AQSH ba’zi qurollarni Ukrainaga yashirincha berishi mumkin – “Politico”

Olam

image

AQSH rasmiylari harbiy yordam doirasida Kiyevga ayrim turdagi qurollar topshirilishini ochiq e’lon qila olmaydi. Bu haqda kecha, 22 avgust kuni “Politico” gazetasi yozib chiqdi.

“Vashingtonda Qo‘shma Shtatlar Kiyevga [Amerika] ma’muriyati xabar qilganidan ko‘ra ko‘proq qurol-yarog‘ yetkazib bergani haqida mish-mishlar yuribdi”, deyiladi xabarda.

Nashrning ta’kidlashicha, 19 avgust kuni Pentagonning yuqori martabali vakili brifingda Qo‘shma Shtatlar ma’lum vaqtdan beri Ukrainaga HARM antiradar raketalarini e’lon qilmasdan yetkazib berayotganini tan olgan.

“Biz birinchi marta HARM raketalari yetkazib berilishini e’lon qilganimizda, [tegishli rasmiy bayonotda] biz bu qurolni aniq aytmasdan tavsiflagan edik”, deydi rasmiy.

Keyinroq Yahoo News portali ham Qo‘shma Shtatlar ATACMS oilasiga kiruvchi boshqariladigan taktik ballistik raketalarni Ukrainaga bergan bo‘lishi mumkinligini taxmin qildi. 

“Bu rostmi yoki yo‘qmi, noma’lum, lekin agar bu rost bo‘lsa, demak, bu ma’muriyat ommaga e’lon qilgan narsaga ziddir”, deb tushuntiradi nashr.

Bundan tashqari, “Politico” manbalariga ko‘ra, o‘tgan hafta oxirida e’lon qilingan Kiyevga harbiy yordamning yangi paketiga Excalibur boshqariladigan artilleriya snaryadlari ham kiritilgan. Ular, shuningdek, Pentagonning yangi transh doirasida Ukrainaga yetkazib berilgan qurollar ro‘yxatini taqdim etgan rasmiy bayonotida alohida ko‘rsatilmagan.

Bundan tashqari, nashr AQSH ma’muriyati tomonidan Kiyevga yana bir yordam paketi ajratilishi munosabati bilan Kongressga topshirilgan rasmiy xabarnoma bilan tanishishga muvaffaq bo‘lgan. Ushbu hujjatda, gazetaning yozishicha, Vashington Ukrainaga ilova qilingan ro‘yxatda keltirilgan narsalar bilan “cheklanmagan”ligi ta’kidlangan.

“Biz tan olamiz, bularning barchasi taxmin. [AQSH] ma’muriyatida hech kim Ukrainaga yashirin qurol yetkazib berilayotganini tasdiqlamadi va hatto unga shama ham qilmadi. Agar bor bo‘lsa ham, ular (AQSH rasmiylari) bu maxfiy qaror haqida bizga aytishlari dargumon”, deya xulosa qilgan nashr.

Rossiya-Ukraina urushi

Joriy yilning 21 fevral kuni Rossiya Prezidenti Vladimir Putin Kremlda Ukraina sharqidagi o‘zini mustaqil deb e’lon qilgan Lugansk xalq respublikasi (LXR) va Donetsk xalq respublikasini (DXR) tan olish to‘g‘risidagi farmonni imzoladi. Keyinroq RF respublikalarni shu nomdagi viloyatlar chegarasida tan olganini ta’kidlab, Ukrainaga qarshi urush xavfini oshirib yubordi.

Putinning favqulodda qarori ortidan AQSH, YeI, Kanada, Avstraliya, Buyuk Britaniya va Yaponiya rasmiylari ham Rossiyaga qarshi sanksiyalar kiritdi.

24 fevral kuni Rossiya Prezidenti Vladimir Putin Ukraina sharqida Donbassda rus harbiylari "maxsus harbiy operatsiya" boshlaganini e’lon qildi va rus qo‘shinlari Ukrainaga hujum boshladi. Putin bu harakatini Ukraina sharqidagi rossiyaparast separatist kuchlar rahbarlari shunday so‘rov yuborgani bilan oqladi.

Bundan avvalroq Zelenskiy Rossiya fuqarolariga rus tilida murojaat qilib, ukrainlarga “na sovuq, na issiq, na gibrid urush kerak emas”ligini, ukrainlar hujumchilarni kutib olishga tayyorligini bildirgandi. Ko‘p o‘tmay Prezident Rossiya bilan diplomatik aloqani uzdi. Prezident Zelenskiy mamlakatda harbiy holat e’lon qildi.

25 fevral kuni Zelenskiy Ukrainada umumiy harbiy safarbarlik e’lon qildi. Armiyaga chaqiruv mamlakatning qator viloyat va shaharlarida amalga oshirilishi belgilandi.

Rus qo‘shinlari hozirgacha Ukrainaga shimol, sharq va janubdan hujum qilib kelmoqda va qator hududlarni egallashga erishdi. Ammo bu urush Rossiyaning dunyoda yakkalanib qolishiga olib keldi.

Ukrainaga hujum boshlanishi Rossiya iqtisodiga og‘ir zarba berdi. Rus kompaniyalari aksiyalari keskin arzonlashdi, Moskva birjasida savdolar mislsiz darajada pasayish bilan o‘tdi. Gazprom, LUKOYL va boshqa yirik kompaniyalar yo‘qotishlarga uchradi.

Hujum boshlangach, Yevropa davlatlari va AQSH Rossiyaga qarshi bir necha bosqichli sanksiyalar joriy qildi. Rossiyaning VTB, “Rossiya” banki, “Otkritiya”, “Novikombank”, “Promsvyazbank”, “Sovkombank” va VEB.RF banklari SWIFT xalqaro banklararo tizimidan uzildi. AQSH va Yevropa Ittifoqi Rossiyaning oltin-valyuta zaxirasini blokladi.

Yevropa davlatlari, AQSH, Kanada Rossiya uchun o‘z havo hududini yopdi. Bu sanksiyalarga neytral davlat hisoblangan Shveysariya ham qo‘shildi. 


Maqola muallifi

Teglar

Rossiya-Ukraina urushi Ukrainaga bosqin

Baholaganlar

12

Reyting

3.5

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing