O‘zbekiston hokimiyatiga nisbatan G‘arbda kutish holati tugagan – Rabbimov
Jamiyat
−
14 mart 2023
20705Prezidentning “O‘zbekiston kim tomonda bo‘ladi?” deb bizga bosimlar bo‘layapti” degan bayonoti O‘zbekiston hokimiyatiga nisbatan G‘arbda kutish holati tugaganini ifodalashi mumkin. Bu haqda siyosatshunos Kamoliddin Rabbimov o‘zining Telegram-kanalida yozib qoldirdi.
Xabaringiz bor, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev kecha, 13 mart kuni Surxondaryo viloyatiga tashrifi doirasida faollar bilan uchrashuvda katta-katta davlatlar vakillari kelib, O‘zbekistonga “sen kim tomondasan” degan savolni qo‘yayotgani haqida gapirgan edi.
Prezidentning aytganlari ayni vaqtda tarmoqda asosiy mavzu bo‘lib turibdi. Bu haqda siyosatshunos Kamoliddin Rabbimov shunday deydi:
“Shu paytga qadar G‘arbda “O‘zbekiston to‘laqonli Rossiya tarafga o‘tmayapti, balki o‘zaro hamkorligimiz kuchayar?!” degan kutish bor edi. Bu kutish amalga oshmadi. O‘zbekiston, 100% geosiyosatni, shartli ravishda 36 %ni Rossiyaga, 32 %ni Xitoyga va 32 %ni g‘arbga ajratgan edi. Boshqaruv paketi, ya’ni 51% hech kimga qaratilmadi.
Menimcha, kelasi yillar O‘zbekistondagi inson huquqlari va demokratiya vaziyati, ancha keskin tanqid qilinib boshlansa kerak. Chunki, buning uchun, ichki vaziyat imkoniyat beradi. Tanqidga to‘sqinlik qiladigan “geosiyosiy maqsadga muvofiqlik” yo‘qolib borayapti. Prezidentning “O‘zbekiston kim tomonda bo‘ladi?” deb bizga bosimlar bo‘layapti” degan bayonoti, BMT Inson huquqlari Komissarining ba’zi bayonotlari, Freedom House tashkilotining O‘zbekistonga salbiy baho berishlari – O‘zbekiston hokimiyatiga nisbatan g‘arbda kutish holati tugaganini ifodalashi mumkin”, deydi Rabbimov.
Prezidentning Surxondaryoga tashrifida aytgan gaplari, shu kunlarda ko‘rgan kechirganlarimizni eslatadi. Haqiqatan ham O‘zbekiston kim tomonda? Bu savolga javobni ham Mirziyoyevning o‘zi aytdi:
“Savolga javob bitta: bir tomonman! Millatim, xalqim, buyuk O‘zbekistonimni manfaati uchun o‘lishga ham tayyorman deb javob beraman!”
Gap shundaki, joriy yilning 28 fevral – 1 mart kunlari AQSH Davlat kotibi Entoni Blinken ilk rasmiy tashrif bilan Markaziy Osiyoning ikki mamlakati – Qozog‘iston va O‘zbekistonga kelib, Prezidentlar Qosim-Jomart To‘qayev va Shavkat Mirziyoyev bilan uchrashdi. BlinkenToshkentda o‘tkazgan matbuot anjumanida aytishicha, u O‘zbekiston rahbariyati bilan Rossiyaning Markaziy Osiyoga mumkin bo‘lgan tahdidi, inson huquqlari, so‘z va matbuot erkinligi, Konstitutsiyaga kiritilayotgan o‘zgartishlar masalalari muhokama qilgan.
Mirziyoyevning aytlaridan ko‘rinyaptiki, Blinken tashrifda Toshkentga u yoki bu tomonni tanlash, neytarllikdan voz kechishni ham talab qilgan.
Blinkenning O‘zbekiston va Qozog‘istonga tashrifidan ikki kun o‘tib, 3 mart kuni Prezident Shavkat Mirziyoyev va Qosim-Jomart To‘qayev Chimkentda norasmiy uchrashuv o‘tkazdi. Prezident Matbuot xizmati tarqatgan rasmiy xabarga ko‘ra, uchrashuvda O‘zbekiston va Qozog‘iston o‘rtasidagi strategik sheriklik va ittifoqchilik munosabatlarini yanada mustahkamlash, o‘zaro manfaatli hamkorlikni kengaytirish masalalari muhokama qilingan. Oradan bir necha kun o‘tgach, Putin ikki mamlakat rahbarlariga qo‘ng‘iroq qilib, muloqot qildi. Uch mamlakat rahbarlarining Matbuot xizmati bergan rasmiy xabarlarda suhbatda ikki tomonlama munosabatlarning bugungi holati va yanada mustahkamlash istiqbollari muhokama qilingan.
O‘zbekiston Rossiya-Ukraina urushida betaraf qolayotgani bugun hech kimga sir emas. Birlashgan Millatlar Tashkiloti Bosh Assambleyasi 23 fevral kuni Ukraina bo‘yicha maxsus sessiyasi chog‘ida Rossiyaning Ukrainaga bostirib kirishiga bir yil to‘lishiga bag‘ishlangan Rossiyaga qarshi rezolyutsiyani qabul qildi. Hujjatga 141 davlat ovoz berdi, 7 davlat qarshi chiqdi. Ular orasida Rossiyaning o‘zi, Belarus, Shimoliy Koreya, Mali, Nikaragua, Suriya va Eritreya bor. 32 davlat, jumladan O‘zbekiston betaraf qoldi.
Hujjatga ko‘ra, mojaroning boshlanishi uchun javobgarlik faqat Rossiya zimmasiga tushadi. Matn tomonlarni tinch aholi va mahbuslar oldidagi majburiyatlarini bajarishga chaqiradi. Shuningdek, milliy yoki xalqaro darajada tegishli, adolatli va mustaqil tergov va ta’qib qilish orqali Ukrainada sodir etilgan eng og‘ir jinoyatlar uchun xalqaro huquqqa muvofiq javobgarlikka tortilishi zarurligini ta’kidlaydi.
Dunyoda sodir bo‘layotgan hech bir voqea, ayniqsa, u Rossiya va Ukraina urushi singari keng ko‘lamli bo‘lsa, O‘zbekistonga ham ta’sir etmas qolmaydi. Bunda esa hissiyotlarga berilmay, hatto, izohlarda ham yetti o‘lchab bir kesgan ma’qul.
LiveBarchasi