Endi ixtisoslashtirilgan ta’lim muassasalarida bir qator yangi darslar o‘tiladi
Jamiyat
−
03 aprel
7258O‘zbekistondagi ijod maktablari faoliyati yanada takomillashtiriladi. Bu haqda Prezidentning “Ijod maktablari faoliyatini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori qabul qilindi.
Jumladan, mazkur ta’lim maskanlarida ijtimoiy va ijodiy faol, keng jamoatchilik o‘rtasida obro‘-e’tibor qozongan adiblar va jamoat arboblari ishtirokida mahorat darslari o‘tkaziladi.
Shuningdek, “Yosh tarjimonlar” klublari faoliyati tashkil etiladi. Ushbu maktablarda “Matnshunoslik” darslari ham o‘tiladi.
Bundan tashqari, har yili 2 marotaba o‘quvchilarning “Ijod bog‘idan guldasta” nomli to‘plamlarini nashr etish amaliyoti yo‘lga qo‘yiladi.
Dars jadvaliga “Tasviriy san’at va chizmachilik” o‘rniga “San’at” (ART) fani kiritiladi. 7–9-sinflarga o‘tiladigan “Texnologiya” fani doirasida robototexnika asoslari ham o‘rgatiladi.
2024/2025 o‘quv yilidan boshlab esa umumiy o‘rta ta’lim muassasalari o‘quvchilari o‘rtasida badiiy adabiyot va san’at sohasida iqtidorli yoshlarni saralashga qaratilgan ko‘rik-tanlov o‘tkaziladi. “Mening birinchi kitobim” loyihasi doirasida har bir ijod maktabidan kamida ikki nafar o‘quvchining ijodiy ishlar to‘plami nashr etiladi.
An’anaviy “Zomin seminari”da ham har bir ijod maktabidan kamida 5 nafardan ijodkor o‘quvchilarning ishtiroki ta’minlanishi ko‘zda tutilgan.
Har bir ijod maktabi “Turkiy adabiyot durdonalari” nomli 100 jilddan iborat kitoblar majmuasi bilan ta’minlanib, bu turdagi maktablar oliy ta’lim muassasalari va O‘zbekistonning xorijiy davlatlardagi elchixonalariga biriktiriladi.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq O‘zbekistondagi ixtisoslashtirilgan maktablarda darslarni chet tilida o‘qitish amaliyoti joriy etilishi aytilgan edi.
LiveBarchasi