“Adolat” SDP hukumat qarori loyihasiga qarshi chiqdi
Jamiyat
−
20 noyabr 2023
9560O‘zbekiston “Adolat” sotsial-demokratik partiyasi mustahkam qonunchilik asoslari bo‘lmaguncha Chilonzor tumanidagi uylarning qayta, ko‘p qavatli qilib qurilishi haqidagi taklifga qarshiligini bildirdi.
Gar shundaki, 16 noyabr kuni O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi “2024 yilda Toshkent shahar Chilonzor tumanini Xitoy tajribasi asosida, shu jumladan yangi yondashuvlar, innovatsion va “yashil texnologiyalar” hamda boshqaruvda zamonaviy usullarni qo‘llagan holda kambag‘allikdan chiqarish to‘g‘risida”gi hukumat qarori loyihasini regulation.gov.uz portaliga muhokama uchun joylashtirgandi.
Unga ko‘ra, Chilonzor tumani hududidan Do‘mbirobod, Kichik halqa yo‘li, Dilxush 2-tor ko‘chasi kesishmalari oralig‘ida joylashgan yo‘l bo‘yidagi aholi xonadonlari hamda xizmat ko‘rsatish ob’ektlarini egalari bilan kelishgan holda renovatsiya asosida ko‘p qavatli qilib qayta qurish va 1-qavatida yangi zamonaviy xizmat ko‘rsatish ob’ektlarini tashkil etish belgilangan.
Ammo “Adolat” sotsial-demokratik partiyasi faollari, ekspertlari mazkur qaror loyihasini atroflicha o‘rganib, tahlil etganida rejalashtirilayotgan ayrim masalalar yuzasidan savollar yuzaga keldi. Shu sababli, partiya mazkur qaror loyihasini keng jamoatchilik, shu jumladan, Chilonzor tumani aholisi bilan muhokama qilib, ularning fikrini inobatga olgan holda takomillashtirish kerak ekanligini bildirdi.
“Renovatsiyaning mustahkam huquqiy asosi, xususan, uni amalga oshirishning qat’iy talab va tartiblari, uy-joy mulkdorlari huquqlariga rioya etish kafolatlari bo‘lmasdan turib, bu borada loyihalarning amalga oshirilishi jismoniy va yuridik shaxslarning manfaatlariga putur yetkazishi mumkin”, deyiladi partiyaning munosabatida.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq O‘zbekiston Ekologik partiyasi ham Toshkent shahridagi Botanika bog‘ini Fanlar akademiyasi tasarrufidan poytaxt hokimligi tasarrufiga o‘tkazish haqidagi qaror loyihasiga norozilik bildirgandi.
LiveBarchasi