Gulnora Karimova qamoqdan ozod etildimi?
Jamiyat
−
23 aprel 71225 3 daqiqa
Ijtimoiy tarmoqlarda O‘zbekiston Birinchi Prezidenti Islom Karimovning to‘ng‘ich qizi Gulnora Karimova qamoqdan chiqqani haqida xabarlar tarqaldi. QALAMPIR.UZ bunga aniqlik kiritish maqsadida rasmiylar bilan bog‘landi.
Ichki ishlar vazirining matbuot kotibi Shohrux G‘iyosov bu shaxsga doir ma’lumot ekanligini aytib, Gulnora Karimovaga oid xabarlarni ochiqlay olmasligini bildirdi.
Oliy sud matbuot kotibi Aziz Obidov esa bu ma’lumot asossiz va haqiqatga to‘g‘ri kelmasligini ma’lum qildi.
Joriy yil boshiga qadar Gulnora Karimova Toshkent viloyati Zangiota tumanidagi 21-son ayollar uchun ixtisoslashtirilgan koloniyada saqlangan edi. QALAMPIR.UZ'ga ma’lum ma’lumotlarga ko‘ra, 2025 yil yanvar oyida Karimova Zangiota tumanidagi 42-sonli manzil-koloniyaga o‘tkazilgan.
Unga qo‘yilgan ayblovlarga nazar tashlasak, Karimova Jinoyat ishlari bo‘yicha Toshkent viloyati sudining 2017 yil 18 dekabrdagi hukmi bilan 10 yilga ozodlikdan mahrum qilingan.
Bosh prokuraturaning 2017 yilda bergan ma’lumotlariga tayanadigan bo‘lsak, unda Karimovaga 2013 yil 24 oktyabrda bir nechta MCHJ faoliyatida soliqlarni to‘lashdan bo‘yin tovlash holatlari bo‘yicha jinoyat ishi qo‘zg‘atilgani, mazkur jinoyat ishini tergov qilish davomida Gulnora Karimova 2001-2012 yillarda Sodiqov, 2013 yilning yanvar oyidan oktyabr oyiga qadar Madumarov rahbarlik qilgan uyushgan guruhning jinoiy faoliyatiga bevosita ko‘maklashib kelgani aniqlangani aytiladi.
O‘sha vaqtda prokuratura Gulnora Karimova O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 165-moddasi (Tovlamachilik), 167-moddasi (O‘zlashtirish yoki rastrata yo‘li bilan talon-toroj qilish), 179-modda (Soxta tadbirkorlik), 184-modda (Soliqlar yoki yig‘imlarni to‘lashdan bo‘yin tovlash), 227-modda (Hujjatlar, shtamplar, muhrlar, blankalarni, avtomototransport vositalarining va ular tirkamalarining (yarim tirkamalarining) davlat raqam belgilarini egallash, nobud qilish, ularga shikast yetkazish yoki ularni yashirish bilan ayblanganini aytgan. Yuqorida aytganimizdek, Karimova 2017 yilning dekabr oyida 10 yilga ozodlikdan mahrum qilingan. O‘shanda unga insonparvarlik nuqtayi nazaridan hamda mahkuma jinoiy yo‘l bilan orttirilgan pul mablag‘larini qaytarish va davlatga yetkazilgan zararni qoplash majburiyatlarini o‘z zimmasiga olganini e’tiborga olgan holda Karimovaga tayinlangan jazo 5 yil muddatga ozodlikni cheklash jazosiga almashtirilgandi.
Bu jazoni o‘tash joyi etib, uning o‘z tanloviga ko‘ra, qizi Imon Karimovaning yashash joyi belgilangan. Shu bilan birga, mahkuma Gulnora Karimova zimmasiga qonunchilikda nazarda tutilgan qator cheklovlar, shu jumladan, yashash joyidan chiqib ketmaslik, aloqa vositalaridan va internetdan foydalanmaslik hamda zararni qoplash majburiyati yuklatilgan.
Keyinchalik, Karimova jazoni o‘tash tartibi va shartlarini qasddan buzganligi sababli jinoyat-ijroiya qonunchiligiga muvofiq, O‘zbekiston Respublikasi IIV Jazoni ijro etish bosh boshqarmasi huzuridagi Probatsiya xizmatining taqdimnomasiga asosan tayinlangan jazoning o‘talmay qolgan muddati ozodlikdan mahrum qilish jazosi bilan almashtirilib, umumiy tartibli koloniyada o‘tashi belgilangani aytildi va u Zangiota tumanida joylashgan 21-sonli jazoni o‘tash koloniyasiga joylashtirilgan.
Oliy sudning 2020 yilda bergan ma’lumotiga ko‘ra, Jinoyat ishlari bo‘yicha Toshkent shahar sudida Gulnora Karimova va u tomonidan tashkil etilgan jinoiy uyushma a’zolariga nisbatan jinoyat ishi ko‘rib chiqilgan va sudlanuvchi Gulnora Karimovani jinoiy uyushma tashkil etish, tovlamachilik, o‘zlashtirish va rastrata yo‘li bilan talon-toroj qilish, jinoiy faoliyatdan olingan daromadlarni legallashtirish va boshqa jinoyatlarni sodir etganlikda aybli deb topgan.
Sud hukmi bilan Gulnora Karimovaga 13 yil 4 oy muddatga ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlangan va jinoyat qonunchiligi normalariga muvofiq hamda bir necha jinoyat va hukmlar majmui bo‘yicha jazo tayinlanganligini inobatga olgan holda jazo muddatini 2015 yil 21 avgustdan boshlab hisoblash belgilangan.
Live
Barchasi