Trampning qudasi Makronni tandiq qildi. Parij esa uni TIVga chaqirtirdi
Olam
−
25 avgust 2025 4710 3 daqiqa
AQSHning Fransiyadagi elchisi, AQSH Prezidenti Donald Trampning qudasi Charlz Kushner ochiq xat orqali Prezident Emmanuel Makronga Fransiyada antisemitizmning kuchayishi va “hukumat tomonidan unga qarshi yetarli choralar ko‘rilmayotgani” haqida tashvish bildirdi. Uning ochiq xati “The Wall Street Journal”da e’lon qilindi.
Isroilning Fransiyani tanqid qilganidan so‘ng, millati yahudiy bo‘lgan Kushner G‘azo urushi boshlangandan beri Fransiyada yahudiylarga nisbatan nafrat kuchayganini ta’kidladi. AQSH elchisi Prezident Makronni Isroilga nisbatan tanqidni yumshatishga chaqirdi va “fransuz hayotini uzoq vaqtdan beri soya qilib kelayotgan” antisemitizm misollarini keltirdi. Diplomatning ta’kidlashicha, “Fransiyada yahudiylar ko‘chada hujumga uchramaydigan, sinagogalar va maktablar buzilmaydigan yoki yahudiylarga tegishli korxonalar vandalizmdan jabr chekmaydigan biror kun yo‘q”.
“Isroilni haqorat qiladigan bayonotlar va Falastin davlatini tan olish harakatlari ekstremistlarni ruhlantiradi, zo‘ravonlikni kuchaytiradi va Fransiyadagi yahudiylar hayotini xavf ostiga qo‘yadi”, deb yozadi Kushner.
Elchi, shuningdek, fransuz maktablari o‘quv dasturlari haqida ham tashvish bildirib, “yosh fransuzlarning deyarli yarmi Xolokost haqida hech qachon eshitmaganini aytib o‘tdi”.
“Sizning Ichki ishlar vazirligingiz hatto maktabgacha ta’lim muassasalarida ham antisemitizm holatlari qayd etilgani haqida xabar bergan”, deyiladi Kushnerning Fransiya Prezidentiga yo‘llagan maktubida.
U, shuningdek, Makron va boshqa fransuz rahbarlari bilan “muammoni hal qilish uchun jiddiy reja ishlab chiqish” ustida hamkorlik qilishga tayyorligini bildirdi.
Fransiya Tashqi ishlar vazirligi bugun, 25 avgust kuni AQSH elchisini chaqirib, uning bayonotlari 1961 yilgi Vena konvensiyasini buzganini aytdi, chunki u konvensiya elchilarga davlatlarning ichki ishlariga aralashishni taqiqlaydi.
“Elchining ayblovlari maqbul emas”, dedi fransuz tashqi siyosiy idorasi vakili.
Kushnerning xati Isroil Bosh vaziri Binyamin Netanyahuning o‘tgan haftada Makronga yo‘llagan maktubi bilan uyg‘un keladi. Unda u fransuz rahbarini Falastin davlatini xalqaro tan olish chaqiriqlari orqali antisemitizmni qo‘zg‘atishda ayblagan edi.
Fransiya sentyabrda rasman Falastin davlatini tan olishni rejalashtirmoqda. Fransiya Falastin davlatini tan olishga qaror qildi. Isroil esa buni “terrorizm uchun mukofot” deb atadi.
Falastin davlatini tan olish rejalarini e’lon qilib, Makron shunday degandi:
“Biz Falastin davlatini qurishimiz, uning barqarorligini ta’minlashimiz va u o‘zining demilitarizatsiyasini qabul qilib, Isroilni to‘liq tan olgandan so‘ng, butun Yaqin Sharq xavfsizligiga hissa qo‘shishiga kafolat berishimiz shart. Boshqa yo‘l yo‘q”.
Avvalroq Fransiyada G‘azo mojarosi bilan bog‘liq antisemitizm holatlari munosabati bilan sinagogalar va boshqa yahudiy markazlarini himoya qilish uchun xavfsizlik choralari kuchaytirilgan edi.
Urush 2023 yil 7 oktyabrda HAMASning Isroil janubiga hujumi bilan boshlangan. Uning oqibatida taxminan 1200 kishi halok bo‘lgan va 251 kishi garovga olingan.
Javob tariqasida Isroil hujum boshladi va G‘azo sektorida 60 mingdan ortiq kishi halok bo‘ldi.
22 avgust kuni G‘azo shahri va uning atrofida Birlashgan Millatlar Tashkiloti ocharchilik sifatida baholaydigan holatlar ilk bor tasdiqlandi. Isroil esa G‘azoda ocharchilik mavjudligini rad etib, IPC xalqaro tashkilotining xulosalarini “HAMAS taqdim etgan to‘liq bo‘lmagan va biryoqlama ma’lumotlarga asoslangan” deb atadi.
Live
Barchasi