AQSH kongressmenlari Rossiya neftiga qarshi qonun loyihasini ma’qulladi

Olam

image

AQSH Kongressining Vakillar palatasi kecha, 9 mart kuni Rossiyadan energiya resurslari importini taqiqlash va AQSH rasmiylari tomonidan Rossiyaning Jahon savdo tashkilotidagi (JST) ishtirokini to‘xtatish bo‘yicha choralar ko‘rish to‘g‘risidagi qonun loyihasini ma’qulladi.  

Tashabbusni 414 kongressmen qo‘llab-quvvatlagan, 17 nafari qarshi ovoz bergan. Hujjatning oldingi versiyasida Qo‘shma Shtatlar tomonidan Rossiya Federatsiyasi va Belarus bilan normal savdo aloqalarini to‘xtatib turish to‘g‘risidagi qoida mavjud edi. Keyinchalik, bir qator qonunchilarning qarshiligiga qaramay, ushbu band o‘chirilgan. 

Qonun loyihasiga ko‘ra, Rossiyaning Ukrainadagi “operatsiya”si munosabati bilan Rossiya Federatsiyasidan energiya resurslari, jumladan, neft va gazni “AQSHga olib kirishga taqiq qo‘yish kerak”. Ushbu qoidalardan bir qator istisnolar mavjud. 

Bundan tashqari, AQSH rasmiylariga “JSTning boshqa a’zolarini Rossiya Federatsiyasi uchun savdo imtiyozlarini to‘xtatishga chaqirish” bo‘yicha chora ko‘rish topshirilgan. 

Qayd etilishicha, AQSH rasmiylari, “Rossiyaning JSTdagi ishtirokini to‘xtatib qo‘yish bo‘yicha keyingi choralarni ham ko‘rishi kerak”. Qonun loyihasi AQSH Senatida qachon ko‘rib chiqilishi hozircha aytilmagan.

Rossiya-Ukraina urushi

Joriy yilning 21 fevral kuni Rossiya Prezidenti Vladimir Putin Kremlda Ukraina sharqidagi o‘zini mustaqil deb e’lon qilgan Lugansk xalq respublikasi (LXR) va Donetsk xalq respublikasini (DXR) tan olish to‘g‘risidagi farmonni imzoladi. Keyinroq RF respublikalarni shu nomdagi viloyatlar chegaradagi tan olganini ta’kidlab, Ukrainaga qarshi urush xavfini oshirib yubordi.

Putinning favqulodda qarori ortidan AQSH, YeI, Kanada, Avstraliya, Buyuk Britaniya va Yaponiya rasmiylari ham Rossiyaga qarshi sanksiyalar kiritdi.

24 fevral kuni Rossiya Prezidenti Vladimir Putin Ukraina sharqida Donbassda rus harbiylari "maxsus harbiy operatsiya" boshlaganini e’lon qildi va rus qo‘shinlari Ukrainaga hujum boshladi. Putin bu harakatini Ukraina sharqidagi rossiyaparast separatist kuchlar rahbarlari shunday so‘rov yuborgani bilan oqladi.

Bundan avvalroq Zelenskiy Rossiya fuqarolariga rus tilida murojaat qilib, ukrainlarga “na sovuq, na issiq, na gibrid urush kerak emas”ligini, ukrainlar hujumchilarni kutib olishga tayyorligini bildirgandi. Ko‘p o‘tmay Prezident Rossiya bilan diplomatik aloqani uzdi. Prezident Zelenskiy mamlakatda harbiy holat e’lon qildi.

25 fevral kuni Zelenskiy Ukrainada umumiy harbiy safarbarlik e’lon qildi. Armiyaga chaqiruv mamlakatning qator viloyat va shaharlarida amalga oshirilishi belgilandi.

Rus qo‘shinlari hozirgacha Ukrainaga shimol, sharq va janubdan hujum qilib kelmoqda va qator hududlarni egallashga erishdi. Ammo bu urush Rossiyaning dunyoda yakkalanib qolishiga olib keldi.

Ukrainaga hujum boshlanishi Rossiya iqtisodiga og‘ir zarba berdi. Rus kompaniyalari aksiyalari keskin arzonlashdi, Moskva birjasida savdolar mislsiz darajada pasayish bilan o‘tdi. Gazprom, LUKOYL va boshqa yirik kompaniyalar yo‘qotishlarga uchradi.

Hujum boshlangach, Yevropa davlatlari va AQSH Rossiyaga qarshi bir necha bosqichli sanksiyalar joriy qildi. Rossiyaning VTB, “Rossiya” banki, “Otkritiya”, “Novikombank”, “Promsvyazbank”, “Sovkombank” va VEB.RF banklari SWIFT xalqaro banklararo tizimidan uzildi. AQSH va Yevropa Ittifoqi Rossiyaning oltin-valyuta zaxirasini blokladi.

Yevropa davlatlari, AQSH, Kanada Rossiya uchun o‘z havo hududini yopdi. Bu sanksiyalarga neytral davlat hisoblangan Shveysariya ham qo‘shildi. Urush fonida Ukrainani Yevropa Ittifoqi a’zoligiga qabul qilish jarayoni tezlashdi.


Maqola muallifi

Teglar

Rossiya-Ukraina urushi Ukrainaga bosqin

Baholaganlar

3

Reyting

3.7

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing