AQSH Kongressi va Zelenskiy Oq uydan yordam so‘radi

Olam

image

AQSH Kongressi va Ukraina Prezidenti Vladimir Zelenskiy AQSH ma’muriyatidan Ukrainaga Sovet Ittifoqida ishlab chiqarilgan og‘ir qurollar, jumladan, jangovar samolyotlar va S-300 zenit-raketa majmuasini o‘tkazishda yordam so‘radi. Bu haqda CNN o‘z manbalariga tayanib xabar berdi.

Ularga ko‘ra, AQSH Davlat departamenti sovet S-300 lariga ega bo‘lgan davlatlarni aniqlamoqda, shuningdek, ularni Ukrainaga topshirish imkoniyatlarini o‘rganmoqda. Biroq, AQSH Ukrainaga beriladigan qurollarni bu davlatlarga qanday ayirboshlashni rejalashtirayotgani ma’lum emas. Shu bilan birga, Oq uy Ukrainaga qurol-yarog‘ yetkazib berilishi ma’qullansa, Rossiyaning ehtimoliy reaksiyasidan xavotirda.

Avvalroq Polsha TIV respublika rasmiylari o‘zlarining barcha 28 ta MiG-29 qiruvchilarini Germaniyadagi Ramshteyn aviabazasiga zudlik bilan va tekin jo‘natishga hamda ularni AQSHga topshirishga tayyorligini ma’lum qilgandi. 

Pentagon matbuot kotibi Jon Kirbining aytishicha, Vashington Varshavaning harbiy samolyotlarni AQSH orqali Kiyevga o‘tkazish haqidagi taklifini maqbul deb hisoblamaydi.

6 mart kuni Rossiya Mudofaa vazirligining rasmiy vakili general-mayor Igor Konashenkov Ukraina harbiy aviatsiyasini joylashtirish uchun qo‘shni davlatlarning aerodrom tarmog‘idan foydalanish va keyinchalik Rossiya qurolli kuchlariga qarshi qo‘llash ushbu davlatlarning qurolli to‘qnashuvga aralashuvi sifatida baholanishi mumkinligini aytdi.

Rossiya-Ukraina urushi

Joriy yilning 21 fevral kuni Rossiya Prezidenti Vladimir Putin Kremlda Ukraina sharqidagi o‘zini mustaqil deb e’lon qilgan Lugansk xalq respublikasi (LXR) va Donetsk xalq respublikasini (DXR) tan olish to‘g‘risidagi farmonni imzoladi. Keyinroq RF respublikalarni shu nomdagi viloyatlar chegaradagi tan olganini ta’kidlab, Ukrainaga qarshi urush xavfini oshirib yubordi.

Putinning favqulodda qarori ortidan AQSH, YeI, Kanada, Avstraliya, Buyuk Britaniya va Yaponiya rasmiylari ham Rossiyaga qarshi sanksiyalar kiritdi.

24 fevral kuni Rossiya Prezidenti Vladimir Putin Ukraina sharqida Donbassda rus harbiylari "maxsus harbiy operatsiya" boshlaganini e’lon qildi va rus qo‘shinlari Ukrainaga hujum boshladi. Putin bu harakatini Ukraina sharqidagi rossiyaparast separatist kuchlar rahbarlari shunday so‘rov yuborgani bilan oqladi.

Bundan avvalroq Zelenskiy Rossiya fuqarolariga rus tilida murojaat qilib, ukrainlarga “na sovuq, na issiq, na gibrid urush kerak emas”ligini, ukrainlar hujumchilarni kutib olishga tayyorligini bildirgandi. Ko‘p o‘tmay Prezident Rossiya bilan diplomatik aloqani uzdi. Prezident Zelenskiy mamlakatda harbiy holat e’lon qildi.

25 fevral kuni Zelenskiy Ukrainada umumiy harbiy safarbarlik e’lon qildi. Armiyaga chaqiruv mamlakatning qator viloyat va shaharlarida amalga oshirilishi belgilandi.

Rus qo‘shinlari hozirgacha Ukrainaga shimol, sharq va janubdan hujum qilib kelmoqda va qator hududlarni egallashga erishdi. Ammo bu urush Rossiyaning dunyoda yakkalanib qolishiga olib keldi.

Ukrainaga hujum boshlanishi Rossiya iqtisodiga og‘ir zarba berdi. Rus kompaniyalari aksiyalari keskin arzonlashdi, Moskva birjasida savdolar mislsiz darajada pasayish bilan o‘tdi. Gazprom, LUKOYL va boshqa yirik kompaniyalar yo‘qotishlarga uchradi.

Hujum boshlangach, Yevropa davlatlari va AQSH Rossiyaga qarshi bir necha bosqichli sanksiyalar joriy qildi. Rossiyaning VTB, “Rossiya” banki, “Otkritiya”, “Novikombank”, “Promsvyazbank”, “Sovkombank” va VEB.RF banklari SWIFT xalqaro banklararo tizimidan uzildi. AQSH va Yevropa Ittifoqi Rossiyaning oltin-valyuta zaxirasini blokladi.

Yevropa davlatlari, AQSH, Kanada Rossiya uchun o‘z havo hududini yopdi. Bu sanksiyalarga neytral davlat hisoblangan Shveysariya ham qo‘shildi. Urush fonida Ukrainani Yevropa Ittifoqi a’zoligiga qabul qilish jarayoni tezlashdi.


Maqola muallifi

Teglar

Rossiya-Ukraina urushi Ukrainaga bosqin

Baholaganlar

19

Reyting

2.8

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing