Putin Rossiyaning qudratiga tarixiy zarba berib qo‘ydi – Rabbimov
Jamiyat
−
24 noyabr 2022
16869Putin Rossiyani qaytadan imperiyaga aylantirishni orzu qilib, uning bor qudratiga ham tarixiy zarba berib qo‘ydi. Bu haqda o‘zbekistonlik siyosatshunos Kamoliddin Rabbimov o‘z Telegram-kanalida yozdi.
Avval xabar berilganidek, kecha, 23 noyabr kuni Strasburgda Yevropa Ittifoqi parlamenti Rossiya Federatsiyasining Ukrainaga qarshi harbiy tajovuzi tufayli Rossiyani terrorizmning homiysi sifatida tan olish to‘g‘risidagi rezolyutsiyani qabul qildi. Qarorni 494 nafar deputat qo‘llab-quvvatladi, 58 nafari qarshi chiqdi, 44 nafari betaraf qoldi. Rabbimov bunga munosabat bildirarkan, shunday deydi:
“Yevropa Parlamenti ko‘pchilik ovoz bilan Rossiya Federatsiyasini “terrorizm homiysi bo‘lgan davlat” deb tan olibdi. Bu qaror, hozircha ramziy-siyosiy ma’noga ega, va real huquqiy oqibatlari mavjud emas. Lekin, bu katta qadamlarning boshlanishi bo‘lishi mumkin. Yevroparlament Yevropa Komissiyasi va Kengashini Rossiyaga nisbatan “terror homiysi bo‘lgan davlat” sifatida muomalada bo‘lishga chaqirgan. Ya’ni, rasmiy Moskvani to‘liq ixotalash tavsiya qilingan.
AQSHda ham bir necha oydan beri Rossiyani “terrorizm homiysi bo‘lgan davlat” sifatida baholash chaqiriqlari bor. Lekin, Bayden ma’muriyati bu taklifga qarshi. Chunki, AQSH qonunchiligiga ko‘ra, Vashington qaysi bir davlatni “terrorizm homiysi” deb tan olsa, unga nisbatan real huquqiy mexanizmlar ishlashi kerak”.
Rabbimovning urg‘ulashicha, Rossiyaga nisbatan real huquqiy mexanizmlarni joriy qilish oqibatlari global darajada katta o‘zgarishlarga olib keladi. Siyosatshunos fikrini misollar bilan asoslagan.
“Misol uchun, Rossiya BMTning Xavfsizlik Kengashi doimiy a’zosi. Agar Rossiya “terrorizm xomiysi bo‘lgan davlat” deb tan olinsa, BMT Xavfsizlik Kengashidan chiqarilishi nazarda tutilishi kerak. Buning uchun, Xavfsizlik Kengashining qolgan doimiy a’zolari ham bunga rozilik berishi kerak. Qolaversa, Rossiya bilan AQSH va g‘arb davlatlarining diplomatik munosabatlar deyarli uzilishi yoki juda pasayishi kerak bo‘ladi”, deydi u.
Rabbimovga ko‘ra, Rossiyaga nisbatan real bosimlar Putin hokimiyatdan ketganidan keyin ham to‘xtamaydi. Rossiyani qo‘lidan yadro qurolini olib qo‘yish, BMT Xavfsizlik Kengashidagi uni veto huquqini olish tashlashga intilish ham kuchayadi.
“Putin, Rossiyani qaytadan imperiyaga aylantirishni orzu qilib, uning bor qudratiga ham tarixiy zarba berib qo‘ydi. Rossiya bu vaziyatdan 2021 yildagi kabi jamuljam resurslar va qudrat bilan chiqa olmaydi, albatta zaif yoki o‘ta zaif holatda chiqadi”, deya fikriga xulosa yasagan Kamoliddin Rabbimov.
LiveBarchasi