Uning so‘zlariga ko‘ra, Vashingtonning maqsadi “vaziyatni tinchlantirish”.

Rossiyaning Ukrainaga bosqini

Joriy yilning 21 fevral kuni Rossiya Prezidenti Vladimir Putin Kremlda Ukraina sharqidagi o‘zini mustaqil deb e’lon qilgan Lugansk xalq respublikasi (LXR) va Donetsk xalq respublikasini (DXR) tan olish to‘g‘risidagi farmonni imzoladi. Keyinroq RF respublikalarni shu nomdagi viloyatlar chegaradagi tan olganini ta’kidlab, Ukrainaga qarshi urush xavfini oshirib yubordi.

Putinning favqulodda qarori ortidan AQSH, YeI, Kanada, Avstraliya, Buyuk Britaniya va Yaponiya rasmiylari ham Rossiyaga qarshi sanksiyalar kiritdi.

24 fevral kuni Rossiya Prezidenti Vladimir Putin Ukraina sharqida Donbassda rus harbiylari "maxsus harbiy operatsiya" boshlaganini e’lon qildi va rus qo‘shinlari Ukrainaga hujum boshladi. Putin bu harakatini Ukraina sharqidagi rossiyaparast separatist kuchlar rahbarlari shunday so‘rov yuborgani bilan oqladi.

Bundan avvalroq Zelenskiy Rossiya fuqarolariga rus tilida murojaat qilib, ukrainlarga “na sovuq, na issiq, na gibrid urush kerak emas”ligini, ukrainlar hujumchilarni kutib olishga tayyorligini bildirgandi. Ko‘p o‘tmay Prezident Rossiya bilan diplomatik aloqani uzdi. Prezident Zelenskiy mamlakatda harbiy holat e’lon qildi.

25 fevral kuni Zelenskiy Ukrainada umumiy harbiy safarbarlik e’lon qildi. Armiyaga chaqiruv mamlakatning qator viloyat va shaharlarida amalga oshirilishi belgilandi.

Rus qo‘shinlari hozirgacha Ukrainaga shimol, sharq va janubdan hujum qilib kelmoqda va qator hududlarni egallashga erishdi. Ammo bu urush Rossiyaning dunyoda yakkalanib qolishiga olib keldi.

Ukrainaga hujum boshlanishi Rossiya iqtisodiga og‘ir zarba berdi. Rus kompaniyalari aksiyalari keskin arzonlashdi, Moskva birjasida savdolar mislsiz darajada pasayish bilan o‘tdi. Gazprom, LUKOYL va boshqa yirik kompaniyalar yo‘qotishlarga uchradi.

Hujum boshlangach, Yevropa davlatlari va AQSH Rossiyaga qarshi bir necha bosqichli sanksiyalar joriy qildi. Rossiyaning VTB, “Rossiya” banki, “Otkritiya”, “Novikombank”, “Promsvyazbank”, “Sovkombank” va VEB.RF banklari SWIFT xalqaro banklararo tizimidan uzildi. AQSH va Yevropa Ittifoqi Rossiyaning oltin-valyuta zaxirasini blokladi.

Yevropa davlatlari, AQSH, Kanada Rossiya uchun o‘z havo hududini yopdi. Bu sanksiyalarga neytral davlat hisoblangan Shveysariya ham qo‘shildi. Urush fonida Ukrainani Yevropa Ittifoqi a’zoligiga qabul qilish jarayoni tezlashdi.


Maqola muallifi

Teglar

Rossiya-Ukraina urushi Ukrainaga bosqin

Baholaganlar

136

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing