“Aeroflot” sanksiyalar tufayli samolyotlarini qismlarga ajratishni boshladi – OAV

Olam

image
0:00
0:00
download

G‘arb sanksiyalariga uchragan Rossiya aviakompaniyalari, jumladan, “Aeroflot” ehtiyot qismlar zaxirasini ta’minlash uchun samolyotlarni demontaj qilishni boshladi. Bu haqda “Reuters” aviatsiya sohasidagi to‘rtta manbaga tayanib, xabar berdi.

Agentlik suhbatdoshlaridan birining so‘zlariga ko‘ra, hozirda “Aeroflot” kompaniyasiga tegishli bitta Superjet 100 va Airbus A350 samolyotlari yerda bo‘lib, demontaj qilinmoqda. Manbaning aniqlik kiritishicha, Airbus A350 deyarli yangi.

“Aeroflot”ning bir nechta Boeing 737 va Airbus A320 samolyotlaridan ham jihozlar olib qo‘yilgan, chunki jihozlar ushbu rusumdagi qolgan samolyotlarga kerak”, deya qo‘shimcha qilgan manba.

“Flightradar” xizmati ma’lumotlariga ko‘ra, iyul oyi oxiridan beri “Aeroflot” o‘zining 50 ga yaqin samolyotlarini ishlatmagan. 

“Kompaniyaning yettita Airbus-A350 samolyotidan uchtasi (jumladan, bittasi hozirda ehtiyot qismlar uchun ajratilgan) uch oydan beri uchmagan”, deb yozadi “Reuters”.

Ma’lumot uchun:

•  fevral oyi oxirida Yevropa Ittifoqi rus samolyotlari uchun o‘z havo hududini yopdi, ular uchun ehtiyot qismlarni yetkazib berishni, texnik xizmat ko‘rsatishni hamda sug‘urtalashni taqiqladi, shuningdek, lizing kompaniyalarini Rossiya aviatashuvchilari uchun ijaraga olingan samolyotlarni qaytarishni majbur qildi.

•  may oyida “Bloomberg” agentligi ekspert hisob-kitoblariga tayanib, Boeing va Airbus avialaynerlari uchun butlovchi qismlar yetishmasligi sababli “Aeroflot” yoz oxirigacha o‘z samolyotlarini qismlarga ajratishni boshlashi kerakligini xabar qilgan edi.

•  iyul oyida Bosh vazir o‘rinbosari Yuriy Borisov transport vazirligi Rossiya aviakompaniyalari mavjud Airbus va Boeing samolyotlari parkini besh yil davomida xavfsiz boshqarishi mumkinligini hisoblab chiqqanini aytgan.

Rossiya-Ukraina urushi

Joriy yilning 21 fevral kuni Rossiya Prezidenti Vladimir Putin Kremlda Ukraina sharqidagi o‘zini mustaqil deb e’lon qilgan Lugansk xalq respublikasi (LXR) va Donetsk xalq respublikasini (DXR) tan olish to‘g‘risidagi farmonni imzoladi. Keyinroq RF respublikalarni shu nomdagi viloyatlar chegarasida tan olganini ta’kidlab, Ukrainaga qarshi urush xavfini oshirib yubordi.

Putinning favqulodda qarori ortidan AQSH, YeI, Kanada, Avstraliya, Buyuk Britaniya va Yaponiya rasmiylari ham Rossiyaga qarshi sanksiyalar kiritdi.

24 fevral kuni Rossiya Prezidenti Vladimir Putin Ukraina sharqida Donbassda rus harbiylari "maxsus harbiy operatsiya" boshlaganini e’lon qildi va rus qo‘shinlari Ukrainaga hujum boshladi. Putin bu harakatini Ukraina sharqidagi rossiyaparast separatist kuchlar rahbarlari shunday so‘rov yuborgani bilan oqladi.

Bundan avvalroq Zelenskiy Rossiya fuqarolariga rus tilida murojaat qilib, ukrainlarga “na sovuq, na issiq, na gibrid urush kerak emas”ligini, ukrainlar hujumchilarni kutib olishga tayyorligini bildirgandi. Ko‘p o‘tmay Prezident Rossiya bilan diplomatik aloqani uzdi. Prezident Zelenskiy mamlakatda harbiy holat e’lon qildi.

25 fevral kuni Zelenskiy Ukrainada umumiy harbiy safarbarlik e’lon qildi. Armiyaga chaqiruv mamlakatning qator viloyat va shaharlarida amalga oshirilishi belgilandi.

Rus qo‘shinlari hozirgacha Ukrainaga shimol, sharq va janubdan hujum qilib kelmoqda va qator hududlarni egallashga erishdi. Ammo bu urush Rossiyaning dunyoda yakkalanib qolishiga olib keldi.

Ukrainaga hujum boshlanishi Rossiya iqtisodiga og‘ir zarba berdi. Rus kompaniyalari aksiyalari keskin arzonlashdi, Moskva birjasida savdolar mislsiz darajada pasayish bilan o‘tdi. Gazprom, LUKOYL va boshqa yirik kompaniyalar yo‘qotishlarga uchradi.

Hujum boshlangach, Yevropa davlatlari va AQSH Rossiyaga qarshi bir necha bosqichli sanksiyalar joriy qildi. Rossiyaning VTB, “Rossiya” banki, “Otkritiya”, “Novikombank”, “Promsvyazbank”, “Sovkombank” va VEB.RF banklari SWIFT xalqaro banklararo tizimidan uzildi. AQSH va Yevropa Ittifoqi Rossiyaning oltin-valyuta zaxirasini blokladi.

Yevropa davlatlari, AQSH, Kanada Rossiya uchun o‘z havo hududini yopdi. Bu sanksiyalarga neytral davlat hisoblangan Shveysariya ham qo‘shildi. Urush fonida Ukrainani Yevropa Ittifoqi a’zoligiga qabul qilish jarayoni tezlashdi.


Maqola muallifi

Teglar

Rossiya-Ukraina urushi Ukrainaga bosqin Aerflot

Baholaganlar

26

Reyting

3.2

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing