AQSH Donbassdagi janglar uchun Ukrainaga yangicha qurollar yetkazib bermoqchi

Olam

image

Ukraina mamlakatning sharqi va janubida Rossiya harbiy kampaniyasining kuchayishiga qarshilik ko‘rsatish uchun AQSH bilan yangi xavfsizlik yordami bo‘yicha intensiv muzokaralar olib bormoqda. Bu haqda CNN AQSH Mudofaa vazirligi vakillariga tayanib xabar bergan.

Tayyorlanayotgan paket ko‘proq AQSH avvalroq Ukrainaga taqdim etgan dronlar va Javelin tankga qarshi qurolidan iborat bo‘lishi mumkin. Bu qisman Ukrainada shu turdagi qurollar foydalanilayotgani va ularni qo‘llashni o‘zlashtirish ko‘p vaqt talab qimasligi bilan bog‘liq, degan rasmiylardan biri.

Nashrga ko‘ra, AQSH, shuningdek, Yevropadagi hamkorlari va ittifoqchilari bilan Ukrainaga o‘z zaxiralaridan qanday qo‘shimcha uzoq masofaga mo‘ljallangan havo mudofaa tizimlari, tanklar, zirhli texnika va artilleriyalarni taqdim etishi mumkinligini bilish uchun muzokaralar olib bormoqda.

Bu munozaralar, ayniqsa, Ukraina janubi va sharqiy qismidagi relef ma’lum darajada Kiyev shimolidagi o‘rmonli hududlardan farq qilgani uchun dolzarb ekani aytilmoqda.

AQSH rasmiylariga ko‘ra, ukrainaliklar yangi sharqiy va janubiy frontda zirhli texnika va artilleriya kabi og‘irroq qurollarga muhtoj.

Qayd etish kerakki, Rossiya kuchlari hozirda Ukrainaning markazidagi faollikni to‘xtatib, asosiy e’tiborni Donbassga qaratmoqda. Turli davlatlarning razvedka xizmatlari endilikda asosiy janglar Donbass uchun bo‘lishini aytmoqda va bu o‘z navbatida urushning taqdirini hal qiladi.

Rossiya-Ukraina urushi

Joriy yilning 21 fevral kuni Rossiya Prezidenti Vladimir Putin Kremlda Ukraina sharqidagi o‘zini mustaqil deb e’lon qilgan Lugansk xalq respublikasi (LXR) va Donetsk xalq respublikasini (DXR) tan olish to‘g‘risidagi farmonni imzoladi. Keyinroq RF respublikalarni shu nomdagi viloyatlar chegarasida tan olganini ta’kidlab, Ukrainaga qarshi urush xavfini oshirib yubordi.

Putinning favqulodda qarori ortidan AQSH, YeI, Kanada, Avstraliya, Buyuk Britaniya va Yaponiya rasmiylari ham Rossiyaga qarshi sanksiyalar kiritdi.

24 fevral kuni Rossiya Prezidenti Vladimir Putin Ukraina sharqida Donbassda rus harbiylari "maxsus harbiy operatsiya" boshlaganini e’lon qildi va rus qo‘shinlari Ukrainaga hujum boshladi. Putin bu harakatini Ukraina sharqidagi rossiyaparast separatist kuchlar rahbarlari shunday so‘rov yuborgani bilan oqladi.

Bundan avvalroq Zelenskiy Rossiya fuqarolariga rus tilida murojaat qilib, ukrainlarga “na sovuq, na issiq, na gibrid urush kerak emas”ligini, ukrainlar hujumchilarni kutib olishga tayyorligini bildirgandi. Ko‘p o‘tmay Prezident Rossiya bilan diplomatik aloqani uzdi. Prezident Zelenskiy mamlakatda harbiy holat e’lon qildi.

25 fevral kuni Zelenskiy Ukrainada umumiy harbiy safarbarlik e’lon qildi. Armiyaga chaqiruv mamlakatning qator viloyat va shaharlarida amalga oshirilishi belgilandi.

Rus qo‘shinlari hozirgacha Ukrainaga shimol, sharq va janubdan hujum qilib kelmoqda va qator hududlarni egallashga erishdi. Ammo bu urush Rossiyaning dunyoda yakkalanib qolishiga olib keldi.

Ukrainaga hujum boshlanishi Rossiya iqtisodiga og‘ir zarba berdi. Rus kompaniyalari aksiyalari keskin arzonlashdi, Moskva birjasida savdolar mislsiz darajada pasayish bilan o‘tdi. Gazprom, LUKOYL va boshqa yirik kompaniyalar yo‘qotishlarga uchradi.

Hujum boshlangach, Yevropa davlatlari va AQSH Rossiyaga qarshi bir necha bosqichli sanksiyalar joriy qildi. Rossiyaning VTB, “Rossiya” banki, “Otkritiya”, “Novikombank”, “Promsvyazbank”, “Sovkombank” va VEB.RF banklari SWIFT xalqaro banklararo tizimidan uzildi. AQSH va Yevropa Ittifoqi Rossiyaning oltin-valyuta zaxirasini blokladi.

Yevropa davlatlari, AQSH, Kanada Rossiya uchun o‘z havo hududini yopdi. Bu sanksiyalarga neytral davlat hisoblangan Shveysariya ham qo‘shildi. Urush fonida Ukrainani Yevropa Ittifoqi a’zoligiga qabul qilish jarayoni tezlashdi.


Maqola muallifi

Teglar

Rossiya-Ukraina urushi Ukrainaga bosqin

Baholaganlar

20

Reyting

3.1

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing