O‘zbekiston FIFA’dan 7,5 mln dollar olishi mumkin
Sport
−
09:22 1369 2 daqiqa
Yevropa futbol ittifoqi (UEFA) prezidenti Aleksandr Cheferin FIFA prezidenti Janni Infantinoni tashkilotning 211 ta a’zo assotsiatsiyasining har biriga, jumladan, O‘zbekiston futbol assotsiatsiyasiga ham 7,5 million dollardan mablag‘ ajratishga chaqirdi. Bu haqda “Mirror” nashri xabar berdi.
“FIFA, albatta, moliyaviy jihatdan barqaror bo‘lib qolishi, mavjud majburiyatlarini bajarishi va yetarli zaxiralarni saqlashi kerak. Bizning tahlilimiz ham bu jihatlarni to‘liq hisobga oladi. Biroq FIFA hozirda milliardlab dollarlik jamg‘arilgan zaxiralarga ega. Bu mablag‘lar futbolga tegishli bo‘lib, o‘yin va uning 211 ta a’zo assotsiatsiyasi manfaatlariga xizmat qilishi kerak”, deydi Cheferin.
UEFA rahbari ehtiyotkorlik FIFA zaxiralarining bir qismini tashkilotning prognoz qilingan ehtiyojlaridan ortiq bo‘lgan holatda futbol rivoji uchun mas’uliyatli tarzda ishlatish imkoniyatini ko‘rib chiqishga to‘sqinlik qilmasligi kerakligini aytgan.
Avvalroq, joriy yilning iyul oyida Janni Infantino FIFA’ning asosiy musobaqalarini boshqaradigan alohida kompaniya tashkil etish rejasini ilgari surgani ma’lum bo‘lgan edi. Uning fikricha, FIFA Forward Enterprise kompaniyasini tashkil etish a’zo assotsiatsiyalarning daromadlarini oshirish va dunyo bo‘ylab futbol rivojiga hissa qo‘shishi mumkin.
FIFA ma’lumotlariga ko‘ra, mazkur tashabbus 4,2 milliard dollar miqdorida mablag‘ jalb qilishi mumkin. Biroq loyiha rasmiylar, federatsiyalar va boshqa tashkilotlar tomonidan tanqid qilindi.
Ma’lumot uchun, 56 yoshli Janni Infantino 2016 yil fevral oyidan beri FIFA rahbari sifatida faoliyat yuritib keladi.
Live
Barchasi