Zelenskiy yahudiylarni Rossiyaga qarshi qayraydigan nutq qildi
Olam
−
02 mart 2022 30913 4 daqiqa
Ukraina fuqarolari urushning dastlabki yetti kunida 30 yillik mustaqillik davridan ko‘ra ko‘proq birlashdi. Bu haqda Prezident Vladimir Zelenskiy xalqiga yo‘llagan videomurojaatida aytib o‘tdi.
“Salomatlik tilayman, birdam yurt! Men tasodifan birdam demadim. Bu dahshatli urushning yettinchi kuni boshlandi. Biz birdek his qilayotgan urush. Bu vaqt ichida 30 yildagidan ko‘ra ko‘proq birlashdik. Avvaliga biz birdek qo‘rqdik. Keyin birdek og‘riqli bo‘ldi, lekin hozir hammasi bir xil. G‘alabadan, haqiqatdan, biz erishmoqchi bo‘lgan tinchlikdan, osoyishtalikdan, biz tashvishlanayotgan xalqimiz hayotidan va Ukrainadan tashqari... Bu vaqt ichida biz haqiqatan ham bir butun bo‘ldik. Biz bir-birimizni kechirdik. Bir-birimizni yaxshi ko‘rdik. Biz bir-birimizga yordam beryapmiz. Bir-birimiz uchun qayg‘uryapmiz”, degan Ukraina Prezidenti videomurojaatida.
Prezident yana butun dunyodagi yahudiylarini Rossiyaning Babiy Yarga raketa hujumiga javob berishga chaqirdi.
“Shunday joyni raketa nishoniga aylantirish uchun kim bo‘lish kerak? Sizlar Xolokost qurbonlarini ikkinchi marta o‘ldiryapsiz. Sovet davrida Babiy Yarning haqiqiy tarixini o‘chirish uchun savdo markazi va sport klubi, yordamchi binolar hamda bog‘ qurishdi. Nega endi bombardimon qilishdi? Bu insoniylik chegarasidan chiqish. Bunday raketa zarbasi Rossiyadagi ko‘p odamlar uchun bizning Kiyevimiz butunlay begona ekanini ko‘rsatadi. Poytaxtimiz, tariximiz haqida hech narsa bilishmaydi, lekin ularga tariximiz, yurtimiz, barchamizni yo‘q qilish buyrug‘i berilgan”, degan Zelenskiy.
U dushman haddan tashqari qahrli ekanini ta’kidlagan. Tunda rus qo‘shinlari Kiyevda ukrainaliklarni bombardimon qildi, keyin Babiy Yarni raketa bilan urdi.
“Butun dunyo “boshqa hech qachon” deb va’da qilyapti. Tariximizni, jahon tarixini biladigan har qanday oddiy odam uchun Babiy Yar Kiyevning alohida qismi, Yevropaning alohida qismi, ibodat joyi, bu tepaliklarda o‘ldirilgan yuz minglab odamlar xotirasi maskanidir”, deya qo‘shimcha qilgan Prezident.
“Ukrinform” xabariga ko‘ra, Kiyevdagi teleminorani urib tushirishda foydalanilgan Rossiya raketasi Babiy Yarga kelib tushgan.
Babi Yar— Kiyevning shimoli-g‘arbiy qismida, Lukyanovka va Sirets tumanlari oralig‘idagi trakt bo‘lib, u yerda Ikkinchi Jahon urushi vaqtida tinch aholi, asosan yahudiylar, lo‘lilar, shuningdek, sovet harbiy asirlari, natsistlar tomonidan qatl etilgan.
Rossiyaning Ukrainaga bosqini
Joriy yilning 21 fevral kuni Rossiya Prezidenti Vladimir Putin Kremlda Ukraina sharqidagi o‘zini mustaqil deb e’lon qilgan Lugansk xalq respublikasi (LXR) va Donetsk xalq respublikasini (DXR) tan olish to‘g‘risidagi farmonni imzoladi. Keyinroq RF respublikalarni shu nomdagi viloyatlar chegaradagi tan olganini ta’kidlab, Ukrainaga qarshi urush xavfini oshirib yubordi.
Putinning favqulodda qarori ortidan AQSH, YeI, Kanada, Avstraliya, Buyuk Britaniya va Yaponiya rasmiylari ham Rossiyaga qarshi sanksiyalar kiritdi.
24 fevral kuni Rossiya Prezidenti Vladimir Putin Ukraina sharqida Donbassda rus harbiylari "maxsus harbiy operatsiya" boshlaganini e’lon qildi va rus qo‘shinlari Ukrainaga hujum boshladi. Putin bu harakatini Ukraina sharqidagi rossiyaparast separatist kuchlar rahbarlari shunday so‘rov yuborgani bilan oqladi.
Bundan avvalroq Zelenskiy Rossiya fuqarolariga rus tilida murojaat qilib, ukrainlarga “na sovuq, na issiq, na gibrid urush kerak emas”ligini, ukrainlar hujumchilarni kutib olishga tayyorligini bildirgandi. Ko‘p o‘tmay Prezident Rossiya bilan diplomatik aloqani uzdi. Prezident Zelenskiy mamlakatda harbiy holat e’lon qildi.
25 fevral kuni Zelenskiy Ukrainada umumiy harbiy safarbarlik e’lon qildi. Armiyaga chaqiruv mamlakatning qator viloyat va shaharlarida amalga oshirilishi belgilandi.
Rus qo‘shinlari hozirgacha Ukrainaga shimol, sharq va janubdan hujum qilib kelmoqda va qator hududlarni egallashga erishdi. Ammo bu urush Rossiyaning dunyoda yakkalanib qolishiga olib keldi.
Ukrainaga hujum boshlanishi Rossiya iqtisodiga og‘ir zarba berdi. Rus kompaniyalari aksiyalari keskin arzonlashdi, Moskva birjasida savdolar mislsiz darajada pasayish bilan o‘tdi. Gazprom, LUKOYL va boshqa yirik kompaniyalar yo‘qotishlarga uchradi.
Hujum boshlangach, Yevropa davlatlari va AQSH Rossiyaga qarshi bir necha bosqichli sanksiyalar joriy qildi. Rossiyaning VTB, “Rossiya” banki, “Otkritiya”, “Novikombank”, “Promsvyazbank”, “Sovkombank” va VEB.RF banklari SWIFT xalqaro banklararo tizimidan uzildi. AQSH va Yevropa Ittifoqi Rossiyaning oltin-valyuta zaxirasini blokladi.
Yevropa davlatlari, AQSH va Kanada Rossiya uchun o‘z havo hududini yopdi. Bu sanksiyalarga neytral davlat hisoblangan Shveysariya ham qo‘shildi. Urush fonida Ukrainani Yevropa Ittifoqi a’zoligiga qabul qilish jarayoni tezlashdi.
Live
Barchasi