Rossiya Ukraina Milliy gvardiyasining Donbassga hujum haqidagi maxfiy buyrug‘ini e’lon qildi

Olam

image
0:00
0:00
download

Rossiya Mudofaa vazirligi Ukraina Milliy gvardiyasi qo‘mondonining joriy yilning 22 yanvarida qabul qilingan va joriy yilning mart oyida Donbassga hujum qilishni nazarda tutuvchi buyrug‘ining asl maxfiy nusxasini e’lon qildi. Bu haqda jurnalistlarga Rossiya Mudofaa vazirligi rasmiy vakili general-mayor Igor Konashenkov ma’lum qildi.

“Rossiya Mudofaa vazirligi Ukraina Milliy gvardiyasi qo‘mondoni, general-polkovnik Nikolay Balanning 2022 yil 22 yanvardagi asl maxfiy buyrug‘ini e’lon qildi. “Ukraina Qurolli Kuchlari brigadasi tarkibida qo‘shma kuchlar operatsiyasida jangovar (maxsus) vazifalarni bajarish uchun 4-tezkor brigadaning batalon-taktik guruhini tayyorlashni tashkil etish to‘g‘risida”gi buyruq. Hujjat Ukraina Milliy gvardiyasining Shimoliy Kiyev, Janubiy Odessa va G‘arbiy hududiy boshqarmalari rahbarlariga yuborilgan”, degan Konashenkov.

Generalning ta’kidlashicha, “hujjatda Ukraina Milliy gvardiyasi qo‘mondonligi topshiriqlarini bajarish uchun mas’ul mansabdor shaxslarning asl imzolari bor”.

Uning so‘zlariga ko‘ra, “Ukraina Milliy gvardiyasi qo‘mondonligiga kiritilgan buyruqda, qo‘shma kuchlarning “Donbass” operatsiyasi deb ataladigan zonada zarbdor guruhlardan birini hujum operatsiyalariga tayyorlash rejasi batafsil tasvirlangan.

“Hujjat bilan Milliy gvardiyaning 4-tezkor topshiriqlar brigadasi batalon-taktik guruhining tashkiliy va shtat tuzilmasi, uni har tomonlama qo‘llab-quvvatlashni tashkil etish va Ukrainaning 80-alohida havo hujumi brigadasiga biriktirish tasdiqlangan. 2016 yildan beri Ukraina havo-desant-hujum kuchlarining ushbu tuzilmasi amerikalik va britaniyalik instruktorlar tomonidan Lvovda NATO standartidagi o‘quv dasturlari bo‘yicha o‘qitilayotganini alohida ta’kidlamoqchiman”, deya qayd etgan Mudofaa vazirligi rasmiy vakili.

Topshirilgan vazifalar

RF Mudofaa vazirligi vakilininig aytishiga qaraganda, “buyruqqa muvofiq, Milliy gvardiya qo‘mondoni o‘rinbosari zimmasiga 2022 yil 7-28 fevral kunlari Ukraina Qurolli kuchlarining 80-alohida havo hujumi brigadasi tarkibida Milliy gvardiyaning batalon-taktik guruhining jangovar muvofiqlashtirishni tashkil etish vazifasi yuklatilgan.

“E’tiboringizni qaratmoqchiman - 4 banddan iborat beshta paragraf kadrlarni sinchiklab tanlash, barchasini psixologlar tomonidan tekshirish va ularning yuqori motivatsiyasini ta’minlash masalalariga bag‘ishlangan. Buning uchun Milliy gvardiyachilarga “vizual tashviqot, axborot va targ‘ibot materiallari, bayroqlar va matbaa mahsulotlari” bilan ta’minlash topshirilgan”, deydi Konashenkov.

Unga ko‘ra, Milliy gvardiya qo‘mondonining shaxsiy tarkib bo‘yicha o‘rinbosariga “4-tezkor brigadaning batalon-taktik guruhini ma’naviy-ruhiy jihatdan ta’minlash, komandirlarning qo‘l ostidagilar bilan ichki aloqasi, xabardor qilishning samarali tizimini tashkil etish hamda rahbariyat qarorlari va kelgusidagi vazifalarni bajarish muhimligini xodimlarga tushuntirish” topshirilgan.

“Buyruqning 12-bandida “xavfga tayyorlik” mezoni bo‘yicha psixologik testlarda “qoniqarsiz” natija ko‘rsatgan Milliy gvardiya askarlarini jangovar harakatlarni muvofiqlashtirish hududi va jangovar maxsus topshiriqlarni bajarish joyiga yuborish taqiqlanganiga alohida e’tibor qaratmoqchiman”, deya matndan iqtibos keltirdi general.

Uning ta’kidlashicha, buyruqqa ko‘ra, “Ukrainaning Donbassdagi “Qo‘shma kuchlari operatsiyasi” doirasidagi jangovar topshiriqlarning bajarilishini ta’minlash maqsadida 28 fevralgacha kuchlarni jangovar muvofiqlashtirish bo‘yicha barcha chora-tadbirlarni yakunlash buyurilgan”.

Ma’lumot uchun, Ukrainaning Donbass o‘lkasi hozirda rossiyaparast separatist kuchlar nazoratga olgan Donetsk va Lugansk viloyatlarining katta qismini o‘z ichiga oladi. Ukraina hukumati hududni rasmiy Kiyevga bo‘ysundirish uchun 2014 yildan keyin bir nechta hujumlarni amalga oshirgan. Ammo Rossiya qo‘llovidagi tan olinmagan DXR va LXR hamon yashashda davom etmoqda

Rossiya-Ukraina urushi

Joriy yilning 21 fevral kuni Rossiya Prezidenti Vladimir Putin Kremlda Ukraina sharqidagi o‘zini mustaqil deb e’lon qilgan Lugansk xalq respublikasi (LXR) va Donetsk xalq respublikasini (DXR) tan olish to‘g‘risidagi farmonni imzoladi. Keyinroq RF respublikalarni shu nomdagi viloyatlar chegaradagi tan olganini ta’kidlab, Ukrainaga qarshi urush xavfini oshirib yubordi.

Putinning favqulodda qarori ortidan AQSH, YeI, Kanada, Avstraliya, Buyuk Britaniya va Yaponiya rasmiylari ham Rossiyaga qarshi sanksiyalar kiritdi.

24 fevral kuni Rossiya Prezidenti Vladimir Putin Ukraina sharqida Donbassda rus harbiylari "maxsus harbiy operatsiya" boshlaganini e’lon qildi va rus qo‘shinlari Ukrainaga hujum boshladi. Putin bu harakatini Ukraina sharqidagi rossiyaparast separatist kuchlar rahbarlari shunday so‘rov yuborgani bilan oqladi.

Bundan avvalroq Zelenskiy Rossiya fuqarolariga rus tilida murojaat qilib, ukrainlarga “na sovuq, na issiq, na gibrid urush kerak emas”ligini, ukrainlar hujumchilarni kutib olishga tayyorligini bildirgandi. Ko‘p o‘tmay Prezident Rossiya bilan diplomatik aloqani uzdi. Prezident Zelenskiy mamlakatda harbiy holat e’lon qildi.

25 fevral kuni Zelenskiy Ukrainada umumiy harbiy safarbarlik e’lon qildi. Armiyaga chaqiruv mamlakatning qator viloyat va shaharlarida amalga oshirilishi belgilandi.

Rus qo‘shinlari hozirgacha Ukrainaga shimol, sharq va janubdan hujum qilib kelmoqda va qator hududlarni egallashga erishdi. Ammo bu urush Rossiyaning dunyoda yakkalanib qolishiga olib keldi.

Ukrainaga hujum boshlanishi Rossiya iqtisodiga og‘ir zarba berdi. Rus kompaniyalari aksiyalari keskin arzonlashdi, Moskva birjasida savdolar mislsiz darajada pasayish bilan o‘tdi. Gazprom, LUKOYL va boshqa yirik kompaniyalar yo‘qotishlarga uchradi.

Hujum boshlangach, Yevropa davlatlari va AQSH Rossiyaga qarshi bir necha bosqichli sanksiyalar joriy qildi. Rossiyaning VTB, “Rossiya” banki, “Otkritiya”, “Novikombank”, “Promsvyazbank”, “Sovkombank” va VEB.RF banklari SWIFT xalqaro banklararo tizimidan uzildi. AQSH va Yevropa Ittifoqi Rossiyaning oltin-valyuta zaxirasini blokladi.

Yevropa davlatlari, AQSH, Kanada Rossiya uchun o‘z havo hududini yopdi. Bu sanksiyalarga neytral davlat hisoblangan Shveysariya ham qo‘shildi. Urush fonida Ukrainani Yevropa Ittifoqi a’zoligiga qabul qilish jarayoni tezlashdi.


Maqola muallifi

Teglar

Rossiya-Ukraina urushi Ukrainaga bosqin

Baholaganlar

42

Reyting

3.2

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing