Qancha madaniy meros ob’ekti o‘zboshimchalik qurboni bo‘lgani aytildi
Jamiyat
−
24 may 2022
3700O‘zbekistondagi 108 ta madaniy meros ob’ektida 147 ta bino noqonuniy tarzda qurilgan. Bu haqda bugun, 24 may kuni Madaniy meros agentligi Matbuot xizmati rahbari Mohinur Imomova ma’lum qildi.
“Madaniy meros agentligi va Prokuratura idoralari bilan birgalikda o‘tkazilgan tekshiruvda 108 ta madaniy meros ob’ektida 146 ta noqonuniy qurilma qurilgani ma’lum bo‘ldi. Shundan 42 tasi Surxondaryoda, 23 tasi Samarqandda, 17 tasi Toshkent shahrida, Buxoro va Xorazmda 13 tadan, Toshkent viloyatida 12 ta, Andijonda 6 ta, Namangan va Qashqadaryoda 5 tadan, Jizzaxda 4, Farg‘onada 3 ta, Navoiy, Sirdaryo va Qoraqalpog‘istonda 1 tadan madaniy meros ob’ekti hududida aniqlangan”, deydi Imomova.
Qayd etilishicha, o‘rganishlar natijasida 7 ta noqonuniy qurilma buzildi. 71 ta ob’ektda qurilgan 76 ta qurilmani buzdirish yuzasidan yozma ko‘rsatma berildi. Yana 63 ta noqonuniy qurilmalarni buzdirish yuzasidan sudlarga da’vo arizalari kiritildi.
Shuningdek, madaniy meros ob’ektida noqonuniy qurilma (bino) qurgan 26 nafar shaxs ma’muriy javobgarlikka tortildi.
Ma’lumot uchun, “Moddiy madaniy meros ob’ektlarini muhofaza qilish kuchaytirilishi munosabati bilan O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida”gi qonunga muvofiq ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeks 198-5-modda bilan to‘ldirildi. Unga ko‘ra, Madaniy meros agentligi va uning hududiy boshqarmalari ko‘rsatmalariga rioya qilmaslik fuqarolarga bazaviy hisoblash miqdorining 1 baravaridan 3 baravarigacha ya’ni 810 ming so‘m, mansabdor shaxslarga esa 3 baravardan 5 baravargacha, ya’ni 1 mln 350 ming so‘m miqdorida jarima solishga sabab bo‘ladi.
LiveBarchasi