Trampning qudasi Sarkozi bilan qamoqda uchrashishni so‘ragan – OAV
Olam
−
08 dekabr 2025 5296 2 daqiqa
AQSHning Fransiyadagi elchisi Charlz Kushner yaqinda qisqa muddatga qamoqqa jo‘natilgan Fransiyaning sobiq prezidenti Nikolya Sarkozi bilan qamoqxonanada uchrashish uchun ruxsat so‘ragan va sud unga bunday uchrashuvga ruxsat bergan. Bu haqda Parij apellyatsiya sudidagi manbasiga tayanib, “Reuters” xabar berdi.
Manbaning aytishicha, uchrashuv qamoqda ro‘y bermagan, Kushner va Sarkozi qamoqdan tashqarida uchrashgan. AQSH Davlat departamenti spikeri Kushner “Sarkoziga sobiq davlat rahbari sifatida bo‘lgan shaxsiy rahm-shafqati va hurmati tufayli uni ko‘rishga borishni istagan, u AQSHning yaxshi do‘sti bo‘lib kelgan”, deb aytdi.
Sarkozi 2007–2012 yillarda Fransiya prezidenti bo‘lgan, u o‘tgan oy Liviyadan mablag‘ yig‘ishda til biriktirganlik aybi bilan qamoqqa hukm qilinganidan 3 hafta o‘tib, apellyatsiya yuritilgani sababli ozod qilindi. U ayblovlarni doim inkor qilib keladi.
Kushner esa AQSH Prezidenti Donald Tramp qudasi hisoblanadi – uning o‘g‘li Jared Kushner Trampning qizi Ivankaga uylangan. Kushner bir vaqtlar AQSHda noqonuniy saylov kampaniyasi mablag‘larini yig‘ish va soliq to‘lashdan bo‘yin tovlash kabi ayblari uchun qamalgan. U 2020 yilda Tramp tomonidan afv etilgan.
Tramp va uning ma’muriyati Yevropadagi konservativ siyosatchilarni qo‘llab-quvvatlashga intilgan, ularning sud ishlarini “siyosiylashgan sudyalar tomonidan qo‘llanilayotgan huquq quroli”, deb talqin qilgan holda ularni hokimiyatdan chetlatish maqsadida qasddan bosim o‘tkazilayotganini aytgan.
Tramp bu yil boshida sud tomonidan korrupsiyada ayblanib, 2027 yilgi saylovda qatnashishdan mahrum etilgan o‘ta o‘ngchi siyosatchi Marin Le Penni ham “huquq quroli qurboni” deya atagan. “Reuters” xabar berishicha, shundan keyin AQSH Davlat departamenti delegatsiyasi Le Pen jamoasi bilan uchrashgan, ammo ular taklif etilgan ko‘makni rad etgan.
Sarkoziga yaqin manba, Kushner bilan bo‘lgan uchrashuv haqida qo‘shimcha ma’lumot berishdan bosh tortib, faqatgina sobiq prezident bu voqea haqida kelasi hafta chiqadigan “Qamoqxonaning yozuvlari” nomli kitobida yozishni rejalashtirayotganini aytgan.
Kushner bu yil Parijga elchi sifatida kelganidan beri ko‘p bahs-munozaralarga sabab bo‘lmoqda. Avgust oyida u ochiq xatda Fransiyada antisemitizmga qarshi yetarlicha chora ko‘rilmayotganini aytib, Prezident Emmanuel Makronni tanqid qilganidan keyin Fransiya Tashqi ishlar vazirligiga chaqirilgan.
Live
Barchasi