Qon evaziga kengaygan Rossiya, pora olganda ushlangan vazir, dumi tugilgan “to‘ra”lar – Jo‘jani kuzda sanaymiz
Tahlil
−
01 Oktabr 2022
20220Salom bo‘lsin, o‘z kasb bayramini ham paxta dalasida nishonlagan, qilgan mehnatiga rahmat eshitmagan, aksincha, maktab yo kollejning sovuq sport zallarida tunni o‘tkazib, saharlab yana dalaga chopgan o‘qituvchilarga. Salom bo‘lsin, o‘zi paxtaga borolmagani uchun har ikki kunning birida dalaga yo “produkta”, yo pul tashigan, o‘qituvchilik qismatimda mardikorlik ham bor ekan, deb yelka qisgan ojizalarga. Salom bo‘lsin, Yangi yil, Navro‘z yo boshqa bayramlarni oila davrasida, farzandlari qurshovida emas, maktabda kutib olgan, tunni maktabda o‘tkazgan direktorlarga. Salom bo‘lsin, hokimbuva va prokuror, kattakonlarning qosh-qovog‘iga qarab, katta yo‘ldan biror akaxon o‘tgudek bo‘lsa, “subotnik”ga olib chiqilgan, oxir-oqibat o‘quvchisi yashaydigan domning pod’ezdini ham borib tozalagan ustozlarga. Salom bo‘lsin, o‘z maoshiga bozordan gul, ko‘chat sotib olib, maktabga olib kelib ekkanlarga. Salom bo‘lsin, go‘yo “otpuska” berilib, lekin yozi bilan “kraska” hidiga to‘yingan, ota-onalarning pisanda qilib bergan pulini tejab-tergab, zo‘rg‘a bitta sinf “remont”iga yetkazolgan, shunda ham “o‘g‘ri” degan tamg‘ani olgan murabbiylarga. Salom bo‘lsin, men aytganu aytmagan alamli kunlarni boshidan kechirganlarga.
Tilga olganlarim O‘zbekistonning uzoq bo‘lmagan tarixi. Yaqin-yaqingacha bularning barchasi va barchamiz bor edik. Lekin o‘qituvchining joniga oro kiradigan topilmadi. To‘g‘ri, bugun o‘qituvchiga nisbatan munosabat o‘zgargandir, lekin yaralar hali bitgani yo‘q. Bu yaralar men kabi o‘qituvchining bolalarida hamon yashamoqda. Fursatdan foydalanib, barcha ustoz va murabbiylarni, o‘qituvchilarimizni kasb bayramlari bilan tabriklagan holda, dasturimizni boshlaymiz. Siz bilan Qamariddin Shayxov.
Qonga belangan maktab
Hafta voqealari hisobotini o‘qituvchilar va maktab mavzusidan uzoqlashmagan holda Rossiyaning Ijevsk shahri markazidagi 88-maktabda sodir etilgan otishma haqidagi ma’lumotlardan boshlasak.
Gap shundaki, 26 sentyabr kuni 34 yoshli mahalliy fuqaro, shu maktab bitiruvchisi Artem Kazansev maktabda otishma sodir etdi.
Erkak qora niqobda maktabga bostirib kirgan. Dastlab qo‘riqchiga o‘q uzgan, keyin sinfxonaga borib, o‘quvchilarga hujum qilgan. U hujumdan keyin o‘z joniga qasd qilgan. Kazansev muqaddam shizofreniya tashxisi bilan psixo-nevrologik dispanserda ro‘yxatga olingan.
Hodisa yuzasidan Tergov qo‘mitasi Rossiya Federatsiyasi Jinoyat kodeksining 105-moddasi – ikki yoki undan ortiq shaxslarni, shu jumladan voyaga yetmaganlarni o‘ldirish, 222-moddasi 1-qismi bilan jinoiy ish qo‘zg‘adi. Tergovni Tergov qo‘mitasi markaziy apparati olib boradi.
Qurolli hujum oqibatida 17 kishi halok bo‘ldi, 20 dan ortiq kishi jarohat oldi.
Ushbu qonli voqeadan xabar topgan O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Rossiya Federatsiyasi Prezidenti Vladimir Putinga hamdardlik bildirdi.
Komada qolayotgan Zohid Rixsiyev
29 sentyabr kuni taxminan soat 23:00 larda poytaxt Toshkentning Yunusobod tumanida dahshatli yo‘l-transport hodisasi sodir bo‘ldi. 1990 yilda tug‘ilgan sobiq “Ummon” guruhi solisti Zohid Rixsiyev o‘zining boshqaruvidagi BMW rusumli avtomobilida rul boshqaruvini yo‘qotib, yo‘l transport hodisasini sodir etgan.
Oqibatda transport vositasi haydovchisi va ikki yo‘lovchi shifoxonaga yotqizilgan. 1994 yilda tug‘ilgan Sunnat ismli yigit voqea joyida vafot etgan.
Ayni vaqtda xonanda Zohid Rixsiyevning ahvoli og‘ir, unga bosh miya ochiq jarohati, bosh miya lat yeyishi, bosh tepa sohasining ezilib yirtilgan jarohati, chap yelka sohasi yumshoq to‘qimalari lat yeyishi tashxisi qo‘yilgan. Bemor jonlantirish bo‘limida, komada qolmoqda.
Hodisa yuzasidan Toshkent shahar IIBB Tergov boshqarmasi tomonidan O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat Kodeksining 266-moddasi 2-qismi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan. Tergov harakatlari olib borilmoqda.
Rossiya Ukrainaning hududini kuch bilan egalladi
30 sentyabr kuni Rossiya Prezidenti Vladimir Putin, o‘zini Donetsk va Lugansk “xalq respublikalari” deb tanishtirayotgan bo‘lginchilar, Zaporoje va Xerson viloyatlari rahbarlari ushbu viloyatlarning Rossiya tarkibiga qo‘shilishi bo‘yicha kelishuvlarni imzoladilar. Shuning bilan jahon hamjamiyatining fikricha, Rossiya Ukraina yerlarini anneksiya qildi va 2014 yilda Qrim borasida qilgan xatosini takrorladi.
Marosim Katta Kreml saroyida bo‘lib o‘tdi. Hujjatlarni imzolashdan oldin Putin ushbu hududlarni Rossiya tarkibiga qabul qilish haqida nutq so‘zladi.
Gap shundaki, joriy yilning 23-27 sentyabr kunlari Donetsk, Lugansk, Xerson va Zaporojeda Birlashgan Millatlar Tashkiloti, Yevropada xavfsizlik va hamkorlik tashkiloti kabi xalqaro tuzilmalar va jahon hamjamiyati tan olmagan referendumlar bo‘lib o‘tdi. Rossiya matbuotiga ishonadigan bo‘lsak, referendumda ushbu mintaqalar aholisi ko‘p sonli ovoz bilan hududlarning Rossiya tarkibiga kirishini qo‘llab-quvvatlagan. Ammo xalqaro matbuot buning aksini, referendum noqonuniy, ayrim joylarda esa kuch ishlatish, ovoz bermaganlarni bunga majburlash yo‘li bilan o‘tkazilgani haqida yozmoqda.
Ukraina Prezidenti Moskva Kiyev nazorati ostida bo‘lmagan hududlarda o‘tkazilgan bir tomonlama “referendumlar” natijalarini tan oladigan bo‘lsa, Rossiya Federatsiyasi Prezidenti bilan gaplashadigan hech narsa qolmasligini aytib chiqdi.
Yevropa Kengashi rahbari Sharl Mishel esa Yevropa Ittifoqi sepataristlar nazoratidagi hududlarda o‘tkazilgan bir tomonlama “referendum”larni tan olmasligini bildirdi.
Shuningdek, Shimoliy Atlantika alyansi – NATO Bosh kotibi Yens Stoltenberg ham Rossiya tomonidan o‘tkazilgan soxta referendumlar qonuniylikka ega emasligi va bu xalqaro huquqni qo‘pol ravishda buzish hisoblanishini aytdi.
AQSH Prezidenti Baydenga ko‘ra, Ukraina hududida o‘tkazilgan psevdoreferendumni “to‘liq uydirma” va Vashington Rossiya Federatsiyasining Ukrainaga nisbatan hududiy da’volarini hech qachon tan olmaydi.
BMT Bosh kotibi Antoniu Guterrishning fikricha, bosib olingan hududlarda "referendum"lar davom etayotgan qurolli to‘qnashuvlar sharoitida, Rossiya ishg‘oli ostidagi va Ukrainaning huquqiy hamda konstitutsiyaviy doirasidan tashqarida bo‘lgan hududlarda o‘tkazilgan. Ularni xalq irodasining haqiqiy ifodasi, deyish mumkin emas.
Shuningdek, Turkiya Respublikasi Prezidenti Rajab Toyib Erdo‘g‘an ham CNN Turk telekanaliga bergan intervyusida Turkiya ushbu referendumni tan olmasligini va 4 hududning Rossiya tarkibiga qo‘shib olinishi Ukraina-Rossiya o‘rtasidagi vaziyatni yanada chigallashtirganini ochiqladi.
Putin Ukrainaning to‘rt viloyatini anneksiya qilganidan so‘ng, AQSH va Kanada Rossiyaga nisbatan sanksiyalarni kengaytirdi
O‘zbekistonning bayonoti kimga atalgan?
Toshkent Rossiya-Ukraina urushi va Ukraina yerlarining anneksiya qilinishi borasida mart oyidan buyon miq etmay kelayotgan edi. O‘shanda Senatning yalpi majlisida chiqish qilgan Tashqi ishlar vaziri Abdulaziz Komilov O‘zbekiston Donetsk va Lugansk xalq respublikalarini tan olmasligi va Ukraina hududiy yaxlitligi va severenitetini qo‘llab-quvvatlashini bildirgan edi. Keyin Komilov umuman ko‘rinish bermadi. Aprel oyiga kelib uning o‘rnini Vladimir Norov egalladi. Komilov esa aprel oyida Xavfsizlik kengashi kotibining tashqi siyosat va xavfsizlik masalalari bo‘yicha o‘rinbosari, iyun oyida Prezidentning tashqi siyosat masalalari bo‘yicha maxsus vakili lavozimlariga tayinlandi. Ammo hozir gap bu haqida emas.
Gap shundaki, Tashqi ishlar vazirligi Ukrainaning 4 hududida Rossiyaga qo‘shilish bo‘yicha referendum o‘tkazilib, 30 sentyabr kuni ushbu hududlar katta tantana bilan Rossiya tarkibiga kirishidan bir necha soat avval bayonot bilan chiqdi. Unda aytilishicha, O‘zbekiston Respublikasi o‘zining tashqi siyosatini amalga oshirishda milliy manfaatlarga, asosiy tamoyillar sanaluvchi, jumladan, ochiqlik, teng huquqlilik, suverenitet, hududiy yaxlitlikni hurmat qilish, boshqa davlatlarning ichki ishlariga aralashmaslik kabi ustuvorliklarga doimo sodiqdir.
TIVning bu izohini Ukrainaning Donetsk, Lugansk, Xerson va Zaporoje viloyatlarida Rossiya tomonidan o‘tkazilgan bir tomonlama "referendum"larni tan olmaslik deya tushunish ham mumkin. Ammo vazirlik bu masalada ochiq fikr bildirmagan.
“O‘zbekiston mavjud vaziyatni xalqaro huquq normalaridan kelib chiqib siyosiy-diplomatik yo‘l bilan hal etish uchun shartlarni imkon qadar tezroq ishlab chiqish tarafdoridir”, deyiladi bayonotda.
Shuningdek, TIV O‘zbekiston Respublikasi hududiga kelayotgan Rossiya Federatsiyasi fuqarolari sonining ko‘payishiga to‘xtalib, ularning mamlakatda bo‘lish masalasi, shuningdek, ehtimoliy ekstraditsiya qilinishi O‘zbekiston qonunchiligi, ikki tomonlama va ko‘p tomonlama huquqiy hujjatlar asosida tartibga solinishini qayd etgan. Shu bilan birga, huquqbuzarlik sodir qilmagan xorijiy davlat fuqarolari majburiy deportatsiya qilib yuborilmasligi urg‘ulangan.
“Shimoliy oqim” portladi. Putin g‘azabda
Joriy yilning 26 sentyabr kuni bir necha soat ichida “Shimoliy oqim” va “Shimoliy oqim-2” quvurida to‘rtta gaz sizish nuqtasi aniqlandi. Ulardan birinchisi Daniyaning Bornxolm oroli yaqinidagi “Shimoliy oqim-2”da qayd etilgan. Keyin “Shimoliy oqim”da ikkita sizish kuzatilgan. Daniya energetika agentligi dengizga katta miqdorda gaz tushgani haqida xabar berdi. So‘nggi to‘rtinchi sizish nuqtasi Shvetsiya hududida topilgan. Samolyotlar va kemalarning hodisa sodir bo‘lgan joyga besh dengiz milidan yaqinroq kelishi taqiqlandi.
Keyinroq shved seysmologlari quvur yo‘nalishlarida ikkita portlash sodir bo‘lganini aytgan. Unga ko‘ra, birinchi portlash 26 sentyabrga o‘tar kechasi, ikkinchi portlashni esa o‘sha kuni kechqurun qayd etgan. Ulardan birining magnitudasi 2,3 ballga teng bo‘lgan.
Daniya va Polsha rasmiylarining fikricha, “Shimoliy oqim” gaz quvurlaridan gaz sizishiga olib kelgan portlashga qasddan rejalashtirilgan sabotaj sabab bo‘lgan
Daniya iqlim va energetika vaziri Dan Yorgensen geologlarning gaz quvurlarida portlashlar sodir bo‘lgani haqidagi ma’lumotlarini tasdiqlab, quvurlar tubida chuqur joylashgani va po‘lat va betondan ishlanganini va sizib chiqayotgan joylarning o‘lchami bu baxtsiz hodisa bo‘lishi mumkin emasligini ta’kidladi.
Shvetsiya Tashqi ishlar vaziri Ann Linde ijtimoiy tarmoqda yozishicha, Daniya va Shvetsiyaning eksklyuziv iqtisodiy zonalaridagi “Shimoliy oqim” va “Shimoliy oqim 2”da gaz sizib chiqishi portlashlar oqibati bo‘lgan, ehtimol sabotaj tufayli sodir bo‘lgan.
“Der Spiegel” nashrining yozishicha, AQSHning Markaziy razvedka boshqarmasi yozdayoq Germaniya hukumatini boltiq dengizidagi gaz quvurlariga ehtimoliy hujumdan ogohlantirgan.
Rossiya Federatsiyasi Federal xavfsizlik xizmatining Tergov departamenti holat bo‘yicha Jinoyat kodeksining 361-moddasi 1-qismi (“Xalqaro terrorizm akti”) bilan jinoiy ish qo‘zg‘atdi.Bu moddadagi jinoyatda ayblangan shaxslar 10 yildan 20 yilgacha yoki umrbod ozodlikdan mahrum qilish bilan jazolanadi.
Hodisalarni Germaniya, Daniya va Shvetsiya tekshirmoqda. Nemis maxfiy xizmatlari bu g‘avvos yoki suv osti kemasidan foydalangan holda sabotaj bo‘lgan deb gumon qilmoqda. Ularning fikricha, gaz quvurlari tezda ta’mirlanmasa, ular abadiy yaroqsiz holga kelishi mumkin.
30 sentyabr kuni Prezident Vladimir Putin Ukraina hududlarini Rossiya tarkibiga qo‘shib olish marosimidagi nutqida “anglo-sakslar”ni, ya’ni britaniyaliklarni “Shimoliy oqim” gaz quvurlarida portlashlar uyushtirganlikda aybladi.
Ma’lumot uchun, “Shimoliy oqim” va “Shimoliy oqim – 2” Boltiq dengizi tubidan o‘tuvchi Rossiya va Germaniya o‘rtasidagi magistral gaz quvurining bir qismidir.
“Dumi tugilgan xon”lar
Yodingizda bo‘lsa, yozning so‘nggi haftasida tayyorlagan dasturimizda kuz yaqinlashyapti, g‘alvirni suvdan ko‘taradigan payt kelyapti, degandim. Haqiqatan ham aytganim bo‘ldi: g‘alvir suvdan ko‘tarildi. O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi rahbari Sardor Umurzoqov rahbarligida shu hafta hokimlar bilan o‘tkazilgan tanqidiy-tahliliy yig‘ilish ko‘pdan beri kutilayotgan edi, desak xato bo‘lmaydi.
Prezident Administratsiyasida o‘tkazilgan majlislarda Administratsiya rahbarining yoki boshqa mansabdorning ovozi bugungacha ommaviy axborot vositalariga sizdirilmagan. Ammo 27 sentyabr kuni kechasi bo‘lgan majlisda Umurzoqov aytgan gaplar ertasi kuni tongda ijtimoiy tarmoqda turibdi deng. Xullas yig‘ilishda 5 tuman hokimi lavozimidan ozod etildi. Bular: Asaka tumani hokimi Mansurbek Alixonov, Farg‘ona tumani hokimi Shuhratjon Mo‘minov, Paxtaobod tumani hokimi Elyorbek Usmonov, Nurobod tumani hokimi Sherali Yo‘ldoshev, Abdujabbor Egamberdiyev. Umurzoqov ularga chiqish eshigini ko‘rsatarkan, har birining qilmishini ochiq-oydin yuziga aytdi va hokimlik binosidan chiqishda guvohnomasini tashlab chiqishini uqtirdi.
Navbat Surxondaryo viloyati hokimi To‘ra Bobolovga keldi. Bir necha hafta avval Bobolov Angor tumani prokurorining faoliyatiga noqonuniy tarzda aralashib, uni haqorat qilgani uchun hozircha jarima jazosi bilan qutilib qoldi. Unga ish haqining 40 foizi miqdorida jarima qo‘llanildi.
Shuningdek, yig‘ilishda, Umurzoqov O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining davlat xizmati va hokimiyat vakillik organlari bilan hamkorlik qilish masalalari bo‘yicha maslahatchisining birinchi o‘rinbosari Qahramon Quronboyevga yuzlanib, ertagayoq viloyatga borib, tartibot o‘tkazishni, kerak bo‘lsa jinoiy javobgarlikka tortish kerakligini aytgan. Biroq, u aynan kimni jinoiy javobgarlikka tortish kerakligiga aniqlik kiritmagan.
Ushbu majlisda Namangandagi mehmonxonada janjal chiqarib, xodimlarni haqorat qilib, ularga buyumlar uloqtirgan “O‘zbekchorvanasl” agentligi direktori Baxtiyor Otamurodov ham lavozimidan ozod etilgani aytildi.
Suvdan quruq chiqqan “zo‘ravonlar”
Ijtimoiy tarmoqlarda Farg‘onada Ichki ishlar xodimlari bir necha kishi guvohligida fuqaroni do‘pposlagani aks etgan video tarqaldi. Videoda ikki xodim fuqaroni bo‘g‘ib, urib, tepganini ko‘rish mumkin.
Ichki ishlar vazirligi Matbuot kotibi Shohruh G‘iyosov holat yuzasidan izoh berdi.
Vazirlik vakilining ma’lum qilishcha, videodagi voqea 2021 yilning 14 iyul kuni Farg‘ona shahri ichki ishlar bo‘limida sodir etilgan. Holat yuzasidan prokuratura organlari tomonidan O‘zbekiston Respublikasi JKning 206-moddasi 1-qismi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan hamda 2021 yil 2 dekabrda mazmunan ko‘rib chiqishlik uchun sud organlariga yuborilgan.
Mazkur jinoyat ishi joriy yilning 23 avgust kuni Farg‘ona viloyati JIB sudi tomonidan apellyatsiya tartibida ko‘rib chiqilib, xodimlarning harakatlarida jinoyat alomatlari yo‘q deb topilgan va oqlov hukmi chiqarilgan. Sudning ushbu qarori va G‘iyosovning bayonoti odamlarning e’tiroziga sabab bo‘ldi. Axir videoda bo‘g‘ib, do‘pposlayotgani aks etib tursayu sud buni ko‘rmasli mumkinmi? Demak, mumkin ekan.
Oradan ko‘p o‘tmay, Oliy sud bahslarga olib kelgan ushbu masala bo‘yicha bayonot berib, fuqaroni do‘pposlagan ichki ishlar xodimlari ishi bo‘yicha viloyat prokurori tomonidan kassatsiya tartibida protest kiritilganini ma’lum qildi.
Ayni vaqtda ushbu protest belgilangan tartibda ko‘rib chiqish uchun rasmiylashtirmoqda. Jinoyat ishi Oliy sudda kassatsiya tartibida ko‘rilishi bo‘yicha sud jarayoni yakuni yuzasidan batafsil axborot berilishi aytildi. Ko‘ramiz, Ichki ishlar xodimlari bu safar ham suvdan quruq chiqarmikin?
Ayol o‘zini poyezd tagiga tashladi
O‘zbekistonda ayollar ustidan benzin quyib yoqayotgani yetmagandek, o‘zini poyezd tagiga ham tashlab, joniga qasd qilmoqda. Buxoroda ayolni poyezd bosib ketdi, to‘g‘rirog‘i ayol o‘zini poyezd tagiga tashladi. 26 sentyabr kuni soat 06:00 da “Xo‘jadavlat-Buxoro-1” yo‘nalishidagi poyezd 43-RZD va Murgak temir yo‘l bekatlari oralig‘ida harakatlanib kelayotgan vaqtda Kogon shahrida yashagan 38 yoshli ayol o‘z joniga qasd qilish maqsadida poyezd tagiga o‘zini tashlagan va olgan tan jarohatlari oqibatida voqea joyida vafot etgan.
Hozirgi vaqtda yuqorida qayd qilingan holat yuzasidan Buxoro transport prokuraturasi tomonidan tergovga qadar tekshiruv harakatlari olib borilmoqda.
Haj va Umraga boruvchilar ko‘payadi
O‘zbekistonliklar uchun Haj kvotasi 24 ming nafargacha, Umra kvotasi esa 100 ming nafargacha oshiriladi. 29 sentyabr kuni O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev va Saudiya Arabistoni Podshohligi Haj va Umra ishlari vaziri Tavfiq bin Favzon ar-Rabia uchrashuvida shunga kelishilgan.
Uchrashuvda musulmon olamining muqaddas ziyoratgohlariga safarlarni tashkil etish borasida o‘zaro manfaatli hamkorlikni kengaytirish, shu jumladan fuqarolarimizning Saudiya Arabistonida bo‘lishi bilan bog‘liq yanada qulay va shinam sharoitlar yaratish masalalari muhokama qilingan.
Daraxtlarni qirgan kim?
Buxoro viloyatida harbiy prokuror boshchiligida qimmatbaho daraxtlar kesib tashlangani haqida xabarlar tarqaldi. Aytilishicha, 2022 yil may oyida Buxoro harbiy prokuraturasi ma’muriy binosi orqa hovlisidagi oshxona bilan issiqxona o‘rtasidagi 6 tup ko‘p yillik Aylanta daraxtlari kestirib tashlangan.
O‘zbekiston Bosh prokuraturasi qimmatbaho daraxtlar prokuror boshchiligida kesilgani haqidagi xabarlarga munosabat bildirdi.
Qayd etilishicha, mazkur holat Respublika Harbiy prokuraturasi tomonidan tekshirilmoqda.
O‘zbekiston paxtasidan olingan taqiq
AQSH Mehnat vazirligi 2011 yildan beri birinchi marta O‘zbekistonni bolalar mehnatining eng yomon shakllariga barham berish bo‘yicha sa’y-harakatlar samaradorligi bo‘yicha “sezilarli taraqqiyot”ning eng yaxshi toifasiga kiritdi.
Bu majburiy va bolalar mehnatiga qarshi kurashish borasida olib borilayotgan davlat siyosati, shuningdek, ushbu sohada jinoiy javobgarlikning xalqaro standartlarga to‘liq mos ravishda kuchaytirilgani tufayli erishilgani alohida ta’kidlangan.
Bundan tashqari, O‘zbekiston erishgan yutuqlarni inobatga olgan holda, AQSH Mehnat vazirligi mamlakatda ishlab chiqarilgan paxtani “Bolalar va majburiy mehnatdan foydalangan holda ishlab chiqarilgan mahsulotlar ro‘yxati”dan chiqarilishini e’lon qildi. Ushbu qaror O‘zbekistonda ishlab chiqarilgan paxta va undan tayyorlangan mahsulotlarni AQSHga olib kirishga qo‘yilgan rasmiy cheklovlarni bekor qiladi.
Pora bilan qo‘lga tushgan vazir
Qirg‘iziston Ta’lim vaziri Almazbek Beyshenaliyev 110 ming dollar miqdorida pora olayotganda qo‘lga tushdi. Qirg‘iziston IIV tomonidan e’lon qilingan videoda ikkinchi tomon amaldorga konvert bergani, Beyshenaliyev esa hamma joyda kuzatuv kameralari borligini aytib, norozilik bildirganini ko‘rish mumkin.
Boshqa kadrlarda Almazbek Beyshenaliyevning mashinaga o‘tirgani va keyin militsiya xodimlari tomonidan qo‘lga olingani ko‘rsatilgan.
Ta’lim vaziri xorijlik talabalarni mahalliy oliy o‘quv yurtlariga o‘qishga kiritish uchun pora undirilgani aytilmoqda.
30 sentyabr kuni sudga kirish oldidan jurnalistlarga bergan intervyusida Beyshenaliyev o‘z aybini tan olmasligini, olgan pullari esa investitsion loyiha uchun "sarmoya" ekanini aytgan.
U o‘ziga qarshi kim ariza yozganini bilishini ham qistirib o‘tgan. Qiziq, shuncha katta miqdordagi pora, a yo‘g‘-ey investitsion pullar faqat Qirg‘iziston ta’lim vaziriga berilarmikin?
O‘zbek-qirg‘iz chegarasida nima gap?
Qirg‘iz-tojik chegarasidagi mojarolar hali tamoman tugagani yo‘q. Muammoning ildizini qo‘porib tashlash oson bo‘lmaydi. Ammo O‘zbekiston Qirg‘iziston bilan chegaradagi noaniqliklarni kelishish borasida yana bir qadam qo‘ydi. Tugayotgan haftada O‘zbekiston Respublikasi Bosh vaziri Abdulla Aripov amaliy tashrif bilan Qirg‘izistonga bordi.
Tashrif davomida O‘zbekiston Bosh vaziri Abdulla Aripov va Qirg‘iziston Milliy xavfsizlik davlat qo‘mitasi raisi, Vazirlar Mahkamasi raisi o‘rinbosari Kamchibek Tashiyev qirg‘iz-o‘zbek davlat chegarasini delimitatsiya va demarkatsiya qilish masalalari bo‘yicha qo‘shma majlis bayonnomasini imzoladilar, bu esa qirg‘iz-o‘zbek davlat chegarasidagi ayrim uchastkalar bo‘yicha yangi Bitim loyihasini kelishish tartibini boshlash imkonini beradi.
Keyin Aripov Qirg‘iziston Prezidenti Sadir Japarov qabulida bo‘ldi. Japarov uchrashuv natijalari ikki mamlakat xalqlari manfaatlaridan kelib chiqib, qirg‘iz-o‘zbek davlat chegarasini delimitatsiya qilish bo‘yicha huquqiy jarayonni tezroq yakunlashga xizmat qilishiga ishonch bildirdi.
Putin MDHni G‘arb va Amerika tahdididan ogohlantiryapti
30 sentyabr kuni Moskvada MDH davlatlarining xavfsizlik va razvedka xizmatlari rahbarlarining 18-yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi. Unda Rossiya, Ozarbayjon, Armaniston, Belarus, Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Tojikiston, O‘zbekiston vakillari ishtirok etdi. Ushbu yig‘ilish oldidan Rossiya Prezidenti Vladimir Putin qatnashchilarga videomurojaat yo‘lladi.
U Afg‘onistonning qo‘shnilarini terror xavfidan ogohlantirdi. Putinga ko‘ra, Afg‘oniston hududida faoliyat yuritayotgan terrorchilar chegaradosh davlatlarga nisbatan rejalar tuzishlari mumkin. Bu hamdo‘stlik chegaralaridagi vaziyat e’tiborni kuchaytirishni talab qiladi. Aynan o‘sha yerda ko‘plab umumiy xavfsizlik tahdidlari shakllangan bo‘lib, ular o‘z vaqtida to‘xtatilmasa, mamlakatlardagi vaziyatga salbiy ta’sir ko‘rsatishi mumkin.
Shuningdek, Rossiya rahbari bir qutbli gegemoniya muqarrar ravishda yemirilayotgani, adolatliroq dunyo tartibi shakllanayotgani, ammo G‘arb bunga chidashni xohlamayotganini aytdi.
U barcha sohalarda – xalqaro munosabatlar va iqtisoddan tortib, madaniyat va sportgacha diktatorlik siyosatini olib borishga urinayotgan bu eng mashhur jamoa – G‘arb tobora ko‘proq yangi muammolar, inqirozlarni keltirib chiqarayotganiga e’tibor qaratgan.
Putinning fikricha, G‘arb har qanday davlatni xavf ostiga qo‘yishga, uni inqiroz o‘chog‘iga aylantirishga, rangli inqilob va qonli qirg‘inni qo‘zg‘atishga tayyor.
Uchrashuv ishtirokchilariga murojaat qilar ekan, u razvedka tuzilmalari eng xavfli tahdidlarga qarshi kurashda oldingi safda turishini va ular oldida asosan o‘xshash vazifalar turganini ta’kidladi. Bular: o‘z mamlakatlarida tinchlik va barqarorlikni ta’minlash, milliy suverenitetni mustahkamlash, integratsiyaviy aloqalarni rivojlantirishga ko‘maklashish.
NATO Zelenskiyning qo‘ynini puch yong‘oqqa to‘ldirdi
Rossiya Ukrainaning to‘rt hududini anneksiya qilgach, Ukraina NATOga a’zo bo‘lish uchun ariza topshirdi.
Prezident Vladimir Zelenskiy Ukraina NATOga tezlashtirilgan a’zolik bo‘yicha arizani imzolash orqali o‘zining hal qiluvchi qadamini tashlayotganini ta’kidladi.
Albatta, Zelenskiyning arizasiga darrov ijobiy javob bo‘lgani yo‘q. Shimoliy Atlantika Shartnomasi Tashkiloti (NATO) Bosh kotibi Yens Stoltenbergning aytishicha, Ukraina uchun Alyansga kirish eshiklari ochiq, biroq hozir asosiy e’tibor Rossiyaning keng ko‘lamli bosqinida uning himoyasini qo‘llab-quvvatlashga qaratilgan. Bundan anglashiladiki, Ukraina urush maydonida yetarlicha qo‘llab-quvvatlanadi, ammo ular uchun hech kim bor jang qilmaydi.
Stoltenbergning so‘zlariga ko‘ra, Yevropadagi har qanday demokratik davlat NATOga a’zolik uchun ariza berish huquqiga ega va NATO ittifoqchilari bu huquqni hurmat qiladi.
Ukraina bungacha ham NATOga a’zo bo‘lish istagini bildirgan. Biroq ittifoqqa a’zo ayrim davlatlar Ukrainaning Yevroatlantika istiqboliga shubha bilan qarashadi. Xususan, 14 fevral kuni Germaniya kansleri Olaf Shols Ukrainaning NATOga a’zo bo‘lishi masalasi hali kun tartibida emasligini aytgan.
Ukraina hududiga bostirib kirgandan so‘ng, Rossiya rasmiy Kiyevga ultimatum qo‘ydi, u Ukraina NATOga qo‘shilmasligi va armiya sonini kamaytirish kafolatlarini o‘z ichiga olgan.
LiveBarchasi