15 yillik sir: Andijon voqealarida tinch aholiga o‘q uzilgan
Intervyu
−
13 fevral 2020
69182Avvalroq, QALAMPIR.UZ O‘zbekiston Respublikasi Bosh prokurori o‘rinbosari Svetlana Ortiqova bilan suhbatlashgani haqida xabar bergan edik. Ushbu suhbatda jurnalist Qamariddin Shayxov Bosh prokuror o‘rinbosari Svetlana Ortiqovaga 2005 yilning 13 may kuni Andijonda yuz bergan qonli voqealarda mamlakat Qurolli kuchlari va kuch ishlatar boshqa tuzilmalar tinch aholiga o‘q uzganmi, degan savol bilan yuzlandi. O‘zbekiston tarixida ilk bor rasmiy lavozim egasi 15 yil avval ro‘y bergan voqealarda haqiqatan ham tinch aholi vakillariga o‘q uzilganini aytdi.
Suhbat quyidagicha bo‘lgandi:
Qamariddin Shayxov: — Men sizni 2005 yilda taniganman. O‘shanda xalqaro ommaviy axborot vositalariga chiqib, Andijon voqealari haqida intervyu bergandingiz. Kichik jussangizga katta yukni oldingiz, OAVga siz yuzlandingiz. Ishning boshida bo‘lgan rahbarlar OAVdan uzoq turdi. Keling, bugun bu voqealarni eng boshidan, o‘sha sizga tunda bo‘lgan qo‘ng‘iroqdan boshlab eslasak.
Svetalana Ortiqova: — Albatta, o‘sha vaqtda juda qiyin ahvol bo‘lgan. Hozir bu voqealarni eslasam, erkak kishi bo‘lsangiz ham yig‘lab yuborasiz.
O‘sha kuni Bosh prokurordan uch kunga ruxsat oldim. Qizim bilan ota-onamni ko‘rgani Uchqo‘rg‘onga ketayotgan edik. Namanganga qo‘ng‘iroq qilib, taksi yuborishlarini so‘radim. Shu kecha qizim ham, men ham uxlamay taksini kutdik. Soat 2 yo 3 atrofida taksi keldi. Narsalarni avtomobilning yukxonasiga joylashtirdik. Ketayotib yana gazni “svet”ni o‘chiray deb uyga kirdim. Shu vaqt telefon jiringladi. Ko‘tarsam, navbatchi “Andijon portladi, “boyevaya trevoga”, hamma ishga”, dedi. Bolam qiy-chuv, to‘palon qildi. Qani o‘sha vaqt bolaga tushuntira bilsam. Ikkinchi qavatda yashaydigan keksa qo‘shnilarim bor edi, “mana sizga qiz, mana sizga bozorlik, mana sizga uyning kaliti”, deb ishga ketganman. Haligi taksichi ishxonagacha olib borib qo‘ygan.
Hech qachon esimdan chiqmaydi, idoraga kelayotganimizda endi quyosh turayotgandi. Shunaqa qilib ikki oy uyga bormaganman. Bo‘lmasa 15 daqiqalik yo‘l. O‘sha chol-kampir bolamga qarab turar edi, men telefon qilib, xabar olib turardim, xolos.
Bu bilan nima demoqchiman: agar men o‘zimning gapimga ishonmasam, agar men qonunga tayanmasam, Konstitutsiya meni negizim va hayotim bo‘lmasa, men hech qachon gapirmayman va maydonga chiqmayman. Men o‘zim tergovda qatnashganman, Andijonga borib, o‘z ko‘zim bilan ko‘rganman, ayblanuvchilar bilan gaplashganman, jabrlanuvchilar bilan gaplashganman, bevosita tergov jarayonida qatnashgan ayol sifatida aytamanki, haqiqatan bu terroristik xuruj edi.
Q.Sh.: — Nima uchun Andijon voqealari O‘zbekistondagi ko‘pchilik rahbarlarning obro‘sini tushurib yubordi, hatto, sanksiyalar olishiga sabab bo‘ldiyu ammo Svetlana Ortiqovaning martabasini ko‘tardi?
S.O.: — Lekin, bu savolingizga men javob berolmayman. Bilmayman. Haqiqatni aytib berish mening vazifam edi.
Q.Sh.: — Ayta oldingizmi?
S.O.: — Sanksiya olib tashlandimi? Yevropa Ittifoqidan kelishdi. Parlamentda tuzilgan guruhga hisobot berganmiz. Keyin bu yerda xorijiy elchilardan iborat ishchi guruh tuzilgan, ularni alohida samolyotda Andijonga olib borganmiz. Imom-xatiblarga ham tushuntirganman. O‘zbekistonda Andijon voqealari haqida men kirib ma’ruza qilmagan oliy o‘quv yurti qolmadi. Chunki shaxsan men bu voqealarni ko‘zim bilan ko‘rib, qo‘lim bilan ushlaganman. Bu terroristik xuruj va o‘sha paytda kimgadir shu kerak edi. Ko‘rolmaydiganlar bor. Qo‘shtirnoqning ichidagi do‘stlar bor. Ular hozir ham bor.
Men o‘sha vaqtlar butun dunyoga bir gapni aytganman: mening asosiy vazifam – umrimning oxirigacha O‘zbekistonning tinchligi uchun kurashish. Meni farzandim soatdan qat’i nazar ko‘chaga chiqa olishi kerak va u sog‘-omon qaytishi kerak. Sizning muzlatgichingiz ovqatga to‘la bo‘lsayu lekin sizning tomog‘ingizda bir qultum suv o‘tmasa, farzandim sog‘ keladimi-yo‘qmi degan qo‘rquv o‘zbekistonliklarda bo‘lmasligi kerak. Buning uchun men o‘z hayotimni bag‘ishlaganman.
Q.Sh.: — Svetlana Boymirzayevna, nima uchun xalqaro OAV o‘sha kecha mamlakatdan chiqarib yuborildi, kirishni istaganlar kiritilmadi?
S.O.: — O‘sha paytda siyosiy qaror shunaqa edi. O‘sha vaqtda vaziyat shuni taqazo etgan. Muhokama qilishdan yiroqman.
Q.Sh.: — Andijon voqealarida davlat harbiylari tinch aholiga nisbatan o‘q uzganmi?
S.O.: — Ba’zi bir jihatlar orqali qurolni ishlatish nomutanosib bo‘lgan.
Q.Sh.: — Ya’ni tayyorgarligi bo‘lmagan..?
S.O.: — Aloqa vositalari shir-shir-shir bo‘lgan. Vaqtida aytilgan, joy ochilgan, Qirg‘izistonga chiqib ketishsin ular deyilgan. Aloqa vositalari yaxshi ishlamagan. Vaqtida komandir u yo bu topshiriqni anglamagan. Tayyorgarlik bo‘lmagan. Sabablar ko‘p.
Q.Sh.: — ...va bo‘lib o‘tgan. Tinch aholiga nisbatan o‘q uzilgani haqidagi gaplar ham haqiqatga yaqin.
S.O.: — Albatta. Shuning uchun ham o‘sha odamlar jinoiy javobgarlikka tortilgan. Buni ham ovoza qilganman. Hatto, jazosini o‘tab kelib, tinch hayotda yashashyapti.
Q.Sh.: — Ular lavozimdagilarmi?
S.O.: — Lavozimdagilar ham bor edi. Qancha kishi lavozimidan judo bo‘lgan. Bizning ham xatomiz bor edi va Ortiqova o‘sha vaqtlarda har bir hisobotni “Bizning ham xatomiz bor edi” degan gap bilan boshlardi.
Tahririyat: Eslatib o‘tamiz, 2019 yilning mart oyida QALAMPIR.UZ sobiq Ichki ishlar vaziri Zokirjon Almatov bilan ham suhbatlashib, undan Andijon voqealari haqida so‘ragan edi. Ushbu suhbatni quyida tomosha qilishingiz mumkin.
LiveBarchasi
Asad hokimiyati ag‘darildi.
08 dekabr