1 noyabrdan O‘zbekistonda nimalar o‘zgaradi?
Jamiyat
−
26 Oktabr 2023
71448O‘zbekistonda joriy yilning 1 noyabridan turli qaror va farmoyishlar kuchga kiradi. Jumladan:
Psixologik yordam ko‘rsatish tizimi joriy etiladi
Tuman (shahar) “Inson” ijtimoiy xizmat ko‘rsatish markazlarida og‘ir hayotiy vaziyatga tushib qolgan shaxslarga psixologik yordam ko‘rsatish tizimi joriy etilmoqda.
Davlat organlarining kadrlar hujjatlari maxsus platformada saqlanadi
Respublika va mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organlarida inson resurslarini boshqarish bilan bog‘liq barcha ma’lumotlar va hujjatlar hrm.argos.uz elektron platformasida shakllantiriladi va qayd etiladi.
Xonadonlarga keng polosali internetni olib kirish dasturi ishga tushiriladi
“So‘nggi mil” tamoyili asosida tadbirkorlik sub’ektlari bilan hamkorlikda aholini keng polosali internet bilan ta’minlashga qaratilgan dastur yo‘lga qo‘yilmoqda.
Hokimlar uchun shaharsozlik kurslarini tashkil etiladi
Qurilish vazirligi tomonidan mahalliy hokimliklar va hududiy tashkilotlar rahbarlarining shaharsozlik sohasidagi bilimlarini oshirishga qaratilgan o‘quv mashg‘ulotlari tashkil etiladi.
Avtomobil raqamlarini berish stavkalarini oshirish
Avtotransport vositalariga ro‘yxatdan o‘tkazish davlat raqami belgilari (RO‘DRB) uchun bazaviy hisoblash miqdori (BHM)ning 3,5 baravari miqdorida to‘lov belgilanadi. Ushbu summa avvalgi belgilangan miqdorning 2 barobaridan ham ko‘p.
Shuningdek, mototransport vositalari, motorollerlar va tirkamalarga RO‘DRB uchun BHMning 1,75 baravari miqdorida pul mablag‘i to‘lanadi.
Umra ziyorati tashkilotchilariga yangi talablar joriy etildi
Umra xizmatlarini ko‘rsatish faoliyati bo‘yicha quyidagi qo‘shimcha litsenziya talablari va shartlari joriy etilmoqda:
- 100 ming AQSH dollaridan kam bo‘lmagan mablag‘larni Turizm qo‘mitasining Xavfsiz turizm jamg‘armasiga zaxira qilib qo‘yadi;
- umra xizmatlari davomida ziyoratchilarning guruh rahbari etib O‘zbekiston musulmonlari idorasi bilan tuziladigan shartnoma asosida uning diniy bilim va ko‘nikmalarga ega bo‘lgan mutaxassislarini tayinlaydi;
- umra xizmatlarini voyaga yetmagan fuqarolarga ko‘rsatish taqiqlanadi;
- umra xizmatlarini Saudiya Arabistoni podshohligidagi hamkor tashkilot o‘rtasida imzolanadigan shartnomaga muvofiq amalga oshiradi.
Aholiga beriladigan mikrokredit miqdori 2 barobarga oshishi mumkin
Unga ko‘ra, ushbu qonunning 5-moddasidagi aholiga ajratiladigan mikrokredit miqdori 50 million so‘mdan 100 million so‘mga o‘zgartiriladi. Ushbu qaror ijrosini ta’minlash esa Markaziy bank va boshqa manfaatdor tashkilotlarga yuklanadi.
Hujjat loyihasi 31 oktyabrga qadar regulation.gov.uz portalida muhokamaga qo‘yilgan. Har bir fuqaro ushbu jarayonda ovoz berishi mumkin. Agar ushbu Qonun muhokamadan o‘tsa, rasmiy e’lon qilingan kundan e’tiboran kuchga kiradi.
Aeroport hududidagi kameralar ham jarima soladi
Ma’lum qilinishicha, aeroport hududida o‘rnatilgan qoidalarga rioya etmaganlarga jarima solish bo‘yicha tizim joriy yilning 1 noyabrdan boshlab avtomatik ravishda ishlay boshlaydi. Shu vaqtgacha yurish qoidalariga rioya qilish va yo‘l o‘tkazgichda harakatni tartibga solish aeroport xodimlari tomonidan amalga oshirilayotgandi.
Aeroport estakadasida bir vaqtning o‘zida 30 tagacha avtomobil bo‘lishi mumkin. Sayyohlik avtobuslarini hisobga olgan holda bu raqam 17 tagacha kamayadi. Uzoq turishni rejalashtirayotgan haydovchilarga jo‘nash terminali oldidagi avtomobil turar joylaridan foydalanish tavsiya etilmoqda.
1 noyabrdan “svet”ni limitdan ko‘p ishlatganlar 2-3 yoki 4 baravar haq to‘laydi
1 noyabrdan boshlab elektr energiyasining quvvati o‘rtacha oylik iste’mol miqdoridan oshib ketgan III guruh iste’molchilariga:
- 1 001 dan 5 000 kVt soatgacha iste’mol uchun belgilangan tarifga nisbatan 2 barobar;
- 5 001 dan 10 000 kVt soatgacha iste’mol uchun belgilangan tarifga nisbatan 3 barobar;
- 10 000 kVt soatdan yuqori iste’mol uchun belgilangan tarifga nisbatan 4 barobar o‘suvchi koeffitsiyent qo‘llaniladi.
Ekologik huquqbuzarlik sodir etganlar uchun jazo turi og‘irlashtiriladi
2023 yil 1 noyabrdan ijobiy ekologik ekspertiza xulosasini olmagan ob’ektlarga nisbatan moliyalashtirish, kreditlash va boshqa moliya operatsiyalarini to‘xtatib turish mexanizmi joriy etiladi.
Bundan tashqari, ekologik huquqbuzarlik sodir etganlarga nisbatan zararni qoplash bilan bir qatorda, zarar yetkazilgan tabiat ob’ektini tiklash va uning muayyan muddat davomida muhofaza qilinishini ta’minlash majburiyati yuklatiladi.
LiveBarchasi