AQSH Afg‘onistondagi qo‘shinlarini O‘zbekiston yoki Tojikistonga ko‘chirishi mumkin – OAV

Olam

image

Amerikalik tahlilchilar Afg‘onistondan qo‘shin va texnikalarni ko‘chirishning varianti sifatida Yaqin Sharq va Markaziy Osiyo mamlakatlari, xususan, O‘zbekiston va Tojikistonni ko‘rib chiqmoqda. Bu haqda “The Wall Street Journal” amerikalik harbiy amaldorlarga asoslanib xabar berdi.

Ularga ko‘ra, Afg‘onistondan qo‘shinlarini olib chiqishni boshlagan Amerika rahbariyati Afg‘oniston hukumatini qo‘llab-quvvatlash, “Tolibon” harakati faoliyatini nazorat qilish va boshqa ekstremistlarni kuzatib borish maqsadida ularni boshqa mamlakatlarga joylashtirish imkoniyatlarini ko‘rib chiqmoqda. Afg‘oniston bilan chegaradosh O‘zbekiston va Tojikiston geografik nuqtai nazardan eng maqbul variant sifatida qaralmoqda.

“Biroq Rossiyaning mintaqadagi katta harbiy ishtiroki, Xitoyning kuchayib borayotgan ta’siri va Vashington bilan munosabatlaridagi keskinlik Markaziy Osiyoda bazalarni [yaratishni] qiyinlashtirmoqda”, deb yozadi nashr.

“The Wall Street Journal” manbalarining ta’kidlashicha, Amerika rahbariyati ushbu shtatlar hududida harbiy bazalarni tashkil etish to‘g‘risida rasmiy so‘rovlar bilan hali murojaat qilmagan. Shu bilan birga, Amerika qo‘shinlarini Afg‘onistondan olib chiqish, nashr manbalariga ko‘ra, joriy yilning iyul oyiga qadar muddatidan oldin yakunlanishi mumkin.

Qayd etilishicha, pgar AQSH harbiy kuchlarini Afg‘oniston bilan chegaradosh mamlakatlar hududida joylashtirish to‘g‘risida kelishuvga erishilmasa, Amerika rahbariyati ularni Fors ko‘rfazi davlatlariga o‘tkazish variantini ko‘rib chiqadi.

Ma’lumot uchun, 2001 yil 11 sentyabr teraktlaridan keyin terrorga qarshi urush ochgan AQSH Afg‘onistondagi harbiy harakatlarida foydalanish uchun oktyabr oyida Xonoboddagi aerodromni ijara olgan. 2005 yil mayidagi Andijon voqealaridan so‘ng, amerikalik harbiylar O‘zbekiston talabi bilan u yerni tark etgan.

2006 yilda O‘zbekiston Kollektiv xavfsizlik shartnomasi tashkilotiga qo‘shilgach, bazadan Rossiya harbiylari foydalana boshladi. O‘zbekiston 2012 yilda KXSHTni tark etdi, shu yili mamlakatning Tashqi siyosiy faoliyat konsepsiyasi qonun bilan tasdiqlanib, unda O‘zbekiston harbiy-siyosiy ittifoqlarga qo‘shilmasligi, o‘z hududida boshqa davlatlarning harbiy bazasi bo‘lishiga yo‘l qo‘ymasligi belgilandi.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq O‘zbekiston Mudofaa vazirligi Rossiyaning O‘zbekistonga ta’siri kuchayib borayotgani aytilgan xabarlarga munosabat bildirgandi.

Joriy yilning 8 may kuni Moskvada bo‘lib o‘tgan Tojikiston Prezidenti Imomali Rahmon bilan uchrashuvda Rossiya Prezidenti Vladimir Putin Afg‘onistondagi voqealar sababli mintaqadagi xavfsizlik masalalariga ham e’tibor qaratdi.

“Mintaqadagi xavfsizlik masalalari Afg‘onistonda sodir bo‘layotgan voqealar bilan bog‘liq holda juda muhimdir. Tojikiston Afg‘oniston bilan eng uzun chegaraga ega. Bilaman, bu holat sizni juda tashvishga solmoqda. Aytish kerakki, bunga asos bor. O‘z navbatida biz sizni qo‘llab-quvvatlash uchun hamma narsani qilamiz”, deya ta’kidladi Putin.

Afg‘oniston atrofidagi vaziyat

Joriy yilning 14 aprel kuni  “Tolibon” barcha xorijiy kuchlarni Afg‘onistondan olib chiqib ketishni talab qildi.

Jo Bayden 11 sentyabrgacha Afg‘onistondagi barcha AQSH askarlarini mamlakatdan chiqarish niyatida ekanini aytgandi. Harbiylarni chiqarish ishlari may oyidan boshlanishi kerak.

OAVda AQSH ortidan uning ittifoqchisi Buyuk Britaniya ham Afg‘onistondagi harbiy kontingentini ortga qaytarishini haqida ma’lumotlar tarqaldi. Shuningdek, Gruziya ham Afg‘onistondan o‘z qo‘shinlarini olib chiqmoqchi ekanini bildirdi.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Afg‘onistonda o‘ldirilgan tinch aholining 43,5 foizi “Tolibon” hissasiga to‘g‘ri kelayotgani haqida xabar berilgandi.

Keyinchalik, rasmiy Tehron “Tolibon” harakatining Afg‘onistonda Islom amirligini tuzish bo‘yicha rejalari to‘g‘risida xabardorligi va bunga aslo yo‘l qo‘ymasligini ma’lum qilgandi.

Turkiya, Pokiston va Afg‘oniston “Tolibon”ni “Afg‘onistonda barqaror tinchlikka olib keladigan har tomonlama muzokarali kelishuvga erishishga” sodiqligini tasdiqlashga chaqirdi.

Shundan so‘ng, Amerika Qo‘shma Shtatlari xorijiy harbiy kontingentni olib chiqish jarayoni doirasida Afg‘onistondan harbiy texnikani olib chiqishni boshladi.


Maqola muallifi

Teglar

AQSh Tojikiston O'zbekiston

Baholaganlar

495

Reyting

2.9

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing