1 iyuldan nimalar o‘zgaradi?
Jamiyat
−
19:30 1960 9 daqiqa
Soliq tizimidagi soddalashtirishlar, turistlar uchun yangi elektron SIM-kartalar, davlat tomonidan qoplanadigan sertifikatlar, “bolnichniy” to‘lovlari va bojlar, oshirilayotgan oylik, bola puli va yordam pullari hamda 5 foizga qimmatlayotgan elektron tovarlar “rastamojka”si. O‘zbekistonda 1 iyuldan nimalar o‘zgaradi? Quyida QALAMPIR.UZ shular haqida so‘z yuritadi.
Soliq tizimidagi o‘zgarishlar
O‘zbekistonda joriy yilning 1 iyul sanasidan boshlab Soliq qo‘mitasi Iqtisodiyot va moliya vazirligi bilan birgalikda soliqlar bo‘yicha to‘lovlarni amalga oshirish, ortiqcha to‘lov va qarzdorlik summalarini yagona g‘aznachilik hisobvarag‘i orqali o‘zaro hisobga olish tizimini joriy qilishi kerak. Bu haqda 2025 yil 20 avgust kuni O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining tadbirkorlar bilan V ochiq muloqotidan so‘ng imzolagan, belgilangan vazifalarni amalga oshirish chora-tadbirlari bo‘yicha farmonida keltirilgan.
Unga ko‘ra, Iqtisodiyot va moliya vazirligining G‘aznachiligida soliqlar uchun bitta yagona hisob raqami bo‘lishi nazarda tutilgan bo‘lib, soliq to‘lovchi u yerga pul o‘tkazganida, tizimning o‘zi qaysi soliqqa qancha kerak bo‘lsa, taqsimlab olaveradi. Ya’ni, tadbirkor yoki oddiy fuqaro “ortiqcha to‘lagan pulimni boshqa solig‘imga o‘tkazib bering” deb Soliq idorasiga ariza ko‘tarib borishi shart bo‘lmaydi. Hammasi avtomatik hisob-kitob qilinadi. Biroq hozircha qo‘mita bu xususda to‘liq ma’lumot bermagan.
“Avtokameral” soliq tekshiruvi bekor qilinadi
O‘zbekistonda 2026 yil 1 iyuldan boshlab “avtokameral” soliq tekshiruvi bekor qilinadi. Ya’ni, tekshiruvdan oldingi tahlil doirasida aniqlangan tafovutlar bo‘yicha aniqlashtirilgan soliq hisobotini yoki asoslovchi hujjatlarni taqdim etish majburiyati bekor qilinadi.
Shu bilan birga, 1 iyuldan soliq xavfi o‘rta bo‘lgan soliq to‘lovchilarga aniqlangan xavflar to‘g‘risida xabarnoma yuborish tizimi joriy etiladi. Bunda aniqlangan kamchiliklar bir oy ichida bartaraf etilgan taqdirda, soliq tekshiruvlari o‘tkazilmaydi.
O‘zbekistonda Milliy turizm yagona platformasi ishga tushiriladi
O‘zbekistonda 2026 yil 1 iyuldan Milliy turizm yagona platformasi ishga tushiriladi. Bu o‘tgan yil noyabr oyida Prezidentning Turizm qo‘mitasi faoliyatini tashkil etish va turizm sohasini jadal rivojlantirishga oid qarorida belgilangan edi.
Unga ko‘ra, yangi platforma orqali xorijiy sayyohlar davlat chegarasidan o‘tganida, ularning roziligi bilan turistik elektron SIM-kartaga ulanishi va vaqtincha yashash joyi bo‘yicha ro‘yxatdan o‘tishi avtomatik tarzda amalga oshiriladi. Shuningdek, transport chiptalarini hamda muzey va boshqa turistik ob’ektlarga kirish biletlarini onlayn xarid qilish imkoniyati yaratiladi.
Platforma tarkibida interaktiv xaritalar, audio va video gidlar hamda onlayn translyatsiyalar orqali sayyohlarga turistik ob’ektlar haqida ma’lumot beradigan raqamli gid xizmati ham ishlaydi. Shuningdek, aholi “Soliq” mobil ilovasi orqali dala hovlilarini soddalashtirilgan tartibda ijaraga bera oladi.
Vaqtincha mehnatga layoqatsizlik nafaqasi to‘lash boshlanadi
O‘zbekistonda 2026 yil 1 iyuldan boshlab sug‘urta hodisalari yuzaga kelganda sug‘urtalangan shaxslarga vaqtincha mehnatga layoqatsizlik nafaqasi to‘lanadi. Bu haqda 2025 yilning 17 dekabr kuni hukumat qarori bilan “Davlat ijtimoiy sug‘urtasi doirasida vaqtincha mehnatga layoqatsizlik hamda homiladorlik va tug‘ish nafaqalarini tayinlash hamda to‘lash tartibi to‘g‘risida”gi nizom tasdiqlangan. Yangi tartibga ko‘ra, kamida 6 oylik sug‘urta stajiga ega xodim kasallik varaqasi olsa, kalendar yilidagi birinchi 5 kun uchun nafaqani ish beruvchi to‘laydi va 6-kundan boshlab 182 kungacha bo‘lgan davr uchun to‘lovlar Davlat ijtimoiy sug‘urta jamg‘armasi hisobidan amalga oshiriladi.
To‘lovlar proaktiv tarzda, inson omilisiz hisoblanadi va ijtimoiy kartaga avtomatik o‘tkaziladi. Nafaqalar har oy ikki bosqichda to‘lanadi. Ya’ni, oyning birinchi yarmi uchun – 25 sanagacha, ikkinchi yarmi uchun – keyingi oyning 10 sanasigacha. Nafaqa miqdori xodimning o‘rtacha oylik ish haqi va sug‘urta stajiga qarab hisoblanadi. Bunda, 6 oydan 8 yilgacha sug‘urta staji bo‘lsa – o‘rtacha ish haqining 60 foizi, 8 yildan ortiq sug‘urta staji bo‘lsa – 80 foizi to‘lanadi.
Korrupsiyaga qarshi yangi tizim
1 iyuldan davlat idoralarida korrupsiyaga qarshi yangi Milliy sertifikatlashtirish menejment tizimi bosqichma-bosqich joriy etiladi. Avvalo korrupsiyaga qarshi ishlari natijalariga ko‘ra “qoniqarsiz” deb baholangan davlat organlari ushbu tizimga o‘tkaziladi. Tizimni belgilangan muddatda joriy etmagan tashkilotlar rahbarlari va ularning o‘rinbosarlariga u to‘liq yo‘lga qo‘yilguncha rag‘batlantirish to‘lovlari to‘xtatiladi. Shu bilan birga, Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi, huquqni muhofaza qiluvchi va nazorat organlari, ilmiy muassasalar hamda fuqarolik jamiyati institutlari hamkorligiga asoslangan korrupsiyaning oldini olishning yagona tizimi joriy etiladi.
Shuningdek, “Raqamli komplayens” axborot dasturiy kompleksi sinov tariqasida ishga tushiriladi. U orqali korrupsiyaning oldini olish tizimi ishtirokchilari o‘rtasida tezkor ma’lumot almashish yo‘lga qo‘yiladi. Bunda “E-Komplaens” moduli ishga tushirilib, davlat organlari va tashkilotlarining korrupsiyaga qarshi ichki nazorat bo‘linmalari faoliyati to‘liq raqamlashtiriladi.
Mahalliy ishlab chiqarish qo‘llab-quvvatlanadi
Prezidentning o‘tgan yil 6 fevral kuni qabul qilingan “Mahalliy ishlab chiqarish va sanoat kooperatsiyasini yangi tizim asosida rivojlantirish bo‘yicha birinchi navbatdagi chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi farmoniga binoan, 2026 yil 1 iyuldan boshlab raqobatbardosh mahsulotlar ishlab chiqaruvchi tadbirkorlar qo‘llab-quvvatlanadi hamda vositachi-broker va dilerlarga davlat xaridlarida ishtirok etish huquqi beriladi. Buning uchun mutasaddi idora milliy iqtisodiyotga qo‘shimcha qiymat yaratadigan va ishlab chiqarish tavsiya etiladigan raqobatbardosh mahsulotlar ro‘yxatini shakllantirib, e’lon qilib boradi. Mazkur ro‘yxatga kiritilgan mahsulotlarni o‘zlashtirgan tadbirkorlar bilan kafolatli xarid shartnomalari tuziladi. Shuningdek, bunday mahsulotlarni ishlab chiqaruvchi korxonalar tadbirkorlik sub’ektlarining barqarorlik reytingida qo‘shimcha ballga ega bo‘ladi.
Bundan tashqari, joriy sanadan boshlab dasturlarga kiritilgan loyihalar doirasida ishlab chiqarish texnologik jarayonida foydalaniladigan, respublikada o‘xshashi ishlab chiqarilmaydigan, tasdiqlangan ro‘yxat bo‘yicha import qilinadigan xomashyo va butlovchi buyumlar 3 yil muddatga bojxona bojidan ozod etiladi.
O‘qituvchilarga milliy sertifikat olishi uchun subsidiya ajratiladi
Prezidentning tegishli qaroriga muvofiq, 2026 yil 1 iyuldan 2028 yil 1 yanvarga qadar Bandlikka ko‘maklashish davlat jamg‘armasi mablag‘lari hisobidan kasbiy ta’lim sifatini oshirishga yo‘naltirilgan quyidagi turdagi subsidiyalar joriy etiladi:
- o‘qituvchi va ishlab chiqarish ta’limi ustalariga xalqaro miqyosda tan olingan kasbiy ta’limga oid sertifikatlar, shuningdek, Kambag‘allikni qisqartirish va bandlik vazirligi tomonidan tasdiqlanadigan ro‘yxat asosida milliy sertifikatlarni olish uchun sarflangan mablag‘larning 50 foizi, biroq BHMning 20 baravarigacha;
- malakani baholash markazlarini tashkil etgan tadbirkorlarga xarid qilingan baholash vositalari xarajatlarining 30 foizi, biroq BHMning 200 baravaridan oshmagan miqdorda qoplab beriladi.
Qurilish uchun ruxsat olish hamda komunal tizim tarmoqlariga ulanish soddalashtiriladi
2026 yil 1 iyuldan qurilish uchun ruxsat olish hamda elektr, gaz, suv va kanalizatsiya tarmoqlariga ulanish jarayonlari soddalashtirilib, barcha xizmatlar yagona ariza asosida ko‘rsatiladi. Bu haqda joriy yil 14 aprel kuni Prezident Shavkat Mirziyoyev raisligida o‘tgan uy-joy qurilishi va urbanizatsiya sohasida amalga oshirilayotgan ishlar va kelgusidagi ustuvor vazifalar yuzasidan videoselektor yig‘ilishida aytilgan edi. Unda aholi va tadbirkorlar qurilish qilish uchun avval loyihalashga ruxsat olishga, keyin arxitektura rejalashtirish topshirig‘i ishlab chiqishga alohida-alohida ariza berib, oylab vaqt sarflayotgani tanqid qilingandi. Toshkent shahrida 2 ta xizmatni bir bosqichda ko‘rib chiqish yo‘lga qo‘yilgani uchun hujjatlarni kelishish vaqti 3-4 karra kamaygani aytilib, ushbu tajribani 1 iyuldan boshlab, respublikaning barcha hududlarida joriy qilish topshirig‘i berilgandi.
Shuningdek, majlisda elektr, gaz, suv va kanalizatsiyaga ulanish bo‘yicha texnik shart olish uchun ham har bir kommunal idoraga alohida murojaat qilish mehanizmi bekor qilinib, 1 iyuldan bitta ariza va bitta to‘lov bilan barcha kommunal tarmoqlarga texnik shart olish imkonini yaratish vazifasi qo‘yilgandi. Bular keyinchalik joriy yil 4 iyunda Prezidentning tegishli farmoni bilan hujjatlashtirilib, yuridik kuchga aylantirilgan edi.
Smartfon va noutbuklar olib kirishda 5 foizlik boj
Prezident Shavkat Mirziyoyev tomonidan joriy yilning 13 aprel kuni qabul qilingan “O‘zbekiston Respublikasida elektron tijorat sohasini yanada rivojlantirish uchun qulay shart-sharoitlar yaratishga doir chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qaroriga binoan, 1 iyuldan boshlab ayrim maishiy texnika va elektronika tovarlarini xorijdan onlayn xarid qilishda 5 foiz yagona bojxona to‘lovi joriy etiladi.
Hujjatga ko‘ra, bu quyidagi tovarlarga taalluqli: smartfon, noutbuk, planshet, kolonka, mikser, sharbat chiqargich, soch quritgich, elektr choynak, multipishirgich, dazmol va boshqalar. Shuningdek, 30 ta pozitsiyadagi tovarlar, jumladan, kiyim-kechaklar, poyabzal, soatlar, xotira qurilmalari, quvvatlagich, fonar, quloqchin, monitor va proyektorlar, videoo‘yin apparatlari kabi tovarlar uchun esa qo‘shilgan qiymat solig‘i va 3 foiz miqdorida bojxona boji to‘lanadi.
Qolaversa, xalqaro darajada ro‘yxatdan o‘tgan mashhur brend tovarlari (ya’ni rasmiy brendlar) endi O‘zbekistonga olib kirilib, “aylanma yo‘l” bilan sotilishiga cheklov qo‘yiladi. Aniqroq aytganda, bunday tovarlarni bond omboriga joylab, keyin maxsus onlayn platformalar orqali sotish taqiqlanadi.
Elektr tejamkorligi bo‘yicha majburiyat
1 iyuldan davlat idoralari va davlat korxonalarining yangi quriladigan hamda ta’mirlanadigan binolari energiya tejamkorligi bo‘yicha kamida “S” toifasiga mos bo‘lishi majburiy bo‘ladi. Ya’ni bunday binolar elektr, gaz va issiqlik energiyasini kamroq sarflaydigan standartlarga javob berishi kerak bo‘ladi. Biroq bunda elektr energiyasi va tabiiy gazni iste’molchilarni tarmoqdan ajratish va cheklov kiritish hisobidan tejashga yo‘l qo‘yilmaydi. Bu haqdagi Prezident farmoni joriy yil 29 aprel kuni qabul qilingan edi.
Soliq tizimidagi yengillik
Joriy yil 29 may kuni O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev “Kichik biznes sub’ektlarining o‘sishi uchun yanada qulay iqtisodiy va ma’muriy shart-sharoitlar yaratish to‘g‘risida”gi farmoniga asosan, Soliq qo‘mitasi 2026 yil 1 iyuldan boshlab kameral soliq tekshiruvi talabnomasiga tushuntirishlar va (yoki) tuzatishlar taqdim etilganda soliq to‘lovchilarning banklardagi hisobvaraqlari bo‘yicha operatsiyalarni faollashtirish jarayonini to‘liq avtomatlashtiradi. Ya’ni, soliqda muammo bo‘lib, bank hisobi to‘xtatilgan bo‘lsa, keyin soliq talab qilgan hujjatlar yoki tushuntirishlar berilsa, hisob avtomatik ravishda o‘zi qayta ishlaydi.
Oshayotgan bola puli va eng kam oylik ish haqi
O‘zbekiston Mudofaa vaziri Shuhrat Xolmuhammedovning “Axborot 24” dasturida ma’lum qilishicha, mudofaa ishlar organlari fuqaro xodimlarining ish haqi miqdori joriy yil 1 iyuldan 20 foizga oshiriladi.
Shuningdek, 2026 yil 1 iyuldan pensiyalar va nafaqalar hamda Ijtimoiy reyestrga kiritilgan oilalarga bolalar nafaqalari va moddiy yordam to‘lovlari miqdorlari 7 foizga oshiriladi. Bu haqda Prezident imzolagan “Ish haqi, pensiyalar, stipendiyalar va nafaqalar miqdorini oshirish to‘g‘risida”gi farmonda belgilangan.
Bunda:
- yoshga doir eng kam pensiya miqdori – oyiga 983 000 so‘m;
- nogironlik pensiyalarining eng kam miqdori – oyiga 1 083 000 so‘m;
Ijtimoiy reyestrga kiritilgan oilalarga bolalar nafaqasining har oylik miqdori:
- 3 yoshgacha bo‘lgan 1 ta kichik farzandi uchun – 386 000 so‘m, 3 yoshdan 18 yoshgacha bo‘lgan 1 ta farzandi uchun – 295 000 so‘m;
- oilaning 2-farzandi uchun qo‘shimcha – 177 000 so‘m;
- oilaning 3- va undan keyingi har bir farzandi uchun qo‘shimcha – 118 000 so‘m;
Ijtimoiy reyestrga kiritilgan oilalar uchun moddiy yordamning oylik miqdori – 450 000 so‘m etib belgilanadi.
Shu bilan birga, 1 iyuldan pensiyani hisoblashning bazaviy miqdori – oyiga 504 000 so‘m etib belgilanadi.
Live
Barchasi