Toshkent hokimligi “bir piyola choy” va tadbirlarga byudjetdan 10 mlrd so‘m ajratdi
Jamiyat
−
24 noyabr 2023
8527Toshkent shahar hokimligi “Otalar choyxonasi”, “Uch avlod uchrashuvi” va “Buvijonlar maktabi” tadbirlarini o‘tkazish hamda “bir piyola choy ustida suhbat” uchun byudjetdan 10 milliard so‘m mablag‘ ajratildi. Bu haqda 2023 yil 23 noyabr kuni shahar hokimi Shavkat Umurzoqovning qarori qabul qilindi.
“Xalq deputatlari Toshkent shahar kengashining “Toshkent shahar mahalliy byudjetining 2022 yildagi qo‘shimcha manbalarini xarajatlarga yo‘naltirish haqida” 2022 yil 22 apreldagi qarori bilan “Nuroniy” jamg‘armasi Toshkent shahar bo‘limi tomonidan har oyda “Otalar choyxonasi”, “Uch avlod uchrashuvi”, “Buvijonlar maktabi” va boshqa shu kabi uchrashuvlarni tashkillashtirish, shuningdek, “bir piyola choy ustida suhbatlashish”, taqdirlash va boshqa tadbirlarni o‘tkazish uchun 10 mlrd so‘m mablag‘ ajratilganligi inobatga olinsin”, deyiladi hokim qarorida.
Hujjatda shahar hokimligiga mazkur tadbirlarni tashkillashtirish va taqdirlash maqsadida Toshkent shahar mahalliy byudjetining shu yilgi ikkinchi chorak daromadlari rejasini oshirib bajarilgan qismidan 500 mln so‘m mablag‘ taqsimlanishi belgilangan.
Toshkent shahar hokimining birinchi o‘rinbosariga hamda ajratilgan mablag‘larni “Nuroniy” jamg‘armasining Toshkent shahar bo‘limiga o‘tkazib berilishini ta’minlash vazifasi yuklatilgan.