Rasman: Putin Ukrainaning to‘rt viloyatini Rossiyaga qo‘shib oldi

Olam

image

Bugun, 30 sentyabr kuni Rossiya Prezidenti Vladimir Putin Ukrainaning Donbass mintaqasida ayirmachilar tomonidan tuzilgan tan olinmagan Donetsk va Lugansk xalq respublikalari hamda Xerson va Zaporoje viloyatlarini Rossiyaga qo‘shish to‘g‘risidagi shartnomalarni imzoladi. Hujjatlarni imzolash marosimi Kremlning Georgiy zalida o‘tkazilyapti.

Putin va Leonid Pasechnik tan olinmagan Lugansk xalq respublikasini (Ukrainaning Lugansk viloyati) Rossiya Federatsiyasiga qabul qilish va Rossiyada yangi sub’ekt tuzish to‘g‘risidagi shartnomani imzoladi.

Putin Denis Pushilin bilan DXRni (Ukrainaning Donetsk viloyati) Rossiyaga qo‘shib olish bo‘yicha shartnomani imzoladi.

Bundan tashqari, Rossiya Prezidenti bosib olingan Xerson va Zaporoje viloyatlari rahbarlari bilan ushbu hududlarni mamlakatga qo‘shib olish va RF tarkibida yangi sub’etlar tuzish haqidagi shartnomalarni imzoladi.

Rossiya-Ukraina urushi

Joriy yilning 21 fevral kuni Rossiya Prezidenti Vladimir Putin Kremlda Ukraina sharqidagi o‘zini mustaqil deb e’lon qilgan Lugansk xalq respublikasi (LXR) va Donetsk xalq respublikasini (DXR) tan olish to‘g‘risidagi farmonni imzoladi. Keyinroq RF respublikalarni shu nomdagi viloyatlar chegarasida tan olganini ta’kidlab, Ukrainaga qarshi urush xavfini oshirib yubordi.

Putinning favqulodda qarori ortidan AQSH, YeI, Kanada, Avstraliya, Buyuk Britaniya va Yaponiya rasmiylari ham Rossiyaga qarshi sanksiyalar kiritdi.

24 fevral kuni Rossiya Prezidenti Vladimir Putin Ukraina sharqida Donbassda rus harbiylari "maxsus harbiy operatsiya" boshlaganini e’lon qildi va rus qo‘shinlari Ukrainaga hujum boshladi. Putin bu harakatini Ukraina sharqidagi rossiyaparast separatist kuchlar rahbarlari shunday so‘rov yuborgani bilan oqladi.

Bundan avvalroq Zelenskiy Rossiya fuqarolariga rus tilida murojaat qilib, ukrainlarga “na sovuq, na issiq, na gibrid urush kerak emas”ligini, ukrainlar hujumchilarni kutib olishga tayyorligini bildirgandi. Ko‘p o‘tmay Prezident Rossiya bilan diplomatik aloqani uzdi. Prezident Zelenskiy mamlakatda harbiy holat e’lon qildi.

25 fevral kuni Zelenskiy Ukrainada umumiy harbiy safarbarlik e’lon qildi. Armiyaga chaqiruv mamlakatning qator viloyat va shaharlarida amalga oshirilishi belgilandi.

Rus qo‘shinlari hozirgacha Ukrainaga shimol, sharq va janubdan hujum qilib kelmoqda va qator hududlarni egallashga erishdi. Ammo bu urush Rossiyaning dunyoda yakkalanib qolishiga olib keldi.

Ukrainaga hujum boshlanishi Rossiya iqtisodiga og‘ir zarba berdi. Rus kompaniyalari aksiyalari keskin arzonlashdi, Moskva birjasida savdolar mislsiz darajada pasayish bilan o‘tdi. Gazprom, LUKOYL va boshqa yirik kompaniyalar yo‘qotishlarga uchradi.

Hujum boshlangach, Yevropa davlatlari va AQSH Rossiyaga qarshi bir necha bosqichli sanksiyalar joriy qildi. Rossiyaning VTB, “Rossiya” banki, “Otkritiya”, “Novikombank”, “Promsvyazbank”, “Sovkombank” va VEB.RF banklari SWIFT xalqaro banklararo tizimidan uzildi. AQSH va Yevropa Ittifoqi Rossiyaning oltin-valyuta zaxirasini blokladi.

Yevropa davlatlari, AQSH, Kanada Rossiya uchun o‘z havo hududini yopdi. Bu sanksiyalarga neytral davlat hisoblangan Shveysariya ham qo‘shildi. 


Maqola muallifi

Teglar

Baholaganlar

113

Reyting

3.1

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing