Qodirova o‘zini otib qo‘yganda deputat uyda bo‘lgan. Marhumaning akasi hammasini aytib berdi
Jamiyat
−
27 Sentabr 2019
24399Turkiyaning Adolat va taraqqiyot partiyasi deputati, nafaqadagi general Shirin Unalning uyida oqsoch bo‘lib ishlayotgan 23 yashar o‘zbekistonlik Nodira Qodirova generalning to‘pponchasi bilan o‘zini otib, joniga qasd qilgani haqida xabar bergan edik. Turkiya mahalliy nashrlari Nodira Qodirovaning akasi bilan navbatdagi suhbatni e’lon qildi. Marhumaning akasi Muhammadali Qodirov bo‘lib o‘tgan voqealarni quyidagicha izohladi:
“Voqea 23 sentyabr kuni soat 20:48 da ro‘y bergan. Undan 5 daqiqa avval uy egasi Shirini Unal menga qo‘ng‘iroq qildi va uyida saqlayotgan to‘pponchasi yo‘qolganini aytdi. Singling qurolni senga olib borib berdimi, degan savolni bersa kerak, deb o‘yladim. Yo‘q, u Nodiraning qo‘lida to‘pponcha bilan xonaga kirgani va eshikni ichkaridan qulflaganini aytdi. Telefon ortidan esa Unalning qizi baqirayotgani, eshikka o‘zini urayotgani eshitilib turardi. U birdan go‘shakni qo‘ydi. O‘sha zahoti taksiga o‘tirib, Choykoludagi uyiga bordim. Ammo men yetib borganimda singlim allaqachon o‘z joniga qasd qilib bo‘lgan edi.
Yo‘limni politsiya to‘sdi. Singlim qayerda, deb so‘radim. U Nodirani shifoxonaga olib ketishganini aytdi. Shirin Unal singlim to‘pponchadan o‘ziga o‘q uzganini aytdi. O‘sha mahal cho‘ntagimda 1 tiyin ham pulim yo‘q edi. Politsiya xodimi 50 turk lirasini qo‘limga tutqazdi. Taksiga o‘tirib, shifoxonaga yetib bordim.
Meni ichkariga kiriting, otamiz uni menga omonat qilgan, deb baqirdim. Birdan shifokor ko‘rindi va yonimga kelib, “Bandalik ekan”, dedi. O‘sha vaqt hammasi tugagandek ko‘rindi. Doktorning oyog‘iga yiqildim”.
Muhammadali Qodirov OAVga bergan ilk intervyusida sud-tibbiy ekspertiza juda tez o‘tkazilgani, uning javoblari deputat Shirin Unalning aralashuvi bilan juda tez chiqarilgani haqida gapirib, ekspertiza xulosalariga shubha bildirgan edi. Navbatdagi suhbatda u bu gumonlar haqida so‘z ochmagan.
“Singlimni yaxshi bilardim, dori ichish darajasida muammolari bo‘lmagan. O‘z joniga qasd qilishga jasorati ham bo‘lmagan. 23 yoshli bir qizning shunchaki to‘pponchani topib, tepkini bosishiga imkon yo‘q. To‘pponchadan o‘q boshiga emas, chap ko‘kragi tarafiga otilgan. O‘ng ko‘kragiga, yuragi ustiga tegib o‘tgan.
O‘zbekistonning Istanbuldagi Bosh konsulxonasidagilar singlimning jasadini O‘zbekistonga olib borish biroz sarf-xarajat talab qilishini aytdilar. Deputat Shirin Unalning haydovchisi bu xarajatlarni to‘lashini aytib, Nodiraning jasadi uchun 1450 dollar, mening samolyotga chiptam uchun 482 dollar berdi”.
23 yashar Nodira Qodirova 19 yasharligidan buyon Turkiyada yashab kelayotgan edi.
Qodirova bir kun avval dugonasi Leylaga “Juda yomon ishlar bo‘lyapti. Men akamning yuziga qanday qarayman. O‘lishni istayman”, degan.
Shirin Unalning uyida ikki o‘zbek ayoli oqsoch bo‘lib ishlagan. Nodira asosan genaralning doimiy e’tiborga muhtoj rafiqasiga yordamchi bo‘lgan.
Joriy yilning 25 sentyabr kuni Qodirovaning jasadi Anqara-Istanbul-Toshkent yo‘nalishi bilan O‘zbekistonga olib kelingan.
“Nodiraning juda ko‘p orzu-umidlari bor edi. Bu yil universitetga kirish uchun tayyorgarlikni boshlamoqchi edi”, deydi marhumaning akasi Muhammadali Qodirov so‘zi so‘ngida.
Eslatib o‘tamiz, hodisa ortidan Anqara Politsiya boshqarmasi bayonotida shunday deyilgan edi:
“Voqea joyida o‘tkazilgan tekshiruvda suiqasddan boshqa biror shubhali holat aniqlanmadi. Nodira Qodirovaning xonasida joniga qasd qilish niyatida bo‘lgani to‘g‘risidagi qaydlar va boshqa barcha dalillar tergov materialiga kiritilgan. Holat yuzasidan surishtiruv prokuror tomonidan olib borilyapti”.
LiveBarchasi