DXX Ortiqxo‘jayev va boshqalarni tekshiradi

Tahlil

“Noinsof, oyog‘i yerdan uzilgani uchun ishdan oldim” – Prezident Ortiqxo‘jayev haqida north_east

“Noinsof, oyog‘i yerdan uzilgani uchun ishdan oldim” – Prezident Ortiqxo‘jayev haqida

16 yanvar kuni O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev ishtirokida qish mavsumida aholini energiya resurslari bilan uzluksiz ta’minlash bo‘yicha ko‘rilayotgan choralar yuzasidan kengaytirilgan yig‘ilish bo‘lib o‘tdi.

Davlat rahbari yig‘ilishni boshlar ekan, sovuqdan qiynalayotgan odamlarning tashvish va iztirobini his qilayotganini aytdi.

"Men sovuqdan qiynalayotgan har bir oila, har bir insonning kayfiyatini, hissiyotini chuqur tashvish va iztirob bilan yuragimdan o‘tkazayapman", deydi davlat rahbari.

Yuzaga kelgan vaziyat sohalar hamda hudud rahbarlarining bugungi kungacha qanday ishlaganini yaqqol ko‘rsatib qo‘ygani ta’kidlanib, Toshkent shahrining barcha darajadagi rahbarlari bugungi holatga umuman tayyor emasligi keskin tanqid qilindi.

Vaziyatga oldindan baho berib, qish mavsumiga lozim darajada tayyorgarlik ko‘rmagani uchun bir nechta mutasaddilar lavozimdan “uchdi”.

Prezidentning ma’lum qilishicha, birgina Toshkent shahrida 584 ta mahallaning 120 tasida elektr energiyasi va gazdan uzilishlar bo‘lgan.

"Shuncha gapirganimiz bilan Vazirlar Mahkamasi mas’ullari qayerga qarayapti, degan savol meni qiynayapti. Shu bois qish mavsumiga lozim tarzda tayyorgarlik ko‘rmagani uchun Toshkent shahar hokimi Ortiqxo‘jayevni ishdan oldim. Kechasi shtabda men uni ishdan oldim. Quruq gap, yolg‘on hisobot bilan, pastga tushmagani uchun, noinsof, oyog‘i yerdan uzilgani uchun ishdan oldim", dedi Shavkat Mirziyoyev.

Shu bois Toshkent shahar hokimi Jahongir Ortiqxo‘jayev lavozimidan ozod etildi. Uning o‘rnini so‘kong‘ichligi bilan tanilgan Ortiqxo‘jayevning o‘rinbosari Baxtiyor Rahmonov egalladi va shahar hokimi vazifasini bajaruvchi bo‘ldi.

Bugungacha Bosh prokuror o‘rinbosari bo‘lgan Erkin Yo‘ldoshev shahar prokurori etib tayinlandi.

Lavozimidan ayrilgan faqat Jahongir Ortiqxo‘jayev emas. 

“Issiqlik elektr stansiyalari” aksiyadorlik jamiyati raisi Farxod Abduraxmonov vazifasidan ozod etildi. "Hududiy elektr tarmoqlari" rahbari Ulug‘bek Mustafoyev, "Uztransgaz" rahbari  Behzod  Normatov va "O‘zbekneftgaz" rahbari Mehriddin Abdullayev ham lavozimidan ozod etilib, ularga vazifasini bajaruvchi lavozimida 3 oy sinov muddati belgilandi. 

Toshkent shahrining Yunusobod tumani hokimi Bahodir Abduvaliyev, Mirzo Ulug‘bek tumani hokimi Shavkat Irgashev, Uchtepa tumani hokimi Farxod Abdullayev “hayfsan” oldi. 

Qish fasli boshlanganida yetishmovchiliklar borligini tan olgan va xalqdan uzr so‘ragan, eng muhimi, yozdan buyon energetikadagi muammolarni gapirib kelayotgan, vaqtida choralar ko‘rilmasa, qishda og‘ir bo‘lishini aytib, buni faqat mustaqil narxlar belgilash bilan amalga oshirish, energetik barqarorlikka nisbatan erishish, inqirozni chetlab o‘tish mumkinligini takror va takror ta’kidlagan Energetika vaziri o‘rinbosari Sherzod Xo‘jayev ham lavozimidan ozod etildi. 
 
Shuningdek, vaziyatga oldindan baho berib, qish mavsumiga lozim darajada tayyorgarlik ko‘rmagani uchun Zangiota, Toshkent, Buloqboshi, Xo‘jaobod, Uchqo‘rg‘on, Koson, Karmana, Qamashi, Shofirkon, Xo‘jayli, Denov, Sharof Rashidov, Pastdarg‘om, Farg‘ona, Paxtabod, Hazorasp tumanlari hamda Samarqand, Namangan, Farg‘ona, Guliston, Chirchiq shaharlari hokimlari mas’uliyatni his qilmasdan, bir oy oldingi sovuq kunlardan hech qanday xulosa chiqarmagani ko‘rsatib o‘tildi.
 
Toshkent viloyati hokimi Zoyir Mirzayev ham Prezidentning tanqidlaridan chetda qolgani yo‘q. U bu safar qat’iy ogohlantirildi. Chirchiq shahar hokimiga Davron Xidoyatovga esa “hayfsan” berildi.
 
Yig‘ilishda  DXX va Bosh prokuraturaga energetika tizimidagi korrupsiyani yo‘q qilish bo‘yicha alohida choralar ko‘rish topshirildi.

Shuningdek, Davlat xavfsizlik xizmati va Bosh prokuraturaga bugun lavozimidan ozod etilgan mutasaddilarning faoliyatini o‘rganish va qonun buzilishlari aniqlangan taqdirda, qat’iy javobgarlikka tortish buyurildi.


Maqola muallifi

Teglar

Prezident Ortiqxo'jaev energetikadagi inqiroz

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing