O‘zbekiston Putinning ittifoq taklifiga rozi bo‘lmaydi – Rabbimov

Jamiyat

image

O‘zbekiston Rossiya Federatsiyasi Prezidenti Vladimir Putin taklif qilayotgan Rossiya, Qozog‘iston, O‘zbekiston ittifoqiga qo‘shilmaydi. Bu haqda siyosatshunos, geosiyosiy masalalar bo‘yicha ekspert Kamolliddin Rabbimov o‘zining Telegram kanalida yozib qoldirdi. 

Xabaringiz bor, joriy yilning 28 noyabr kuni Rossiya Federatsiyasi Prezidenti Vladimir Putin va Qosim-Jomart To‘qayev o‘rtasida Kremlda uchrashuv bo‘lib o‘tdi. Muzokaralar yakunida Qozog‘iston Prezidentining ma’lum qilishicha, Putin To‘qayevga Rossiya, Qozog‘iston, O‘zbekiston ittifoqini tuzishni taklif qilgan. Keyinroq ma’lum bo‘lishicha, Putin To‘qayevga uch davlatning gaz bo‘yicha ittifoqini tuzishni rejalarini aytgan

Kamoliddin Rabbimov bu haqida gapirarkan, rasmiy Toshkent bu ittifoqqa qo‘shilib, o‘z musttaqilligini yo‘qotish tomon qadam bosmasligini aytadi. 

“Ishonchim komil, O‘zbekiston bu ittifoqqa qo‘shilmaydi. Sabablari ko‘p. Birinchidan, O‘zbekiston o‘zining energetik oldi-sotdisini Rossiya bilan muvofiqlashtirsa, o‘zining energetik va geosiyosiy mustaqilligini tep-tekis joyda qisqartirgan, toraytirgan yoki yo‘qotgan bo‘ladi. Ikkinchidan, ihotalangan Rossiyaga energetik va savdo-iqtisodiy hamda geosiyosiy munosabatlar ustidan monopoliyani saqlab qolishda, o‘zining manfaatlarini qurbon qilib bo‘lsa-da, yordam bersa, shimoliy imperiyalizmning yashovchanligini uzaytirgan bo‘ladi. Qolaversa, ikkilamchi sanksiyalarga o‘zini ataylab duchor qilgan bo‘ladi”, deydi Rabbimov. 

Ommaviy axborot vositalarida Putinning ittifoq havasi haqidagi xabarlar tarqalgan ilk soatlardanoq, ijtimoiy tarmoqning o‘zbek segmentida Hukumatni bu ittifoqdan uzoq turishga chaqiriqlar yangray boshladi. Rabbimov ham ulardan biri. Jumladan siyosatshunos shunday deydi: 

“O‘zbekiston, Markaziy Osiyodagi geosiyosiy eng mustaqil davlat. Hohlaganda Kollektiv xavfsizlik shartnomasi tashkilotiga kirib, xohlaganda chiqadi. Yevrosiyo Ittifoqida ham kuzatuvchi bo‘lib, bu tashkilotga a’zo davlatlarning o‘zaro aloqalarini ichkaridan va bepul tomosha qilishni yaxshi ko‘radi. Lekin, bu ishlarga aralashib, o‘ziga katta mas’uliyat yoki og‘ir gunoh olmaydi. Shu paytgacha Yevrosiyo Ittifoqiga to‘liq kirmagan O‘zbekiston, endi, sanksiyalar bosimi ostida turgan Rossiyaning yangi “ittifoqi”ga qo‘shiladimi? Menimcha, hali ham ba’zilar O‘zbekistonni yaxshi tushunmagan ko‘rinadi…”


Maqola muallifi

Teglar

Kamoliddin Rabbimov

Baholaganlar

751

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing