O‘zbekiston rossiyaliklarni Rossiyadan “himoya qilmoqchi”. TIV bayonot bilan chiqdi
Jamiyat
−
30 Sentabr 2022
22039O‘zbekistonga kelayotgan Rossiya fuqarolari mavjud qoidalarni buzmasa, mamlakatdan deportatsiya qilinmaydi. Bu haqda Tashqi ishlar vazirligi bayonotida so‘z boradi.
Vazirlik So‘nggi vaqtlarda fuqarolardan Ukraina atrofidagi vaziyat bo‘yicha ayrim masalalarga oydinlik kiritish maqsadida murojaatlar ko‘payganligi munosabati bilan ba’zi savollarga oydinlik kiritgan.
Qayd etilishicha, O‘zbekiston Respublikasi o‘zining tashqi siyosatini amalga oshirishda milliy manfaatlarga, asosiy tamoyillar sanaluvchi, jumladan, ochiqlik, teng huquqlilik, suverenitet, hududiy yaxlitlikni hurmat qilish, boshqa davlatlarning ichki ishlariga aralashmaslik kabi ustuvorliklarga doimo sodiqdir.
TIVning bu izohini Ukrainaning Donetsk, Lugansk, Xerson va Zaporoje viloyatlarida Rossiya tomonidan o‘tkazilgan bir tomonlama "referendum"larni tan olmaslik deya tushunish ham mumkin. Ammo vazirlik bu masalada ochiq fikr bildirmagan.
“O‘zbekiston mavjud vaziyatni xalqaro huquq normalaridan kelib chiqib siyosiy-diplomatik yo‘l bilan hal etish uchun shartlarni imkon qadar tezroq ishlab chiqish tarafdoridir”, deyiladi bayonotda.
Shuningdek, TIV O‘zbekiston Respublikasi hududiga kelayotgan Rossiya Federatsiyasi fuqarolari sonining ko‘payishiga to‘xtalib, ularning mamlakatda bo‘lish masalasi, shuningdek, ehtimoliy ekstraditsiya qilinishi O‘zbekiston qonunchiligi, ikki tomonlama va ko‘p tomonlama huquqiy hujjatlar asosida tartibga solinishini qayd etgan.
“Shu bilan birga, huquqbuzarlik sodir qilmagan xorijiy davlat fuqarolari majburiy deportatsiya qilib yuborilmaydi”, deyiladi bayonotda.
Eslatib o‘tamiz, joriy yilning 21 sentyabr kuni Rossiya Prezidenti Vladimir Putin mamlakatda qisman safarbarlik to‘g‘risidagi farmonni imzoladi. Mudofaa vaziri Sergey Shoyguning so‘zlariga ko‘ra, 300 ming kishi, birinchi navbatda, jangovar tajribaga ega va qo‘shinlar uchun zarur bo‘lgan harbiy ro‘yxatga olish ixtisosligi bo‘yicha safarbar qilinadi.
LiveBarchasi