G‘iyosov IIB xodimlari o‘ldirgani aytilayotgan fuqarolarni “Xudo urgan” va “tayini yo‘q” deb atadi
Jamiyat
−
03 avgust 2021
36366So‘nggi vaqtlarda Qoraqalpog‘istonda ichki ishlar bo‘limiga olib ketilgan fuqaroning vafot etgani, Denovda profilaktika inspektori yordamchilari fuqaroni o‘lasi qilib do‘pposlagani kun tartibida bo‘lib turibdi.
Ichki ishlar xodimlari ikki kishining o‘limida ayblanayotgan bir vaqtda ijtimoiy tarmoqlarda Ichki ishlar vazirligi Matbuot kotibi Shohruh G‘iyosovga tegishli audio tarqaldi. Unda G‘iyosov Qoraqalpog‘iston va Denovdagi holatlar yuzasidan shaxsiy fikrlarini bildirilgan. IIV vakili so‘zini odamlar va OAVga “tema” topilgani bilan boshlagan, keyinroq marhumlarni “tayini yo‘q, Xudo urgan” deb atagan.
“Assalomu alaykum, hurmatli jurnalistlar! Mana, yana “tema” topildi. Qoraqalpog‘istonda, Surxondaryoda! E-e-e-h! Hech kim hech narsani kelib tekshirmaydi, so‘ramaydi. “Mana shunday bo‘lgan ekan”, deb ketdi, mana. Mayli, eshitinglar! Demak, Qoraqalpog‘istonda odam pnevmoniyadan o‘lib qolgan. Haqiqatan Ichki ishlar organlariga olib kelingan, undan oldin ko‘chada g‘irt mast-alas yotgan. Borib tekshirtirgan, peshonasida jarohati bo‘lgan. Keyin radioga olib kelgan, mazasi bo‘lmagan, olib borgan, o‘lib qolgan. Uni prokuratura “polniy” tekshirgan, xodimning hech qanday aybi yo‘q va jinoyat ishi qo‘zg‘atilishi rad etilgan. Onasi yana yozgan “Ichki ishlar organlari urgan”, deb. Hozir yana qayta tekshirilmoqda. Bu Qoraqalpog‘istondagi holat bo‘yicha”, deydi G‘iyosov.
Surxondaryoning Denovidagi holat haqida gapirar ekan G‘iyosov profilaktika inspektorlari tomonidan kaltaklanishi oqibatida vafot etgan shaxs “qotillik” jinoyati bilan sudlanganiga to‘xtalgan va uni “Xudo urgan”ga chiqargan.
“Denovdagi holatdagi inson g‘irt Xudo urgan, undan oldin “ubiysa” bilan sudlangan odam. Uyida ham hech kimga tinchlik bermaydi. Doim janjal! O‘ziyam undan oldin qayerdadir kaltak yegan, xodimlar borib uni olib kelgan. Yo‘lda ham qarshilik ko‘rsatgan. Qarshilik ko‘rsatgandan keyin nima qiladi, kuch ishlatadi-da biznikilar! Undan keyin uni qo‘yib yuborishgan. Xudo biladi, nima qilgan, qayerda yurgan! Lekin haqiqatda jarohatlardan o‘lgan. Ammo, qayerda jarohatlangan, nima bo‘lgan?! Shifoxonaga olib ketilayotganda, o‘lishidan oldin “Meni militsiya urdi”, degan. Shuning uchun mana ikkita yosh yigitlar, bittasi 1997 yil, bittasi 2003 yil bola – profilaktika inspektorining yordamchilari juvonmarg bo‘lib ketdi. Bitta Xudo urganni orqasidan. Hammasi mast! Shuning uchun bir narsa yozishdan oldin til bilan chopmanglar! Ozgina surishtirib ko‘ringlar. Menga chiqinglar, so‘ranglar. Sizlarga o‘zim tushuntirib beraman, qanday holat bo‘lgan, nima bo‘lgan! Bu hech qanday rasmiy gaplar emas, bu umumiy xulosa! Rasmiyni qayerda kerak bo‘lsa beramiz”, degan G‘iyosov.
Vazirlik vakilining yuqoridagi fikrlarni bildirgani achinarli holat. Inson Xudo urgan, mast, sudlangan bo‘ladimi yashash uning oliy huquqi. Uning shu huquqini ta’minlashi, buzilsa, tiklab berishi kerak bo‘lgan idora rasmiysi esa birovning o‘limiga sabab bo‘lgan hamkasblarini bu tarzda, marhumning ortidan yomonotliq qilish orqali oqlashga urinmoqda.
Ma’lumot uchun, Qoraqalpog‘iston va Denovdagi holatlar bo‘yicha rasmiy ma’lumot berildi. Xususan, Qoraqalpog‘iston prokuraturasi tergovga qadar tekshiruv boshlanganini ma’lum qilgan. Bosh prokuratura esa Denovdagi holat bo‘yicha Jinoyat kodeksining 104 (Qasddan badanga og‘ir shikast yetkazish) va 206-moddalari (Hokimiyat yoki mansab vakolati doirasidan chetga chiqish) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilganini bildirdi.
LiveBarchasi