AQSH 900 ga yaqin rossiyalik amaldor va Putinning ma’shuqasini “qora ro‘yxat”ga kiritdi

Olam 6898
image

Amerika Qo‘shma Shtatlari Rossiyaga qarshi sanksiyalar ro‘yxatiga yana 13 nafar jismoniy va 30 dan ortiq yuridik shaxslarni kiritdi. Bu haqda AQSH Moliya vazirligi ma’lum qildi.

E’lon qilingan ro‘yxatga ko‘ra, cheklovlar boshqa narsalar qatorida sobiq sportchi Alina Kabayeva, biznesmenlar Melnichenko, Gurevix, Ponomarenko, Pumpyanskiy va Rashnikovaga ta’sir ko‘rsatgan.

Bundan tashqari, sanksiyalar Mariupol ma’muriyati rahbari Konstantin Ivashchenko, Xerson viloyati ma’muriyati rahbari Vladimir Saldo va uning o‘rinbosari Kirill Stremousovga nisbatan ham joriy qilingan.

Shuningdek, AQSHning yangi sanksiyalari rossiyalik shaxslar bilan aloqadorligi taxmin qilinayotgan ikkita yaxtaga ham tatbiq etilgan.

Shuningdek, Vashington Qrimning Rossiyaga qo‘shilishini qo‘llab-quvvatlagani uchun 893 nafar rossiyalik amaldor, jumladan Federatsiya Kengashi a’zolari va harbiylar hamda uchinchi davlatlarning 31 nafar amaldoriga nisbatan viza cheklovlari joriy qildi.

Rossiya-Ukraina urushi

Joriy yilning 21 fevral kuni Rossiya Prezidenti Vladimir Putin Kremlda Ukraina sharqidagi o‘zini mustaqil deb e’lon qilgan Lugansk xalq respublikasi (LXR) va Donetsk xalq respublikasini (DXR) tan olish to‘g‘risidagi farmonni imzoladi. Keyinroq RF respublikalarni shu nomdagi viloyatlar chegarasida tan olganini ta’kidlab, Ukrainaga qarshi urush xavfini oshirib yubordi.

Putinning favqulodda qarori ortidan AQSH, YeI, Kanada, Avstraliya, Buyuk Britaniya va Yaponiya rasmiylari ham Rossiyaga qarshi sanksiyalar kiritdi.

24 fevral kuni Rossiya Prezidenti Vladimir Putin Ukraina sharqida Donbassda rus harbiylari "maxsus harbiy operatsiya" boshlaganini e’lon qildi va rus qo‘shinlari Ukrainaga hujum boshladi. Putin bu harakatini Ukraina sharqidagi rossiyaparast separatist kuchlar rahbarlari shunday so‘rov yuborgani bilan oqladi.

Bundan avvalroq Zelenskiy Rossiya fuqarolariga rus tilida murojaat qilib, ukrainlarga “na sovuq, na issiq, na gibrid urush kerak emas”ligini, ukrainlar hujumchilarni kutib olishga tayyorligini bildirgandi. Ko‘p o‘tmay Prezident Rossiya bilan diplomatik aloqani uzdi. Prezident Zelenskiy mamlakatda harbiy holat e’lon qildi.

25 fevral kuni Zelenskiy Ukrainada umumiy harbiy safarbarlik e’lon qildi. Armiyaga chaqiruv mamlakatning qator viloyat va shaharlarida amalga oshirilishi belgilandi.

Rus qo‘shinlari hozirgacha Ukrainaga shimol, sharq va janubdan hujum qilib kelmoqda va qator hududlarni egallashga erishdi. Ammo bu urush Rossiyaning dunyoda yakkalanib qolishiga olib keldi.

Ukrainaga hujum boshlanishi Rossiya iqtisodiga og‘ir zarba berdi. Rus kompaniyalari aksiyalari keskin arzonlashdi, Moskva birjasida savdolar mislsiz darajada pasayish bilan o‘tdi. Gazprom, LUKOYL va boshqa yirik kompaniyalar yo‘qotishlarga uchradi.

Hujum boshlangach, Yevropa davlatlari va AQSH Rossiyaga qarshi bir necha bosqichli sanksiyalar joriy qildi. Rossiyaning VTB, “Rossiya” banki, “Otkritiya”, “Novikombank”, “Promsvyazbank”, “Sovkombank” va VEB.RF banklari SWIFT xalqaro banklararo tizimidan uzildi. AQSH va Yevropa Ittifoqi Rossiyaning oltin-valyuta zaxirasini blokladi.

Yevropa davlatlari, AQSH, Kanada Rossiya uchun o‘z havo hududini yopdi. Bu sanksiyalarga neytral davlat hisoblangan Shveysariya ham qo‘shildi. Urush fonida Ukrainani Yevropa Ittifoqi a’zoligiga qabul qilish jarayoni tezlashdi.

Yulduz Abdurashidova
Maqolaga baho bering
Baholaganlar: 26
Reyting: 3.3
t
×