Agressor izolyatsiya qilinishi kerak – Zelenskiy xorijiy kompaniyalarga iltimos bilan chiqdi

Olam

image

Xalqaro kompaniyalar Rossiya bozorini butunlay tark etishi kerak. Ular Rossiya Federatsiyasini izolyatsiya qilishda va shunga mos ravishda Ukrainaga yordam berishda asosiy rollardan birini o‘ynaydi. Bu haqda Ukraina Prezidenti Vladimir Zelenskiy “The Wall Street Journal” nashriga bergan intervyusida so‘z ochgan.

"Agressor izolyatsiya qilinishi kerak. To‘liq, mutlaq iqtisodiy izolyatsiya. Bu Ukrainaga o‘z huquqlari uchun kurashish imkonini beradi. Rossiya bozorini tark etish - majburiy", deydi Zelenskiy.

Prezidentning so‘zlariga ko‘ra, Rossiya Federatsiyasining iqtisodiy blokadasi nuqtai nazaridan kompaniyalarning o‘rni alohida mamlakatlar kabi muhim.

Aytish joizki, Zelenskiy joriy yilning 4 mart kuni AQSH Senatida nutq so‘zlaganida ham global biznesni Rossiya bozorini tark etishga chaqirgandi.

“Agar biron-bir kompaniya Rossiya bozorida qolsa, demak siz ushbu urush mashinasini, Rossiya terroristik  jangovar mashinasini bevosita qo‘llab-quvvatlagan bo‘lasiz”, deya so‘zida davom etgan Ukraina rahbari.

Bundan tashqari, Prezident nima uchun Rossiya Federatsiyasida ishonchli biznesni qurish mumkin emasligini tushuntirgan. 

"Siz o‘zingizni Rossiya bilan biznesingiz bordek his qiling... foydali biznes, lekin bir kuni siz uyg‘onasiz va Rossiyadan sizning tomoningizga raketa uchayotganini ko‘rasiz va hamma narsa o‘zgaradi. Bunday davlat bilan ishlay olmaysiz”, deya xulosa qilgan Zelenskiy.

Rossiya-Ukraina urushi

Joriy yilning 21 fevral kuni Rossiya Prezidenti Vladimir Putin Kremlda Ukraina sharqidagi o‘zini mustaqil deb e’lon qilgan Lugansk xalq respublikasi (LXR) va Donetsk xalq respublikasini (DXR) tan olish to‘g‘risidagi farmonni imzoladi. Keyinroq RF respublikalarni shu nomdagi viloyatlar chegarasida tan olganini ta’kidlab, Ukrainaga qarshi urush xavfini oshirib yubordi.

Putinning favqulodda qarori ortidan AQSH, YeI, Kanada, Avstraliya, Buyuk Britaniya va Yaponiya rasmiylari ham Rossiyaga qarshi sanksiyalar kiritdi.

24 fevral kuni Rossiya Prezidenti Vladimir Putin Ukraina sharqida Donbassda rus harbiylari "maxsus harbiy operatsiya" boshlaganini e’lon qildi va rus qo‘shinlari Ukrainaga hujum boshladi. Putin bu harakatini Ukraina sharqidagi rossiyaparast separatist kuchlar rahbarlari shunday so‘rov yuborgani bilan oqladi.

Bundan avvalroq Zelenskiy Rossiya fuqarolariga rus tilida murojaat qilib, ukrainlarga “na sovuq, na issiq, na gibrid urush kerak emas”ligini, ukrainlar hujumchilarni kutib olishga tayyorligini bildirgandi. Ko‘p o‘tmay Prezident Rossiya bilan diplomatik aloqani uzdi. Prezident Zelenskiy mamlakatda harbiy holat e’lon qildi.

25 fevral kuni Zelenskiy Ukrainada umumiy harbiy safarbarlik e’lon qildi. Armiyaga chaqiruv mamlakatning qator viloyat va shaharlarida amalga oshirilishi belgilandi.

Rus qo‘shinlari hozirgacha Ukrainaga shimol, sharq va janubdan hujum qilib kelmoqda va qator hududlarni egallashga erishdi. Ammo bu urush Rossiyaning dunyoda yakkalanib qolishiga olib keldi.

Ukrainaga hujum boshlanishi Rossiya iqtisodiga og‘ir zarba berdi. Rus kompaniyalari aksiyalari keskin arzonlashdi, Moskva birjasida savdolar mislsiz darajada pasayish bilan o‘tdi. Gazprom, LUKOYL va boshqa yirik kompaniyalar yo‘qotishlarga uchradi.

Hujum boshlangach, Yevropa davlatlari va AQSH Rossiyaga qarshi bir necha bosqichli sanksiyalar joriy qildi. Rossiyaning VTB, “Rossiya” banki, “Otkritiya”, “Novikombank”, “Promsvyazbank”, “Sovkombank” va VEB.RF banklari SWIFT xalqaro banklararo tizimidan uzildi. AQSH va Yevropa Ittifoqi Rossiyaning oltin-valyuta zaxirasini blokladi.

Yevropa davlatlari, AQSH, Kanada Rossiya uchun o‘z havo hududini yopdi. Bu sanksiyalarga neytral davlat hisoblangan Shveysariya ham qo‘shildi. Urush fonida Ukrainani Yevropa Ittifoqi a’zoligiga qabul qilish jarayoni tezlashdi.


Maqola muallifi

Teglar

Rossiya-Ukraina urushi Ukrainaga bosqin

Baholaganlar

10

Reyting

2.8

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing