Putin va To‘qayev endi “do‘st” yoki “ishonchli hamkor” bo‘lolmaydi – Rabbimov Rossiya-Qozog‘iston urushi ehtimoli haqida 

Jamiyat

image

Rossiya Prezidenti Vladimir Putin yomon xotirali siyosatchi. U Qozog‘iston yetakchisi Qosim Jomart-To‘qayevning manyovrlarini yutib yubormaydi, imkon bo‘lishi bilan javob beradi. Bu haqda siyosatshunos Kamoliddin Rabbimov Facebook'dagi sahifasida so‘z ochdi.

“Bundan keyin, mintaqa uchun o‘ta muhim siyosiy va geosiyosiy masalalardan biri – bu Rossiya-Qozog‘iston munosabatlarini kuzatib borish bo‘ladi. Putin-To‘qayev munosabatlari shakllanib bo‘ldi: ishonchsizlik, sovuqlik, yashirincha va oshkora zo‘riqishlar, fikriy to‘qnashuvlar. O‘zaro inkor qilish munosabatlari rasman va chuqur bir darajada rasmiylashtirildi. Putin yomon xotirali siyosatchi. U To‘qayevning bu manyovrlarini yutib yubormaydi, imkon bo‘lishi bilan javob beradi”, deya yozib qoldirgan u.

Siyosatchining fikricha, bugun Rossiyaga ikki frontda urushish og‘irlik qiladi. Ayni paytda, Putin Qozog‘istonni “yengil o‘lja” sifatida ko‘rishi hamda Ukraina “mag‘lubiyati” uchun yaxshi kompensatsiya sifatida qarashi ham mumkin. Qozog‘iston jamoatchiligida ham xavotirlar oshib bormoqda.

“To‘qayev uchun “davlatning qadr-qimmati” – kompromissga borib bo‘lmaydigan, geosiyosiy taktikada “vaqtinchalik ikkinchi darajali masala” sifatida ko‘rilmaydigan holat ekanligi ma’lum bo‘ldi. Bir so‘z bilan aytganda, Putin-To‘qayev munosabatlari shakllanib bo‘ldi. Bular endi o‘zaro “do‘st” yoki “ishonchli hamkor” bo‘la olmaydi”, deydi Rabbimov.

Uning so‘zlariga ko‘ra, Putin bu yaqin orada hokimiyatda ketmaydi. To‘qayev ham o‘z mavqeini mustahkamlab olgan. 

“Demak, yaqin yillarda kuchayib boruvchi Rossiya-Qozog‘iston zo‘riqishlarini kutishga asos bor. Bu zo‘riqishlar yaqin yarim-bir yil ichida dinamik emas, sekin kechuvchi bo‘ladi. Undan keyin qanday ko‘rinadi – Ukraina urushi va Markaziy Osiyo mintaqasining, turkiy davlatlarining jipsligiga, Rossiyadagi siyosiy vaziyatga ko‘p narsa bog‘liq bo‘ladi”, deya ta’kidladi siyosatchi.

Avvalroq, Qozog‘iston Rossiya bilan urushdan xavfsirab, mudofaa qobiliyatini mustahkamlashga qaror qilgani haqida xabar bergan edik.

Ma’lumot uchun, boshqa Markaziy Osiyo davlatlari kabi Qozog‘iston ham Rossiyaning Ukrainaga bostirib kirishidan keyin urushga nisbatan betaraflikni saqlab qoldi. “The Wall Street Journal” ma’lumotlariga ko‘ra, mamlakatda nozik muvozanat saqlanib turibdi: Qozog‘iston Ukrainadagi urushga qarshi namoyishlarni taqiqladi, biroq Rossiya bosqinining ramzlaridan biri bo‘lgan “Z” belgisini omma oldida namoyish qilishni ham chekladi.

17 iyun kuni Qozog‘iston Prezidenti Qosim-Jomart To‘qayev Rossiya Prezidenti Vladimir Putin ishtirokidagi Sankt-Peterburg iqtisodiy forumida nutq so‘zlab, o‘zini o‘zi mustaqil deb e’lon qilgan DXR va LXRni kvazidavlat hududlari deb atadi va Qozog‘iston ularni tan olmasligini ma’lum qildi.

Bundan tashqari, Qozog‘iston G‘arbning ayrim sanksiyalarini qo‘llab-quvvatlashga tayyorlanayotgan edi: iyul oyi boshida Qozog‘iston Moliya vazirligi sanksiya ro‘yxatiga kiritilgan tovarlarni Rossiya va Belarusga yetkazib berishni taqiqlovchi buyruq loyihasini jamoatchilik muhokamasi uchun e’lon qildi. 6 iyul kuni Rossiya Federatsiyasi Prezidentining matbuot kotibi Dmitriy Peskov buni izohlar ekan, hozircha hech qanday qaror yo‘qligini va “hukumatlar doimiy aloqada” ekanini aytdi. Shundan keyin hujjatning qabul qilinishi haqida xabar berilmagan.


Maqola muallifi

Teglar

Putin To'qaev Kamoliddin Rabbimov

Baholaganlar

702

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing