Rossiyalik opa-ukalarning o‘ldirilishi mamlakat obro‘siga putur yetkazdi – Tailand TIV
Olam
−
03 avgust 3797 2 daqiqa
Avvalroq, Tailandda rossiyalik 22 yoshli Diana Nazimova hamda uning 17 yoshli ukasi Roman Nazimov o‘ldirib ketilgani haqida xabar berilgan edi. Tailand hukumati esa Pattayya shahrida ikki nafar Rossiya fuqarosining o‘ldirilishi mamlakatning sayyohlik yo‘nalishi sifatidagi obro‘siga salbiy ta’sir ko‘rsatganini tan oldi. Bu haqda Tailand Tashqi ishlar vaziri Sixasak Pxuangketkeu matbuot anjumanida ma’lum qildi.
Vazirning aytishicha, hodisa butun Tailand jamoatchiligi uchun og‘ir zarba bo‘lgan.
“Bu har bir taylandlik uchun shok bo‘ldi, ayniqsa jinoyat qurbonlari ikki nafar yosh inson bo‘lgani barchani larzaga soldi. Bosh vazir Anutxin Chanvirakun va men Tailanddagi Rossiya elchisi Yevgeniy Tomixinga qo‘ng‘iroq qilib, hamdardlik bildirdik. Bosh vazir shaxsan jinoyat sodir bo‘lgan joyga bordi va aybdorlarni javobgarlikka tortish bo‘yicha topshiriq berdi”, degan u.
Shuningdek, uning so‘zlariga ko‘ra, hukumat barcha xorijlik sayyohlar xavfsizligini ta’minlash uchun qo‘shimcha choralar ko‘rishni buyurgan.
“Tailand yirik sayyohlik yo‘nalishlaridan biri. Bunday jinoyatlar sodir bo‘lsa, sayyohlarning ishonchi pasayadi. Biz buni tan olishimiz kerak. Shu bois xavfsizlikni kuchaytirish va bunday hodisalar takrorlanmasligini amalda ko‘rsatishimiz zarur”, degan vazir.
Uning ta’kidlashicha, hatto eng kuchli xavfsizlik tizimlari mavjud bo‘lgan taqdirda ham jinoyatchilar zaif insonlardan foydalanishga urinadi. Shu sababli hukumat bu boradagi ishlarni yanada kuchaytirishi lozim.
Qayd etilishicha, Tailand politsiyasi joriy yilning 31 iyul kuni qotillikda gumon qilinayotgan 43 yoshli Tanu Kittxong va 39 yoshli Txongchay Sininni qo‘lga olgan.
Tergov davomida Kittxong 22 yoshli Diana Nazimova va uning 17 yoshli ukasi Roman Nazimovni o‘ldirib, jasadlarini Pattayya janubidagi o‘rmon hududiga yashirganini tan olgan.
Tergov ma’lumotlariga ko‘ra, gumonlanuvchilar rossiyaliklarni ularning mototsiklini qo‘lga kiritish maqsadida o‘ldirganini bildirgan.
Live
Barchasi