Bizning ham yuragimiz qonga aylanadi – Ortiqova madaniy meroslar haqida
Jamiyat
−
20 noyabr 2020
11073Senator Abdurahim Irkayev bugun, 20 noyabr kuni o‘tgan Oliy Majlis Senatining 9-yalpi majlisida O‘zbekiston Respublikasi Bosh prokurori o‘rinbosari Svetlana Ortiqovaga yuzlanib, Bosh prokuratura mamlakat bo‘ylab madaniy meros ob’ektlarining hududlari noqonuniy o‘zlashtirilib, uy-joy qurilayotgani bo‘yicha shug‘ullanmayotganini aytdi.
“Biz endi har bir arxeologik tepalikka borib qorovulxona qurib ololmaymiz-ku”, deydi Irkayev kuyunib.
Uning ushbu murojaatiga Ortiqova quyidagicha javob qaytardi:
“Asosiy qonunimiz Konstitutsiyaga va “Prokuratura to‘g‘risida”gi qonunga binoan respublika hududida qonunning ijrosini bir xilda bajarilishini ta’minlash prokuratura organlarining zimmasiga yuklanadi. Men sizning bitta jumlangiz bilan kelishmayman. Prokuratura umuman bu masalaga qaramaydi, deb aytdingiz. “Madaniy meros ob’ektlarini muhofaza qilish va ulardan foydalanish to‘g‘risida”gi qonunning ijrosi ustidan prokurorlik nazorati o‘rnatilgan. Rejaviy dasturlarga asosan tadbirlar o‘tkazilyapti va natijada aniqlangan qonun buzilish va huquqbuzarliklarni bartaraf etishga qaratilgan prokurorlik ta’sir choralari ko‘rilyapti. Mana, misol uchun bu yilning o‘zidagi natijalarga ko‘ra, 45 ta noqonuniy normativ-huquqiy hujjatlarga protestlar kiritilgan. 106 ta taqdiqnoma, ya’ni qonun buzilish holatlariga olib kelgan sabab va sharoitlarni bartaraf etishga qaratilgan va 31 nafar shaxs intizomiy va ma’muriy javobgarlikka tortilgan.
Lekin hurmatli senatorimizning e’tiborini Prezidentimizning so‘zlariga qaratmoqchiman. Sizu biz jinoyatchilik va huquqbuzarlikning oqibatlari bilan emas, balki ko‘proq oldini olish bilan ovora bo‘lishimiz kerak.
Qarang, respublika hududida 8 mingga yaqin madaniy meros ob’ektlari bo‘lsa, Madaniyat vazirligi huzurida departament faoliyat ko‘rsatadi. Ya’ni u nazorat qiluvchi organ sifatida nazoratini amalga oshirishi kerak va huquqni muhofaza etuvchi idoralarga tegishli hujjatlarni taqdim qilishi kerak. U yerda respublika bo‘yicha jami 60 nafar xodim ishlayotgan bo‘lsa, har biriga yuklamasi 133 ta ob’ektdan to‘g‘ri keladi. Keling, siz bilan biz bir yoqadan bosh chiqarib, shu xodimlarning yuklamasiga, moddiy-texnik jihatdan ta’minlanishiga bir e’tibor bersak.
Afsuski, bizning ham yuragimiz qonga aylanadi, madaniy meros ob’ektlari yo‘q bo‘lib qolyapti. Kimdir ularga yer ajratyapti. Bu holatlar 20-30 yil oldin bo‘lgan. Jinoyat ishi qo‘zg‘atish bo‘yicha har qanday muddatlar o‘tib ketgan. Biz Milliy qonunchilikka ham e’tibor berishimiz kerak. Prokuratura organlari hamisha xalqning xizmatida va prokuror nazoratini amalga oshirishga tayyor.
Qo‘mitamiz raisi [Baxtiyor Sayfullayev – Yoshlar, madaniyat va sport masalalari qo‘mitasi] Qashqadaryo va Buxoroda yaxshi o‘rganishlar qildi. Bosh prokuraturaga tegishli qarorlar kelgan. Shu qarorlarning ijrosi bo‘yicha Bosh prokuraturaga ham bitta band belgilangan. Biz tegishli hududiy prokurorlarga qat’iy topshiriqlarni berdik. Oqibati bilan emas, oldini olish bilan ko‘proq ovora bo‘lishimiz kerak”.
Eslatib o‘tamiz, Senat yalpi majlisi Shahrisabz shahri tarixiy markazi UNESCO’ning moddiy madaniy meroslar ro‘yxatidan chiqib ketish xavfi ostida turgani aytildi. Agar kelasi yilgacha UNESCO umumjahon merosi qo‘mitasi tomonidan berilgan tavsiyalar hayotga tadbiq etilmasa, qo‘mitaning 45-yig‘ilishida ushbu masala jiddiy muhokama qilinishi mumkin. Shuningdek, Buxoroda sayyohlarni jalb qilib kelgan Abdulazizxon jome masjidi va Ko‘kaldosh madrasasi ham eroziyaga uchrab, juda nochor ahvolga kelib qolgan.
LiveBarchasi