“Adolatsizlik”, “sharmandalik” deyishdan oldin o‘ylash kerak – G‘iyosov ijtimoiy tarmoq faollariga murojaat qildi
Jamiyat
−
07 Oktabr 2021
16473Joriy yilda O‘zbekistonda o‘lim bilan yakunlangan 1 682 ta yo‘l-transport hodisasi sodir bo‘lgan. Bu haqda Ichki ishlar vazirligi matbuot kotibi Shohruh G‘iyosov xabar berdi va tizim xodimlarini tanqid qilayotgan tarmoq foydalanuvchilariga murojaat qildi.
Vazirlik vakili o‘lim bilan yakunlangan YTHlarda olingan suratlarni ilova qilib, ularning bari tezlikni oshirish oqibatida yuz berganini qo‘shimcha qilgan.
“Ayrim ijtimoiy tarmoq faollaridan, bu mavzuda fikrlarini yozishda “adolatsizlik”, “sharmandalik” kabi terminlarni ishlatishdan oldin, yaxshilab o‘ylab ko‘rishlarini so‘raymiz”, deydi G‘iyosov.
Uning ta’kidlanishcha, bugungi kunga qadar respublikada 6 551 ta yo‘l transport hodisasi sodir etilgan bo‘lib, ulardan 1 682 tasi o‘lim bilan tugagan. Jarohat olganlar soni esa 5 920 tani tashkil etadi. Yo‘l transport hodisalarining deyarli 40 foizi tezlikni me’yoridan oshirish natijasidir.
“Yaqin kunlarda yo‘l transport hodisasi oqibatida yuz bergan jurnalistning o‘limi ham bizlar uchun dars bo‘lishi lozim. So‘z erkinligini – so‘z o‘yinlariga aylantirmang”, deydi IIV mas’uli.
Qayd etish kerakki, yaqin kunlarda o‘lim bilan, xususan, bolalar o‘limi bilan yakunlangan qator yo‘l-transport hodisalari yuz berdi. Jumladan, Surxondaryo va Namanganda 5-6 yoshli qizlar, Namangandagi boshqa bir avtohalokatda 75 yoshli fuqaro halok бўлди. Shuningdek, Toshkentda ham Damas haydovchisi 4 nafar maktab o‘quvchisini urib ketgandi. YTH oqibatida bolalardan biri vafot etgan.
LiveBarchasi