Toshkent shahar sudlari Rabbimov ishi bo‘yicha IIV faktlarini rad etadigan bayonot berdi
Jamiyat
−
19 aprel 2022
20280Siyosatshunos Kamoliddin Rabbimovga nisbatan qo‘zg‘atilgan ma’muriy javobgarlik ishi va tuman sudi qarorining o‘zgartirilishi yuzasidan Toshkent shahar sudlari bayonot berdi. Qiziq va e’tiborli jihati shundaki, Toshkent shahar sudlari tomonidan berilgan bayonot Ichki ishlar vazirligi Matbuot kotibi Shohruh G‘iyosovning Rabbimov ishi bo‘yicha keltirgan faktlarini rad etmoqda. Jumladan Toshkent shahar sudlari rasmiy bayonotida shunday deyiladi:
“2022 yil 18 aprel kuni jinoyat ishlari bo‘yicha Shayxontohur tuman sudida K.Rabbimov (1977 yilda Samarqand viloyatida tug‘ilgan) va Sh. Samandarov (1997 yilda Navoiy viloyatida tug‘ilgan)ga nisbatan ma’muriy huquqbuzarlik to‘g‘risidagi ish ko‘rib chiqildi.
Aniqlanishicha, 2022 yil 17 aprel kuni K.Rabbimov va Sh.Samandarov Toshkent savdo markazi (Shayxontohur tumani) oldidagi jamoat joyida shovqin qilib turishgan vaqtda shu yerda xizmat olib borayotgan ichki ishlar organlari xodimlari kelib (!), ularning shaxsini aniqlash maqsadida IIB binosiga taklif qilishganda, ularga qarshilik ko‘rsatib, ichki ishlar organlari xodimlarining qonuniy talablarini bajarmasdan, ularni omma oldida haqorat qilishgan”.
IIV Matbuot kotibi G‘iyosov bergan bayonotda esa go‘yo Rabbimov “Chaqar” mahallasida sanitariya-profilaktik tadbirlar jarayonida o‘z xizmat vazifasini bajarayotgan ichki ishlar idoralari xodimlarining faoliyatiga asossiz aralashgan. G‘iyosov bu borada shunday degan:
“Joriy yilning 17 aprel kuni Toshkent shahrining Shayxontohur tumani “Chaqar” mahallasida o‘tkazilayotgan sanitariya-profilaktik tadbirlar jarayonida, chet el fuqarosi K.R. xizmat vazifasini bajarayotgan xodimlarning faoliyatiga asossiz aralashib, ularning ishiga to‘sqinlik yaratib, qonuniy talablarini bajarmagan”.
Shu o‘rinda savol tug‘iladi: Rabbimov o‘z xizmat vazifasini bajarayotgan xodimlarning faoliyatiga borib aralashganmi yoki boshqa birov bilan janjallashayotganda IIB xodimlari uning yoniga kelib, shaxsini aniqlash maqsadida IIB binosiga taklif qilganmi? Bu ikki farqli holat va ikkisi has alohida tahlilni talab qiladi.
Toshkent shahar sudlari bayonotiga qaytadigan bo‘lsak, huquqbuzarlar K.Rabbimov va Sh.Samandarovning harakatlari ishda mavjud to‘plangan dalillar, jabrlanuvchi Z.Tursunovning arizasi, guvohlarning tushuntirish xatlari va boshqa hujjatlar bilan o‘z tasdig‘ini topgan.
Sudning qaroriga ko‘ra:
K.Rabbimov Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 183-moddasi (mayda bezorilik), 194-moddasi (ichki ishlar organlari xodimining qonuniy talablarini bajarmaslik) 1-qismi va 195-moddasi (ichki ishlar organlari xodimlarining o‘z xizmat burchlarini bajarishlariga qarshilik ko‘rsatish)da nazarda tutilgan ma’muriy huquqbuzarliklarni sodir etgan deb topilib, unga Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 34-moddasi (bir necha huquqbuzarlikni sodir etganlik uchun ma’muriy jazo qo‘llanish)ga asosan uzil-kesil 15 sutka ma’muriy qamoq jazosi tayinlangan.
Sh.Samandarov Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 194-moddasi 1-qismida nazarda tutilgan huquqbuzarlikni sodir etgan deb topilib, unga bazaviy hisoblash miqdorining bir baravari miqdorida jarima jazosi tayinlangan.
Ushbu qaror ustidan K.Rabbimov tomonidan keltirilgan apellyatsiya shikoyati Toshkent shahar sudining jinoyat ishlari bo‘yicha sudlov hay’ati apellyatsiya instansiyasida ko‘rib chiqilib, 18 apreldagi jinoyat ishlari bo‘yicha Shayxontohur tuman sudining K.Rabbimovga nisbatan chiqarilgan qarori o‘zgartirilgan.
Toshkent shahar sudining jinoyat ishlari bo‘yicha sudlov hay’ati apellyatsiya instansiyasining 18 apreldagi qarori bilan K.Rabbimovga uzil-kesil bazaviy hisoblash miqdorining 2 baravari miqdorida jarima jazosi tayinlanib, apellyatsiya shikoyati qanoatlantirilgan.
Qarorning qolgan qismi o‘zgarishsiz qoldirilgan.
LiveBarchasi